Rossiya sportchilari dopingi bo'yicha manba hayotidan xavotirda

Yuliya Stepanova Image copyright AP
Image caption "Agar biz bilan nimadir sodir bo'lsa, bilingki, bu baxtsiz tasodif emas", deya qayd etgan rossiyalik sportchi

Dopingga qarshi butunjahon agentligi manbasi, rossiyalik yuguruvchi Yuliya Stepanova dopingga qarshi tizimdagi o'zining manzili to'g'risida ma'lumotlar bo'lgan raqami xakerlik hujumiga uchragach, eri bilan o'zi hayotidan xavotirlanayotganini aytgan.

30 yoshli Stepanova Rossiya sportidagi doping maxinatsiyalarini oshkor qilishga yordam berganidan so'ng oilasi bilan AQShga qochishga majbur bo'lgandi.

Shanba kuni VADA (Dopingga qarshi butunjahon agentligi) ADAMS tizimidagi Stepanova o'zining qaerda ekanligini xabardor qilishi lozim bo'lgan raqami buzib kirilganini ma'lum qildi.

"Kimdir ADAMS sistemasidagi hisobimizni buzib kirganining yagona sababi bizning manzilimizga aniqlik kiritishga urinishdir. Biz turar joyimizni o'zgartirish xavfsizroq bo'ladi, degan qarorga keldik", deb aytgan Stepanova.

"Agar biz bilan nimadir sodir bo'lsa, bilingki, bu baxtsiz tasodif emas", deya qayd etgan rossiyalik sportchi.

U bundan oldin ham hayotiga tahdid borligini aytgandi. Rossiya dopingga qarshi agentlikning ikki mulozimi ikki hafta orasida sirli ravishda vafot etganlari orqasidan shunday xavotirni bildirgan.

Yuliya Stepanovaning eri RUSADAning sobiq xodimi Vitaliy Stepanov ham shu fikrni tasdiqlagan.

Er-xotin Stepanovlar rossiyalik yengil atletikachilarning doping qo'llashlari hamda Sochidagi Olimpiya o'yinlarida ommaviy doping ishlatilganining sxemasi to'g'risida xabar bergan asosiy manba'lar hisoblanishadi.

Olmoniyaning ARD telekanali va Amerikaning CBS kanali namoyish etgan filmlarning asosida aynan bu ikki rossiyalikning intervyusi turgan.

Buning orqasidan VADA tekshiruvlari boshlangan.

2013 yilda hali familiyasi Rusanova bo'lgan Yuliya Stepanovaning o'zi ham dopingni qo'llaganlikda ayblanib diskvalifikatsiyaga tushgandi. Shunga binoan MOQ uni Olimpiadada qatnashishini taqiqlagan.

Yuliya Stepanovaning o'zi va erining hayotiga tahdid borligidan xavotiri xabar qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklarning bahsu munozaralariga sabab bo'lgan.

Aksariyat rossiyaliklar er-xotinni "vatan xoini" sifatida qoralaganlar va ular bundan yomon munosabatga loyiq ekanligi aytganlar.

Kam sonli internet foydalanuvchilar ularni yoqlab, sportda ko'zbo'yamachilik qachondir oshkor bo'lishi kerakligini, bu Stepanovlar zimmasiga tushganini bildirganlar.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring