Toshkent viloyatiga yangi hokim tayinlandi

Islomjon Ergashxo'jaev Image copyright Toshvil.uz
Image caption Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, Islomjon Ergashxo'jaev uzoq yillar prokuratura tizimida ishlagan

Prezident Islom Karimov 46 yoshli Islomjon Ergashxo'jaevni Toshkent viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlagan.

Rasmiy xabarda aytilishicha, bu haqdagi farmon 12 avgust kuni imzolangan.

Bir vaqtning o'zida Prezident Toshkent viloyat hokimi vazifasini bajarib kelgan Sodiq Abdullaevni Yangiyo'l tuman hokimi etib tayinlagan.

Yangi viloyat hokimining viloyat deputatlari tomonidan tasdiqlanib-tasdiqlanmagani hozircha ma'lum emas.

Prezident Karimovning viloyat sessiyasida ishtirok etgani haqida xabar qilinmagan.

Ammo xabarlarga ko'ra, Ergashxo'jaevning o'tmishdoshi va hozirda Yangiyo'l hokimi etib tayinlangan Sodiq Abdullaevni Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning shaxsan o'zi taqdim etgan.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, 46 yoshli Islomjon Ergashxo'jaev Toshkent davlat yuridik institutini tamomlagan va uzoq yillar prokuratura tizimida ishlagan.

U so'nggi yillarda Toshkent viloyati rahbarligiga tayinlangan ikkinchi kuch tizimlari vakilidir.

Shu yil fevralida Prezident Karimov militsiya generali bo'lgan sobiq hokim Ahmad Usmonovni xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgani uchun lavozimidan bo'shatgandi.

Prezident Usmonovni "kadrlar tanlashda jiddiy xatolarga yo'l qo'ygani" uchun tanqid qilgan.

Oradan ko'p o'tmay, Ahmad Usmonovning general rutbasidan mosuvo qilinib, hibsga olingani xabar qilingan.

Uning ustidan kechgan mahkama tafsilotlari ma'lum emas.

Oxirgi yillarda qaror topgan tajribaga muvofiq, viloyatlarga hokimlar birdan tasdiqlanmaydi, ular avvaliga "hokim vazifasini bajaruvchi" etib tayinlanadi.

Mutaxassislarga ko'ra, bu korruptsiya avj olgan O'zbekistondagi boshqaruv tizimida mansabdorlarni nazorat qilish va boshqaruv samarasini oshirishning o'ziga xos yo'lidir.

Ammo tahlilchilar bundan korruptsiya darajasi kamayib qolmaganini aytishadi.

So'nggi yillarda mahalliy hukumatlarga ko'proq kuch tizimlaridan chiqqan rahbarlar tayinlanmoqda.

Bungacha asosan, qishloq xo'jaligida ishlab kelgan mutaxassislar tayinlangan, bu esa asli kasbi qishloq xo'jaligi muhandisi bo'lgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoevning kadrlar siyosatidagi mavqeyi bilan izohlangan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring