"O'g'irlangan mulkdan tashqari har qanday xususiy mulk daxlsiz bo'lishi shart!"

Toshkentdagi elita kvartiralari

Avgust oyi boshida O'zbekiston hukumati mamlakatdagi har bir inshoot yoppasiga kadastr tizimiga qaytadan kiritilishi borasida qaror qabul qildi.

Yangi qarorga muvofiq, 2016- va 2017- yillar mobaynida, jumladan, xususiy mulk inshootlari ham xatlovga tushishi ko'zlanmoqda.

O'zbekiston konstitutsiyasiga muvofiq xususiy mulk himoyasi kafolatlanadi.

Shu bilan bir vaqtda, turli internet axborot vositalarida yangragan xabarlarga ko'ra, Toshkent viloyatining Chorvoq suv ombori bo'yida yillarki faoliyat yuritib kelgan istirohat majmuasi buzib tashlanmoqda.

BBC uy-joylar buzilishi masalalarini yoritib keladigan toshkentlik jurnalist Aleksey Volosevichga bog'landi.

Aleksey Volosevich: Eshitishimcha, ushbu majmuaning sohibiga bir necha yil davomida mahalliy hokimiyat amaldorlari turli vajlarni ro'kach qilib mulkini ro'yxatdan o'tkazishga ruxsat bermagan. Egasi menga tanish bo'lgan jurnalistga o'zi gapirib bergan. Uning aytishicha, o'n yoki o'ndan ortiq yillar mobaynida mulozimlar hujjatlarni imzolashdan bosh tortib kelganlar, u esa hech narsa qilolmagan. Shu bilan birga, unga ishlash uchun xalaqit ham berishmagan. Shuningdek, bir kun emas bir kun, hokimiyatdagi rasmiylar "nima sababdan hujjatlaringiz joyida emas" va bu tartibga xilof deya majmuani buzishni boshlaganlar. Tanishim, u yerga borib, "Bochka" majmuasi egasi bilan suhbatlashib qaytgan.

BBC: O'zbekiston holatida siz ro'yxatdan o'tmagan va noqonuniy deb hisoblangan imoratlar va ham qonuniy uy-joylarning buzib tashlash hollariga guvoh bo'lgansiz, tajribangizdan kelib chiqib, qaysi jihatlarga urg'u bergan bo'lardingiz?

A.V.: Turlicha bo'ladi. Noqonuniy deb hisoblangan imoratlarda yillar davomida oilalar yashab keladilar. Boshqa tomondan, aholining uy-joylari mutlaq qonuniy bo'lganiga qaramay, baribir buzilib tashlanmoqda. Chunki, ularni buzib tashlayotgan tashkilotlar hukumat tomonidan to'la qo'llab-quvvatlanadi, ularning harakatlarini militsiya dastaklaydi va yordam beradi. Masalan, bir necha yil oldin Toshkentning Hamid Olimjon metrosi atrofida past-baland uy-hovlilarni e'lon qilmasdan buzishga qaror qilishdi. Ushbu uylar, bitta hovlida ellikta odam propisakadan o'tgan eski shahardagi hovlilar kabi bo'lmagan. U yerda GABUS nomli qurilish shirkati hashamatli ko'p qavatli binolarni qurish uchun katta ko'cha bo'ylab turgan qator hovli-joylarni buzishga bel bog'lagan. Ya'ni, "chiroyli manzarani" yaratish maqsadida. Xullas, elita uylarining qurilishi hamon bitmagan, qurilgan ba'zi yangi uylarga odam kirgani yo'q, odamlar esa tovon puli talab qilib, hanuzgacha shikoyat qilib yurishibdi.

BBC: Biroq davlat konstitutsiyasida va boshqa yuqori minbarlardan xususiy mulk kafolatlanadi deb aytiladi. Shunday emasmi?

A.V.: Gap shundaki, odamlar o'z haq-huquqlarini himoya qilishdan qo'rqadilar. Buzish uchun kelgan mardikorlar "biz hozir uyingizni buzib tashlaymiz, sizlar ketaqolinglar", deb gapira boshlashlari bilan hech kim konstitutsiyada kafolatlangan huquqini muhofaza qilishga urinmaydi ham. Biladiki, agar ish sudgacha borsa ham, sud uning shikoyat arizasini yo qabul qilmaydi, yo-da oylarga cho'zilib ketishi mumkin. Ishchilar esa kutib o'tirishmaydi, militsiya himoyasida darrov buzishga kirishadidar. Agar uy egasi ishchilar yoki militsiya xodimlariga qandaydir qarshilik ko'rsatmoqchi bo'lsa, uni hokimiyatga qarshilik ko'rsatdi deya hibsga olib, besh yilga qamab qo'yishlari ham mumkin. Rasmiylarning, bu kishi o'zining shaxsiy mulkini himoya qilayotgani bilan ishlari ham yo'q.

BBC: Elita uylarning qurilishi haqida aytingiz. Bu yangi imoratlarni qurish Toshkentni obod qilish bilan bog'liq rejalariga muvofiq bo'layotgandir?

A.V.: Bu kabi elita uylarni qurish jarayoni xuddi epidemiya singari butun Toshkentni egallab olgan. Aholiga bu uylar kerak emas, nazarimda, ularni qurish uchun bir dasturilamal yo'lga qo'yilgan. Ularni shoh yo'llar bo'ylab qurishmoqda, ular "ko'z-ko'z", ya'ni "vitrina"ning bir turi. Aynan ushbu maqsadni amalga oshirish uchun, yo'l bo'ylab turgan bir qavatli imoratlar buzib tashlanmoqda.

BBC: Nima sababdan bu elita domlari xech kimga kerak emas deb o'ylaysiz? Ularni qurib, shaxarning uy-joy muammosini hal qilish mumkindir?

A.V.: Toshkentda propiska yo'q, toshkentliklar esa o'z uy-joyi bilan allaqachon ta'minlanganlar. Ularga uy kerak bo'lsa, ikkilamchi ko'chmas mulk bozorida o'zlariga kvartira yoki eski hovli sotib olishadi. Chunki yangi imoratdagi bitta elita kvartiraning narxiga ular ikkita hovli yoki ikki-uchta xonadon sotib olishlari mumikn. Elita kvartiralarini viloyatlardan kelgan odamlar sotib olishlari mumkin, ularning orasida badavlat va puldor odamlar ham bor. Biroq, butun muammo - propiska yo'qligida! Propiska bo'lmagani uchun, bu uylar bo'm-bush turibdi. Kechqurunlari o'sha ko'chalardan mashinada o'tayotganingizda, bir-ikki kvartiradan tashqari birontasida chiroq yonganini ko'rmaysiz. Ularning qurilishiga qaysi fondlardan mablag' ajratilgani ham noma'lum. Bunday imoratlar o'nlab emas - balki yuzlab deyish mumkin.

BBC: Mana yaqinda Jahon banki bilan hamkorlikda yo'lga qo'yilgan loyiha doirasida O'zbekiston hukumati kadastr ro'yxatiga ko'chmas mulkni qaytadan kiritish, ya'ni xatlovga tushirish borasida qaror qabul qildi. Ehtimol, shu yo'l orqali, butun uy-joylarni tartibga solish imkoniyati paydo bo'lar?

A.V.: Men bunga shubha bilan qarayman. Chunki bitta qaror bilan muammolarning to'plamini hal etib bo'lmaydi. Agar mamlakatda qonunlarga demonstrativ tarzda rioya qilinmas ekan, boshqa qo'shimcha ahd bilan vaziyatni tuzatib bo'lmaydi. Balki Jahon banki tashabbusi bilan qilinayotgani, ehtimol ba'zi ish joylarini paydo qilayotgandir. Biroq o'tmishda, misol uchun, "Tezikovka" degan joyda aholining turar joylari kadastr tizimiga kiritilgan bo'lishi mumkin. Ularni 2010-2011 yillarda o'ng kelgan joyga ko'chirishdi va ko'p uy egalari belgilangan kompensatsiyani ham ololmadi. 2014 yili yangi "Minor" masjidi qurilganida, u yerda asr bo'ylab istiqomat qilgan odamlarga tovon puli berilmagan hollari bo'ldi. Misol uchun, bir hovlida ikki oila turgan, va ularga kamida yo ikki xovli ajratish kerak edi, yoki ikkita kvartira berilishi kerak edi. Shunday holatlar bo'ldiki, ikki oilani shahar chekkasidagi kichik bir kvartiraga tikishtirib qo'yishdi. Albatta, odamlar bundan norozi bo'ladi. Ya'ni, odamlarni qo'rqitib, yoki har qanday yo'llar orqali, ularning uyi noqonuniy bo'lganini ro'kach qilib, aldashga urinadilar. O'g'irlangan va noqonuniy yo'l orqali orttirilgan mulkdan tashqari har qanday xususiy mulk daxlsiz bo'lishi shart. Mulk yo'q ekan, mablag' qo'yish imkoni ham yo'qoladi. Xususiy mulk daxlsizligi joriy etilmas ekan, sarmoya qo'yish imkoni ham mavjud bo'lmaydi.

O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring