"Тўйимга ароқ қўймаганим учун диний экстремист бўлдим"
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

"To'yimga aroq qo'ymaganim uchun diniy ekstremist bo'ldim"

O'zbekistonda diniy ekstremizmda ayblanib, qidiruvga berilgan samarqandlik Alisher Jalilov Rossiyada huquqiy himoya izlayotganini aytadi.

O'zining so'zlariga ko'ra, 32 yoshli Alisher Jalilov besh yil muqaddam Samarqandga uylanish uchun borgan payt "to'yiga aroq qo'ymagani bois" huquq tartibot idoralarining nazariga tushgan.

"Namoz o'qirdim. Bir-ikki masjidga borgan paytim kuzatishgan. Meni chaqirib, uchyotga olishdi. Rossiyaga ketsang, bizga xabar ber, deyishdi. Ammo men xabar bermasdan chiqib keldim. Shundan so'ng 2012 yilda qidiruv e'lon qilib, rasmlarimni hamma joyga osib qo'yishgan", - deydi BBC bilan suhbatda hozirda Sankt-Peterburgda yashab, ishlayotganini aytgan mehnat muhojiri.

U O'zbekistonga qaytgani taqdirda hibsga olinishi va qiynoqqa tutilishidan xavotirda.

Alisher Jalilovning aytishicha, Samarqand militsiyasi u bilan Rossiyada tanishgan hamyurtlarini o'ziga qarshi ko'rsatma berishga majburlagan.

Huquq faollariga ko'ra, Rossiyadan qaytgan mehnat muhojirlarini diniy ekstremizm ayblari bilan qamash hollari ko'paygan.

Toshkentlik huquq faoli Surat Ikromovning so'zlariga ko'ra, shu kunlarda avvalroq Rossiyadan deportatsiya qilingan samarqandlik mehnat muhojiri ustidan mahkama boshlanishi kutilmoqda.

"Ayblov xulosasini o'qidim. Rossiyadan qaytganlarning ko'rsatmasi asosida ushlab, deportatsiya qilingan. Bunaqalar hozir juda ko'p. Sudlar bir kun ham to'xtagani yo'q", - deydi huquq faoli.

Uning aytishicha, Rossiyadagi mehnat muhojirlari orasida radikallashish hollari mavjud, ammo o'zbek huquq-tartibot idoralari qidiruvga berayotganlarning ko'pchiligi yo oddiy namozxonlar yoki muqaddam diniy ekstremizmda ayblanib, qamalgan va ozodlikka chiqqach, ro'zg'or tebratish uchun Rossiyaga ishlagani ketgan o'zbeklardir.

Rossiyalik faollar o'tmishda diniy ekstremizmda ayblangan o'zbekistonliklarning noqonuniy hibsga olinib, deportatsiya qilinishi bilan bog'liq o'nlab holatlar haqida xabar tarqatishgan.

Ular shuningdek, Rossiya maxsus xizmatlarini o'zbek muhojirlarining o'g'irlab ketilishiga aloqadorlikda ayblaganlar.

Alisher Jalilov bilan suhbatni tinglang:

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring