"Ovro'po Ittifoqi Turkiyani tahqirlayapti"

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho'g'li Image copyright AP

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho'g'li Ovro'po Ittifoqini Turkiyani kamsitayotganlikda aybladi.

Janob Chavusho'g'li Olmoniyada nashr etiladigan Bild ro'znomasiga bergan intervyusida bundan roppa-rosa 1 oy oldin yuz bergan davlat to'ntarishiga urinish oqibatida Turkiya xalqi jarohatlandi deb aytgan.

"Turkiya xalqi jarohatlangan. Turkiyaga yordam berish o'rniga Ovro'po mamlakatlari bizni tahqirlayapti", deb aytgan Mavlud Chavusho'g'li.

Tashqi ishlar vaziri so'zlariga ko'ra, Turkiya Ovro'po Ittifoqiga a'zo bo'lish kirish uchun talab qilinadigan shartlarga mos bo'lish uchun ulkan ishlarni amalga oshirgan.

"Men o'zimga-o'zim savol beraman: biz qanaqa jinoyat sodir etdik? Bu qadar dushmanlik nimadan?", deb aytgan janob Chavusho'g'li.

Turkiya tashqi ishlar vaziri aytishicha, mamlakatining fuqarolari uchun vizasiz tartibni Ovro'po Ittifoqi shu yil oktyabrigacha joriy etmog'i lozim.

Aks holda Turkiya OI bilan muhojirlar borasida imzolagan kelishuvidan voz kechadi.

Yaqin Sharq, xususan, Iroq va Suriyadagi vaziyat bois ko'p sondagi qochqinlar Turkiyaga, Turkiyadan so'ng Ovro'po mamlakatlariga yo'l oldilar.

Muhojirlar inqirozi Ovro'po Ittifoqini Turkiya bilan shartnoma imzolashga undadi.

Kelishuvga binoan shu yil martidan Yunoniston orollariga etib olgan muhojirlar Turkiyaga yuboriladi.

Buning evaziga Ovro'po Ittifoqi Turkiyaga moliyaviy yordam ko'rsatish va Turkiya fuqarolari uchun OI mamlakatlariga vizasiz safar qilish ruxsatini berish va'da qilingan.

Turkiya bilan Ovro'po Ittifoqi munosabatlari shu yil 15 iyulidan 16 iyuliga o'tar kechasidagi davlat to'ntarishiga urinishdan keyin sovuqlashdi.

Turkiya rasmiylariga ko'ra, AQShda istiqomat qiladigan din peshvosi Fathulloh Gulen davlat to'ntarishiga urinish ortida turgan.

Fathulloh Gulen Turkiya hukumati o'ziga qarshi ilgari surayotgan ayblovlarni rad etadi.

O'sha tundagi hodisalarda 270 dan ortiq inson halok bo'lgan.

Putch urinishi ortidan Turkiyada 23000 kishi hibsda, o'n minglab kishilar ishlaridan bo'shatilganlar.

Ovro'po Ittifoqi Turkiya hukumatining putch urinishini bostirish amallarini qoralab chiqdi.

Ovro'polik siyosatchilar fikricha, Turkiya jamiyatidagi so'nggi amallar viza tartibini bekor qilish talablariga javob bermaydi.

Ikki hafta oldin Prezident Erdo'g'on G'arbni davlat to'ntarishini dastaklaganlikda ayblab chiqdi.

"Afsuski, G'arb terrorchi va fitnachilarni qo'llab-quvvatlaydi. Do'st bo'lib kelganlar isyonchilar va terrorchilarning ortida turibdi", deb aytgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring