Рио 2016: Илк олтин учун жанг
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rio 2016: O'zbekiston hisobida ilk oltin

Hozirgina poyoniga yetgan final uchrashuvi ortidan, o'zbekistonlik bokschi Hasanboy Do'stmatov Rio Olimpiadasi chempioni bo'ldi.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi ilk oltin medalini keltirdi.

Hasanboy Do'stmatov -49 kg vazn toifasida O'yinlarning final jangida kolumbiyalik bokschi Yuberxen Martinez Rivasni mutlaq ustunlik bilan, ochkolar hisobiga mag'lub etdi.

Hasanboy Do'stmatov Muhammadqodir Abdullaevdan keyin O'zbekiston tarixidagi ikkinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari chempioniga aylandi.

Muhammadqodir Abdullaev 2000 yilgi Sidney Yozgi Olimpiada O'yinlarining oltin medali sovrindori sanaladi.

Ya'ni, o'tgan 16 yil badalida biror bir o'zbekistonlik bokschiga Yozgi Olimpiada O'yinlarining final bosqichiga ko'tarilish nasib etmagandi.

Eslatib o'tish joiz, Hasanboy Do'stmatov Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining final bosqichiga chiqqan hozircha birinchi o'zbekistonlik bokschi bo'ladi.

Final jangi arafasida

Image copyright AFP

Boks bo'yicha O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi sobiq murabbiysi Uyg'un Siddiqovning Toshkentdan BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, shu soatlarda hamma Hasanboy Do'stmatov ishtirokidagi bu final jangini intizorlik bilan kutmoqda.

"Hasanboyning imkoniyatlari juda katta bugun. Boks muxlislari, hammamiz uning jangini hozir judayam xursandchilik bilan kutib turibmiz. Chunki o'tgan 16 yil davomida Olimpiadada hali final ishtirokchisi bo'lmagan. Bugun mana shu kun keldi. Hasanboy Do'stmatovga omad yor bo'lishini tilaymiz. Shuncha janglaridan a'lo baholarda o'tib keldi. Bugun ham g'alaba qozonadi, degan umiddaman", - deydi Toshkentdan Uyg'un aka Siddiqov.

Ta'kidlash joiz, O'zbekistonni Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida rekord sonda: 11 nafar bokschisi barcha vazn toifasida namoyon etmoqda.

Shu paytgacha ulardan yetti nafari O'yinlarning chorak finaliga chiqishga muvaffaq bo'lgan.

Yetti nafar chorak finalchisidan uch nafari yarim finalga yo'llanma olgan.

Ulardan Hasanboy Do'stmatov final jangini o'tkazish huquqini qo'lga kiritgan, Rustam To'laganov bronza medali bilan kifoyalanishga majbur bo'lgan va Shahram G'iyosov Olimpiada chempionligi uchun kurashish imkoniyatini saqlab turibdi.

Image copyright AP

Ta'kidlash joiz, orada kechgan vaqt davomida O'zbekistonning faqat uch nafar bokschisi O'yinlardagi ishtiroklariga sovrinli o'rinlarsiz yakun yasashgan, xolos.

Ya'ni, qolgan yetti nafar bokschisida hali Rio Olimpiadasining medallarini qo'lga kiritish imkoniyati bor.

O'zbekiston Yozgi Olimpiada O'yinlaridagi eng ko'p medallarini kurash qatorida aynan boks sport turida qo'lga kiritgan.

O'tgan olti O'yinlarda bokschilari ja'mi 7 ta medal olishgan.

Shundan bittasi oltin va oltitasi bronza medallari bo'ladi.

Yakunida ta'kidlash joiz, Shahram G'iyosov ham boks bo'yicha O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi ilk kumush va yoki yana bitta oltin medali keltirish imkoniyatini saqlab turibdi.

O'yinlarning to'qqizinchi kuniga kelib O'zbekiston hisobidagi medallarning soni to'rttaga yetdi.

Hisobida 3 ta bronza medali bo'lgan O'zbekiston Hasanboy Do'stmatovning oltin medali bilan medallar jadvalida 54-o'rindan 19 pog'ona yuqoriga sakradi va 35-o'ringa ko'tarildi.

Agar, O'yinlar arafasida sportga ixtisoslashgan qator internet nashrlari tarqatgan xabarlarga tayanilsa, o'zbekistonlik g'olib olimpiyachi oltin medali uchun $200 ming, kumush medali uchun $100 ming va bronza medali uchun $70 ming AQSh dollari miqdoridagi mukofot puliga umid qila oladi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio