Turkmaniston biqinida "IShID hokimi" qo'lga olindi

IShID

Bunday bayonot bilan qo'shni Afg'oniston Mudofaa vazirligi chiqqan.

Vazirlikning rasman bildirishicha, hibs Turkmanistonga bevosita chegaradosh shimoliy Jauzjon viloyatida amalga oshirilgan.

Yarador holda qo'lga olingan Mavlaviy Boz Muhammad IShIDning Jauzjon viloyatiga mas'ul hokimi bo'lgan.

Ayon bo'lishicha, millati o'zbek bo'lgan bu shaxs Jauzjon viloyatiga IShIDning Afg'onistondagi "islomiy viloyati" - sharqiy Nangarhordan kelgan.

Shu yaqin haftalarda Markaziy Osiyoning boshqa bir davlati - Tojikistonga bevosita chegaradosh shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida ham IShIDning hokimi qo'lga olinganiga oid xabarlar o'rtaga chiqqandi.

Katta sondagi G'arb boshchiligidagi ittifoq qo'shinlari Afg'onistonni tark etgan o'tgan bir yarim yil ichida butun mamlakat bo'ylab toliblar qayta faollashishga muvaffaq bo'lgan, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi ham har tomondan sizib kirishga ulgurgan.

Aksariyatini sobiq toliblar va O'zbekiston Islomiy harakati a'zolari tashkil etuvchi bu jangarilar Afg'oniston Tolibon harakati bilan birga shimoliy-sharqiy Qunduz viloyatida bu yaqin yillarda kuzatilmagan eng yirik hujumlarini ham amalga oshirishga muvaffaq bo'lishgan.

Ammo xuddi shu hujumlari manzarasida ham, o'tgan bir yarim yil ichida IShIDning Afg'oniston shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlariga o'z hokimlarini tayin etganiga oid biror bir xabar o'rtaga chiqmagan.

IShID jangarilari eng ko'p to'plangan va faol bo'lgan viloyatlar sifatida esa, dastlab Afg'onistonning janubiy Zobul, sharqiy G'azniy va so'nggi paytlarda sharqiy Nangarhor viloyati ko'rib kelingan.

IShID o'zining mintaqadagi tarmog'iga o'tgan yil boshida Afg'onistonga bevosita qo'shni Pokistonda asos solgan.

Ammo, shunga qaramay, o'tgan yil oxirida aynan sharqiy Nangarhor viloyatini rasman Yaqin Sharqdagi islomiy xalifatining bir qismi, deb e'lon qilgan va butun mintaqadagi ilk FM radiosiga ham xuddi shu yerda asos solgandi.

Hibs

Vazirlikka ko'ra, besh nafar jangarisi bilan birga Nangarhordan kelgan Mulla Boz Muhammad shu dam olish kunlarida Jauzjon viloyatining Qo'sh-Tepa tumanida qo'lga olingan. Ammo hamrohlari qochib qolishga muvaffaq bo'lishgan.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi matbuot voizi Rizo G'afuriyning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Mavlaviy Boz Muhammad shimoliy Jauzjon viloyatining ikki beqaror tumani: Qo'sh-Tepa va Darzobida IShID guruhi faoliyatini yoymoqchi bo'lgan.

Ammo, vazirlik matbuot voiziga ko'ra, bu shaxsning rejasidan vaqtida ogoh bo'lib, uni qo'lga olishga ulgurishgan.

Uning aytishicha, hozir tekshiruv ishlari boshlangan va bu shaxsning kimligi, Afg'onistonga qaerdan kelgani, IShID saflariga qanday qilib yollangani hamda bungacha nima ishlar bilan shug'ullangani o'rganilmoqda.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi matbuot voizining BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida qat'iyan rad etishicha, Mavlaviy Boz Muhammad tolib bo'lmagan.

Oxirgi ikki yil ichida Afg'onistonning eng beqaror shimoliy-sharqiy ikkita viloyatidan bittasi bo'lgan Qunduzning bir qancha tumanlarida ham IShID jangarilari o'z faoliyatlarini boshlashgani, bu erlarda o'zlarining harbiy-tayyorgarlik jamloqlariga asos solishganiga oid xabarlar olingan.

Ammo, Kobuldan muxbirimiz Fazl Ahmad Yolg'uzning aytishicha, so'nggi oylarga kelib bu jangarilar ham Qunduzdan sharqiy Nangarhor viloyatiga ketib bo'lishgan.

Xuddi shu kunlarda esa, Yaqin Sharqdagi IShID guruhi mintaqadagi Xuroson qanoti lideri Hofiz Sayid Xonning ham aynan sharqiy Nangarhor viloyatida amerikaliklarning dron hujumida o'ldirilganiga oid xabarlar Pentagon tomonidan rasman o'z tasdig'ini topgandi.

Afg'oniston Mudofaa vazirligi matbuot voiziga ko'ra esa, IShID guruhi halicha Afg'onistonning biror bir shimoliy yoki shimoliy-sharqiy viloyatida rasman o'z faoliyatini boshlashga ulgurmagan.

Ammo hozirga kelib guruh o'zining asosiy e'tiborini aynan shimoliy Jauzjon viloyatining Qo'sh-Tepa va Darzobiga qaratmoqda, shu ikki tumanda faollashishga harakat qilmoqda.

Xuddi shu o'rinda Rizo G'afuriy janoblarining ta'kidlashicha, Afg'oniston Qurolli kuchlari ularning bu rejalari oldini olishga qodirdirlar.

Qo'sh-Tepa

So'nggi yillarda xavfsizlik bilan bog'liq vaziyati jiddiy izdan chiqib borayotgan shimoliy Jauzjon viloyatining Qo'sh-Tepa qo'shni Turkmaniston bilan bevosita chegaradosh eng notinch tumanlaridan biri hisoblanadi.

Tuman oxirgi paytlarda toliblarning ustma-ust hujumlariga sahna bo'lgan, mas'ullar jang olib borayotgan jangarilar orasida o'zbekistonliklari borligi haqida ham aytishgandi.

Qo'sh-Tepadagi so'nggi janglar bor-yo'g'i uch haftacha burun yuz bergan va jangarilar ikki yuzga yaqin afg'on politsiya xodimlarini qurshovga olishgandi.

Ularni ozod etishga qaratilgan harbiy amaliyotlar qariyb bir haftaga cho'zilgan, Afg'oniston Mudofaa vazirligi qiruvchi tikucharlarni ishga solishgacha borgandi.

Tuman mas'ullari esa, bu janglarga boshchilik qilgan jangarilarning ayrimlari o'zbekistonlik ekanligini aytishgan, qurbonlar orasida ham O'zbekiston fuqarolari borligini ma'lum qilishgandi.

Qo'sh-Tepa oxirgi paytlarda shaxsan Afg'oniston prezidenti birinchi muovini general Abdulrashid Do'stum o'zi bosh bo'lib ketma-ket keng ko'lamli harbiy amaliyotlar olib borgan to'rtta tumanidan bittasi ham bo'ladi.

Tuman qariyb chorak ming aholisining asosini o'zbeklar va turkmanlar tashkil qilishadi.

Mintaqada bo'lgan muxbirimiz Hayot Shaybonning aytishicha, so'nggi yillarda Afg'onistonning boshqa qator shimoliy va shimoliy-sharqiy viloyatlari misolida bo'lgani kabi Jauzjonning ham Turkmanistonga bevosita chegaradosh tumanlarida toliblarning faollashishgani kuzatiladi.

Rossiya doxil Markaziy Osiyo davlatlari esa, shundoqqina biqinlarida vaziyatning tobora izdan chiqib, bu yerlarda ham IShID guruhining faollashuvidan xavotirdalar.

Afg'onistondan kelishi mumkin bo'lgan yangi tahdid qarshisida ularning barchasi so'nggi yillarda o'z chegaralarini mustahkamlash va IShID xavfini oldini olishga qaratilgan keskin chora-tadbirlarga qo'l urishgan.

Shu kunlarda Afg'onistonning Tojikistonga qo'shni Darqat tumanida toliblarning qayta hujumga o'tishgani, tuman markazida politsiya xodimlari va afg'on harbiylari doxil yuzlab odamlar ularning qamalida qolganliklari aytilmoqda.

Kobuldan muxbirimiz Fazl Ahmad Yolg'uzning aytishicha, qamaldagilarni ozod qilish uchun hozir bu tumanda ham shiddatli janglar kechmoqda.

•O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring