Samarqandda IShIDga aloqadorlikda hukm

ISHID

Samarqand viloyat mahkamasi besh mahalliy fuqaroni "Islomiy davlat" jangari guruhiga aloqadorlikda ayblab, 10 yildan 13 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum etgan.

Matbuot xizmati xabarida aytilishicha, sudlanganlar Rossiyada qo'lga olinib, O'zbekistonga topshirilganlar.

Podrobno.uz saytiga ko'ra, Suriyaga odam yuborishda ayblangan 23 yoshli samarqandlik Abdusattorov qalbaki hujjatlar tayyorlagan va odamlarni Moskva-Sochi-Istanbul-Suriyaga yo'naltirgan.

Xabarda Abdusattorov Suriyaga jo'natgan deb aytilgan shaxslar Rossiyada qo'lga olingani va O'zbekistonga deportatsiya qilingani keltiriladi.

O'zbekiston Xavfsizlik xizmatlarining kuzatuvi davomida bir ayol doxil uch samarqandlik Sochi aeroportida ushlangani aytiladi.

Ular Sochidan Turkiyaga so'ngra Suriya va Iroqqa o'tmoqchi bo'lganlar.

Shuningdek, mahkama jarayonida ilgari sudlangan 55 yoshli Bekchitaev sharifli shaxs Samarqandda islom asoslarini o'rgatish niqobi ostida jihodchilarni tayyorlagani aniqlanibdi.

Mahkamaga binoan, Bekchitaev Samarqanddagi uyda diniy va ID saflarida jang qilayotganlar to'g'risidagi video lavhalarni ko'rishni tashkil qilgan.

O'zbekiston milliy xavfsizlik xizmati xodimlari kuzatuvlar orqasida radikal qarashdagi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo'yganlari bildirilgan.

Ichki ishlarning tezkor qidiruv xodimlari ulardan ko'p sondagi diniy adabiyotlar, kompyuter va elektron vositalarni musodara qilganlari aytilgan.

Rossiya hukumati ilgari bergan xabariga ko'ra, Suriyadagi jangarilar safida minglab markaziy osiyolik fuqarolar bor. Ularning orasida qariyb mingdan ortig'i o'zbekistonliklar ekani aytilgan.

Biroq huquq faollari diniy, radikal, terroristik guruhlarga aloqadorlik bilan o'nlab begunoh insonlar qo'lga olingani, uzoq yillarga qamab yuborilganini ta'kidlaydilar.

Ularning ko'pchiligi faqat namoz o'qigani uchun gumon ostiga olingan, ba'zilari namozxon ham emasliklari keltirilgan inson haqlari faollarining deportatsiyaga tushgan mehnat muhojirlari himoyasi uchun Ovro'po mahkamasiga taqdim etgan hujjatlarida.

Rossiya Ichki Ishlar vazirligi vakili o'z navbatida IShID va boshqa jangari guruhlarga borib qo'shiladigan markaziy osiyoliklar ichida Rossiyada ishlashga kelib, odam yollovchilarning yolg'on va'dalariga uchgan nochor mehnat muhojirlari ekanini qayd etgan.

O'zbekiston rasmiylariga ko'ra, mamlakatga xorijdan estremistik mazmundagi adabiyotlarni olib kirishga urinish hollari ko'paygan.

IShID tahdidi bois O'zbekistonda hibsga olishlar va xavfsizlik choralari kuchaytirilgani to'g'risida xabarlar chiqib turadi.

2015 yili poytaxt Toshkent va boshqa shaharlardagi amaliyotlar chog'ida 100 dan ortiq kishining IShIDga aloqadorlikda gumon qilinib hibsga olingani xabar qilingan.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Prezident Karimov hukumatini diniy ekstremizm tahdididan siyosiy repressiyalarni oqlash yo'lida foydalanishda ayblab keladilar.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook- BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio