Avstraliya Manus orolidagi qochqinlar jamlog'ini yopmoqchi

Manus oroli Image copyright AFP

Avstraliya va Papua Yangi Gvineya rasmiylari Manus orolidagi boshpana izlovchilarni tutib turish jamlog'ini yopishga kelishganlar.

Papua Yangi Gvineya davlatiga qarashli Manus orolida qochqinlar uchun jamloq Avstraliya hukumati tashabbusi bilan tashkil etilgan.

Avstraliya shu yo'l bilan bu mamlakatga yetib olmoqchi bo'lgan qochqinlarning yo'lini to'sishni maqsad qilgan.

Kemalarda Avstraliya sohiliga yetib olmoqchi bo'lgan qochqinlar chegarachilar tomonidan ushlanib Manusga yuborilgan.

Manus orolidagi jamloq aynan qachon yopilishi muddati e'lon qilingani yo'q.

U yerda saqlanayotgan 800 boshpana izlovchining taqdiri noma'lum qolmoqda.

Manus jamlog'ini Birlashgan Millatlar tashkiloti va inson haqlari guruhlari tanqid qilganlar.

Jamloqda qochqinlar, jumladan bolalar ham tahqirlanishi, buning oqibatida ayrimlar o'zini-o'zi jarohatlashgacha borib etgani ma'lum bo'lgan.

Bir necha kun oldin ro'znomalarda Nauru qochqinlar jamlog'idagi vaziyatga oid ma'lumotlar e'lon etildi.

Sizib chiqqan ma'lumotlarga ko'ra, so'nggi 2 yil mobaynida Nauruda jinsiy tahqirlash va boshqa turdagi xo'rlashning 2000 dan ortiq holati qayd etilgan.

Papua Yangi Gvineya Bosh vaziri Piter O Nil jamloq yopilishi bilan bog'liq bir necha variantlari ko'rib chiqilishini aytgan o'z bayonotida.

Xabarlarga ko'ra, agar jamloq yopiladigan bo'lsa, u yerda saqlanayotgan qochqinlar Papua Yangi Gvineyada joylashtirilishi mumkin, degan ovozalar mahalliy aholining noroziligiga sabab bo'lgan va ular qochqinlarga hujum qilgani holatlari yuz bergan.

Avstraliyaga yetib olmoqchi bo'lgan ko'plab eronlik va afg'onistonlik qochqinlar Manus jamlog'ida saqlanganlar.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring