Xitoy halol go'shtni subsidiya qilmoqda

matteocolombo.com Image copyright Matteo Colombo
Image caption Subsidiya berish go'sht narxlari ko'tarilganidan so'ng boshlangan

Xitoy matbuotining yozishicha, mamlakatning qator mintaqalarida mahalliy hukumatlar kam ta'minlangan musulmon oilalarining halol go'sht sotib olishlari uchun yordam pullari ajratgan.

Subsidiya olayotganlar orasida etnik o'zbek oilalari ham bor.

Xitoyning etnik masalalar bo'yicha davlat komissiyasi web sahifasida chop etilgan ma'lumotga ko'ra, halol go'shtni subsidiya qilish ilk bor 2012 yilda Xitoyning markaziy Xubey viloyatida yo'lga qo'yilgan.

Bunga go'sht narxlarining oshib ketishi sabab bo'lgan.

Shundan so'ng Xitoyning qator viloyatlari ayni siyosatni qabul qilgan.

Bir oylik subsidiyaning miqdori jon boshiga 10 bilan 20 yuan atrofida yoki o'rtacha 1.50 dollarni tashkil etadi.

Subsidiya halol go'sht yeydigan dungan, uyg'ur, qozoq, o'zbek va tojik oilalariga beriladi.

Diniymi yo iqtisodiy?

Xitoyning ingliz tilida chop etiladigan Global Times nashriga ko'ra, 2016 yilning birinchi yarmida Xitoy shimoli-g'arbidagi Gansu viloyati markazi bo'lgan Lanchjouda ja'mi 9,501 musulmon oilalari jon boshiga 20 yuandan halol go'sht uchun subsidiya olgan.

Nashrning Gansu viloyat diniy ishlar qo'mitasi iqtisod bo'limi boshlig'i Kou Tsizundan iqtibos keltirishicha, bu siyosat go'sht narxlarining ko'tarilishi ortidan qashshoqlik oqibatlarini yengillashtirish maqsadida qabul qilingan.

Musulmonlarning ko'pchiligi aholisi qashshoq qishloq hududlarida yashaydilar.

Ayni paytda ushbu qaror Xitoyda davlat diniy urf-odatlarni subsidiya qilishi kerakmi, degan bahsu munozaralarga ham sabab bo'lmoqda.

Din ishlari mulozimining urg'ulashicha, musulmon bo'lmagan aholi vakillari halol go'shtning subsidiya qilinishidan shikoyat qilmagan.

Ammo ayrim jamoatchilik vakillari subsidiya faqat halol oziq-ovqat iste'mol qiladigan qatlam bilan cheklanib qolishi kerak emasligini aytishgan.

Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasi eksperti Xi Vuyining Global Times ga aytishicha, bu kabi tajriba musulmonlarning diniy o'zliklarini kuchaytirishi va nomusulmonlar bilan o'rtalarida jarlik paydo bo'lishiga olib kelishi mumkin.

Maxsus qonun

Oxirgi bir necha yil davomida Xitoy halol oziq-ovqat borasida maxsus qonun qabul qilish masalasini muhokama qilib keladi.

Ko'pgina rasmiylar shunday qonunga ehtiyoj borligi, bu milliy birdamlik va ijtimoiy barqarorlikka xizmat qilishini aytishadi.

Ammo tanqidchilarga ko'ra, bu dunyoviy hukumatning diniy masalalar ustidan hukm chiqarishi kabi ziddiyatli tajribaga yo'l ochishi mumkin.

Inson haqlari tashkilotlari Xitoyni eng yirik musulmon aholisi bo'lgan uyg'urlarning haq-huquqlarini cheklashda ayblab keladilar.

So'nggi yillarda Ramazon oylarida uyg'urlarning ro'za tutishlarini cheklashga urinishlar kuzatilgan.

Ammo Xitoy diniy va etnik ozchiliklarning haqlari poymol etilayotganini rad etadi va diniy ekstremizm hamda terrorizmga qarshi kurashayotganini aytib keladi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring