Россияда ‘Ҳазрати палов’ фестивали
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Rossiyada "Hazrati palov" festivali

Tashkilotchilarining ma'lum qilishlaricha, bu xayriya tadbiri Sankt-Peterburgda, Neva daryosi sohillarida bo'lib o'tadi.

Kirish tekin ekani aytilayotgan festival mehmonlari ixtiyoriga esa, bir emas, ikki emas, turlicha palov turlari havola etiladi.

Ular o'zbekcha, tojikcha, xorazmcha, samarqandcha uslubda tayyorlanganidan tortib, zarchavali va do'lmalisi kabi har xil palovlarni tatib ko'rishlari mumkin bo'ladi.

27 avgust kungi festival ishtirokchilari bo'lgan oshpazlar esa, qanday turi ekanidan qat'inazar, palovni o'z qozonlarida pishirishadi.

Ammo, xabarlarga ko'ra, ularning zimmalaridagi vazifa birgina bu bilan cheklanmaydi.

Ular festival mehmonlari bilan o'z oshpazlik sirlari bilan bo'lishishadi, ularga palovni qanday tayyorlash yo'l-yo'riqlarini ham o'rgatishadi.

Ya'ni qolgan festivallardan farqli tarzda "Hazrati palov"da asosiy diqqat-e'tibor faqat palovga qaratiladi.

Turli millat, madaniyat, din, yosh va ijtimoiy tabaqa vakillarini bir yerga jamlaydi.

Maqsad

Agar, tadbir rasmiy web sahifasida imkonli bo'lgan ma'lumotlarga tayanilsa, bu loyihadan maqsad - Sharq oshxonasini ommalashtirish, rossiyaliklarni Sharq madaniyati bilan yanada yaqindan tanishtirish, Rossiya va boshqa qo'shni davlatlar xalqlarini bir-birlariga yaqinlashtirish, kam ta'minlangan va ehtiyojmand insonlarga ko'mak berishdir.

Ma'lum bo'lishicha, xuddi shu bois ham, "Hazrati palov" festivalidan tushgan mablag' hamkor xayriya jamg'armalaridan biri hisobiga o'tkaziladi.

O'zbekistondagi ayrim internet nashrlari tarqatgan xabarlarga ko'ra, xayriya festivali AdVita xayriya jamg'armasi tomonidan qo'llab-quvvatlanmoqda.

Bu jamg'arma onkogematologik xastaliklarga chalingan kattalar va bolalarga ko'mak berish bilan shug'ullanib keladi.

Jumladan, podrobno.uz internet nashri xabariga ko'ra, jamg'arma bu xayriya festivalida "Ko'mak berish oson" nomli loyihasi bilan ishtirok etadi.

Festivaldan yig'ilgan va mehmonlar xayriya qilgan barcha pullar esa, aynan shu jamg'arma hisobiga o'tkaziladi.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, festivalga Rossiyaning barcha mintaqalaridan mahalliy tanlovdan o'tgan jonboz palov ustalari taklif etilishadi.

Festival yakunida hakamlar hay'ati bu xayriya tadbirining Peterburg bosqichi aniqlaydi va ularga o'z mukofotlarini topshiradi.

Ayon bo'lishicha, eng zo'r oshpaz yoki palov ustasiga festival ishtirokchilari ham ovoz berishlari mumkin bo'ladi.

Festival

O'tgan yili bu xayriya tadbiri Moskva (2 bosqichda), Penza, Vladimir, Kirov va Sankt-Peterburgda bo'lib o'tgani, unda minglab odamlar ishtirok etishgani aytiladi.

Xabarlarga ko'ra, bu yil festival miqyosi yanada kengaygan va bosqichma-bosqich Rossiyaning 12 shahrida bo'lib o'tadi.

"Hazrati Palov" festivalining o'zi esa, rasman 2015 yildan boshlab "Fabrika Festivaley" shirkati tomonidan o'tkazib kelinadi.

O'zbekiston Oshpazlar Uyushmasi rahbari Akbar Umarov BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida faxriy a'zolari Hakim aka G'aniev ham ushbu tadbir vositasida o'zbek xalqi madaniyati, urf-odatlari, an'analarini targ'ib etib kelayotgan insonlardan biri ekanini aytadi.

"Palov orqali o'zbek xalqini tanitish, bu - judayam yaxshi narsa... Palov xalqning madaniyati, urf-odati, an'analari bilan bog'liq bo'lgan taom bo'lgani uchun palov orqali Rossiyada madaniyatimizni tarqatish, o'zbek xalqini tanitish maqsadida shu tadbirni tashkillashtirib, loyihasini qilib, mana, butun shaharlarida keng targ'ib qilinayapti", - deydi suhbatdoshimiz.

Palov va ustasi

Ayrim ma'lumotlarga qaralsa, palov hali Iskandar Zulqarnayn davrida baqtriyaliklar dasturxonining shohona taomi bo'lgan.

Palovning otasi esa, tibbiyot ilmining sultoni Abu Ali Ibn Sino, degan da'volar ham yo'q emas.

Pishirish uslubiga qarab, palovning ko'plab turlarga bo'linadi.

Ustiga ustak, "Pilaf", "Pilafi", "Gamopilafo", "Chelov", "Kateh", "Dami", "Pulov", "Pilav", "Palov", "Biryoniy", "Payella" kabi turlicha nomlar bilan ham ataladi.

Yana xalqlarning milliy o'ziga xosliklariga qarab, masalliqlari bir-biridan farqlanadi.

Mayiz, no'xat, bodom, pista mag'zi, qiyomga botirilgan norinj po'chog'i, behi, sholg'om, limon suvi,.. go'shtu guruchga o'ziga xos ta'm va ko'rinish berib, har bir xalqning dasturxoniga o'ziga xos ko'rk beradi.

O'z fikr-mulohazalaringizni BBC O'zbek xizmatining Whatsapp, Telegram va Viber orqali bildirmoqchi bo'lsangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring