Ozarbayjondagi hibslarni Turkiyadagi hodisalarga bog'lamoqdalar

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on Image copyright AFP

Ozarbayjonda muxolifat faollarining hibsga olinishi Turkiyadagi davlat to'ntarishiga urinish bilan bog'lanmoqda.

Kuzatuvchilar fikricha, "gulenchilar"ga aloqadorlik ayblovlari bilan Ozarbayjon hukumati referendum arafasida muxolifat ovozini bo'g'ishni maqsad qilgan.

Avgust oyi boshidan buyon Ozarbayjonda bir necha taniqli faollar hibsga olinganlar.

Xususan, "Real"(Respublika alternativasi" muxolifat guruhining qator a'zolariga turli xil ayblovlar ilgari surilgan.

"Real" yetakchilaridan biri Notiq Jafarli 4 oylik qamoq jazosiga mahkum etilgan, mahkama uni "jiddiy oqibatlarga olib keladigan yoki referendum va saylov natijalariga ta'sir ko'rsatadigan tahqirlash"da aybdor deb topgan.

N!DA deb nomlangan ijtimoiy harakatning ham bir necha a'zosi hibsga olingan, lekin ularning yaqinlari bu haqda xabar tarqatmaslikni ma'qul ko'rganlari ma'lum bo'lgan.

"Ozarbayjon Xalq jabhasi"ning a'zosi Ma'sud Rizolining ham 12 avgust kuni qo'lga olingani e'lon etilgan, u va yana qator muxolifatchilarni politsiyaga bo'ysunmaslik bandi bo'yicha qisqa muddatga qamaganlar.

Ko'pchilik ushbu hibslarni hukumatning 26 sentyabrga mo'ljallangan referendum oldidan muxolifatning "ovozini o'chirish" deb baholamoqda.

Bu referendumga Ozarbayjon konstitutsiyasiga o'zgartirish kiritish masalasi qo'yilgan.

Xususan, prezidentlik vakolati muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish, prezidentga muddatidan oldingi parlament saylovi o'tkazish ruxsatini berish, 18 yoshga to'lgan shaxsning o'z nomzodini parlament deputatligiga ilgari surish, vitse-prezident lavozimini joriy etish takliflari ilgari surilmoqda.

Turkiyadagi davlat to'ntarishiga urinish ortidan Ozarbayjonda ANS telekanali litsenziyasi tortib olingan.

Bundan oldin telekanal AQShda istiqomat qiladigan va Turkiya hukumati davlat to'ntarishiga urinish ortida turganlikda ayblayotgan din peshvosi Fathulloh Gulen bilan intervyuni namoyish etishni rejalayotgani haqida e'lon qilgan.

Barish TV sun'iy yo'ldosh telekanali faoliyati ham to'xtatilgan, Ozarbayjon muxolifati vakillarining "Ozarbayjon soati" deb nomlangan ko'rsatuvni efirga berib kelgan telekanal xodimlarini "gulenchilar"ga aloqadorlikda ayblashgan.

Turkiya sun'iy yo'ldosh kanallaridan biri "Ozodlik" radiosining Ozari xizmati eshittirishlarini efirga uzatib kelardi, davlat to'ntarishi hodisalari ortidan bu eshittirishlar sababi tushuntirilmasdan to'xtatilgan.

AQSh Davlat departamenti Ozarbayjondagi hibslardan xavotirib bildirib bayonot e'lon qilgan.

Davlat departamenti Ozarbayjon konstitutsiyasiga taklif etilayotgan o'zgartirishlarni Ovro'poda Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti hamda Venetsiya komissiyasi bilan birgalikda muhokama etishga chaqirgan.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring