O'zbekiston kadastr tizimi islohotiga muhtojmidi?

Kadastr amali Image copyright kadastr.ru

O'zbekiston matbuotidagi xabarlarga ko'ra, shu oy boshida hukumat mamlakatdagi har bir inshootni yoppasiga kadastr tizimiga qaytadan kiritilishi borasida qaror qabul qilgan.

May oyida esa Jahon Banki O'zbekiston hukumati bilan kadastr tizimi samarasi va oshkoraligini yaxshilash maqsadida yangi loyiha imzolangani va bu maqsadda 20 million dollar qarz ajratganini ma'lum qilgandi.

O'zbekistonda tartibga solish va rivojlantirish ehtiyoji bo'lgan, aholining kundalik turmushi uchun muhimroq sohalar juda ko'pligi ma'lum.

Nima uchun nufuzli moliya tashkiloti O'zbekiston hukumatining aynan kadastr tizimi islohoti yo'lidagi loyihasiga e'tibor qaratib, kredit ajratmoqda?

Iqtisodiy tahlilchi Alisher Taksanovning BBC bilan suhbatda aytishicha, bu Jahon Banki va O'zbekiston hukumati o'rtasida foyda ko'rishning yangi manbalarini kashf etish yo'lida erishilgan kelishuv bo'lishi mumkin.

Alisher Taksanov: Oxirgi 25 yilda hukumat ob'ektlarni qayddan o'tkazishga u qadar katta e'tibor bermagandi. Balki, shu vaqtgacha foyda olishning boshqa manbalariga ko'proq e'tibor qaratgandir. Oxirgi yillarda esa byudjetga kelib tushadigan mablag'lar muammosi paydo bo'lgani sababli yangi rezervlarni topish ehtiyoji paydo bo'lgan, menimcha. Shuning uchun kadastr tizimiga e'tiborning burilishini men byudjetni to'ldirish intilishi bilan izohlagan bo'lardim.

BBC: Jahon Banki kabi xalqaro tashkilot ana shu siz aytayotgan sabablar tufayli O'zbekiston tomoniga yon bosib, pul ajratishga rozi bo'lgan deb o'ylaysizmi?

Alisher Taksanov: Umuman olganda, ha. Chunki Jahon Banki ham o'zi ajratgan kreditlarning va ustama foizlarining qaytarilishini istaydi. O'zbekiston muttasil ravishda kreditlarini destrukturizatsiya qilib, qayta to'lashni ortga surib kelsa, bu Jahon Banki manfaatiga ham to'g'ri kelmaydi. Shuning uchun ular ham qo'shimcha mablag' manbalari topilishi tarafdori. Balki O'zbekistondagi ba'zi tadqiqotlar aholi farovonligi o'sayotganini ko'rsatayotgandir. Haqiqatan ham odamlar tobora ko'proq o'z mablag'laridan foydalanib, uylar qurishmoqda, lekin bular tegishli ravishda qayd qilinib, munosib ravishda ko'chmas mulk va uy-joy solig'iga tortilmayotgandir. Ana shuning uchun "Keling, bu sohani tartibga solaylik, yangi foyda manbasi paydo bo'ladi", degan fikr paydo bo'lgan bo'lishi mumkin.

BBC: Qaysi sohada bo'lmasin tartibni joriy qilish yaxshi intilish. Lekin bu ijobiy intilishga qaramay, O'zbekistonda tez-tez kuzatilganidek natija kutilganidek bo'lmasligi mumkinmi?

Alisher Taksanov: Keling shundan boshlaylik. Shu yillar mobaynida O'zbekistonda shundoq ham mulk kadastri yuritib kelingan. Buning uchun maxsus tashkilot bor. Shuning uchun "bu sohada tartib o'rnatish kerak", yoki shunga o'xshash loyiha haqida gapirilganda, menda shunday shubha paydo bo'ladi. Ya'ni, hukumat o'zining burni tagida nimalar ro'y berayotganligini bilish uchun o'zida resurs va imkonga ega emasmi? O'zbekistonda har bir kishi biron narsani qurishdan oldin mahalliy ma'muriyatdan rasmiy ruxsat oladi-ku. Demak, har qanday holda qayd olib borilyapti allaqachon. Shuning uchun aynan bu loyihadan aniq nima ko'zda tutilgani menga qorong'u. Balki, bu loyihaga ajratilgan mablag'lar ko'pda bo'lgani kabi "arra" qilinar. O'zbekistondagi moliya tizimi ochiq va oshkor emasligini bilamiz. Byudjet mablag'lari qanday taqsimlanadi, qanday sarflanadi, bu oshkor etilmaydi. Kadastr tizimi ham shunga o'xshash - ochiq emas. Unda qayd etilgan hujjat va ma'lumotlar aholiga taqdim etilmaydi. Shuning uchun suiste'mollar ro'y berishi ehtimoli katta.

BBC: O'zbekiston sharoitida bu suiste'mollarning oldini olib, oshkoralikka erishish yo'llari bormi?

Alisher Taksanov: O'zbekiston sharoitida albatta bu mushkul. Davlat tepasida qanday yo'l bilan bo'lmasin, shaxsan o'ziga foyda keltiradigan yo'llarni izlaydigan shaxslar o'tirganidan keyin nimani kutish mumkin? Shuning uchun mamlakatda matbuot tsenzurasi, davlat siri degan tushunchalar mavjud ekan, oshkoralik yo'q ekan, bunga erishish juda qiyin. Boshqa tomondan, albatta, jamiyat nimalar yuz berayotganidan xabardor bo'lishi kerak, chunki bu kreditlarning og'iri ularning yelkasiga tushadi. Kreditlarni qaytarish uchun hukumat pulni qaerdan oladi? Soliq to'lovchi aholidan. Har bir fuqarolik jamiyatining vakili uchun pullar qanday kelayotgani, qaerga sarflanayotganini bilishi uchun oshkoralik kerak. Kim bilsin, kadastr bilan shug'ullanayotgan tashkilot bu pullarga 10 ta qimmatbaho mashina sotib olar? Xorijga tajriba o'rganish uchun deb, safarlarga sarflar. Ya'ni, o'zi uchun imtiyozlar yo'lida sarflashi mumkin. Tizimni yaxshilash uchun esa aslida atigi bu mablag'larning 2-3 foizi sarflanishi mumkin.

BBC: Demak, O'zbekiston sharoitida bunga erishish qiyin. Lekin Jahon Banki kelishuvning sharti sifatida talab qilishi mumkinmi bularni, ya'ni ular bu jarayonlarning o'zgarishiga ta'sir eta oladimi?

Alisher Taksanov: Albatta, ular hisobotlarni talab qiladilar. Lekin hisobotni tuzib chiqish muammo emas. Ya'ni, Jahon Bankining qo'liga hamma narsa risoladagidek bo'lgani haqida ma'lumot tayyorlab beriladi. Aslida esa avval mavjud bo'lgan kadastr qaydlari taqdim etilishi mumkin.

BBC: Shu yerda masalaning yana bir jihati paydo bo'ladi. O'zbekistonda sening ko'chmas mulking ne qadar kadastrdan rasmiy o'tkazilgan bo'lmasin, yerga xususiy mulkchilik bo'lmagani uchun hukumatga bu yer kerak bo'lib qolsa, munosib tovon to'lanmay buzilishi hollari kuzatiladi. Shuning uchun yerga ham mulkchilik kiritilishi uchun vaqt keldi, deb o'ylaysizmi?

Alisher Taksanov: Albatta, bozor iqtisodi haqida gap yuritilar ekan busiz bo'lmaydi. Hozirda bo'lganidek 90 yilga ijaraga berish kabi emas, tom ma'noda yerga egalik berilib, avloddan avlodga meros bo'lib o'tadigan tarzda berilishi kerak. Chunki shunday qilingan taqdirdagina yer egasi yerga haqiqiy g'amxo'rlik qiladi. Va agarda bu yer davlatga temir yo'l qurishmi, yoki harbiy ob'ekt kabi biron muhim loyiha uchun kerak bo'lib qolsa, tegishli miqdorda tovon to'lanishini ham ko'zda tutishi kerak.

• O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring