Islomga qarshi twitlar soni oshgan

Nitstsa Image copyright Getty Images
Image caption Nitstsadagi hujum ortidan aksil-islomiy twitlar keskin oshgan

BBCga taqdim etilgan tadqiqot natijalariga ko'ra, iyul oyida dunyo miqyosida kuniga qariyb 7000 ta inglizcha "aksil-islomiy" twitlar chop etilgan.

Aprel oyida bu raqam 2500 ta edi.

Britaniyadagi Demos markazi olib borgan tadqiqotning ko'rsatishicha, aksil-islomiy twitlar sonidagi oshish eng ko'p Nitstsadagi hujumlar va Turkiyadagi davlat to'ntarishi urinishi ortidan kuzatilgan.

Tadqiqot mualliflari Islomga qarshi kayfiyatni ifodalagan 40 ta so'z va xeshtegni tahlil qilishgan.

Demos aksil-islomiy twitlarga doir tadqiqot natijalari yuzasidan Twitter ga murojaat qilgan, ammo Twitter hozircha sharh bermagan.

Demos joriy yilning mart-iyul oylarida chop etilgan twitlarni tahlil qilgan va ingliz tilidagi 215,247 ta twitning, muhtamalan "aksil-islomiy, tahqirlovchi va nafratga to'la" ekanini aniqlagan.

Image caption Tadqiqot natijalari

Tadqiqot natijalaridan ma'lum bo'lishicha, askil-islomiy twitlarning ko'pchiligi Angliyadan, shu bilan birga Gollandiya, Frantsiya va Olmoniyadan chop etilgan.

Eng ko'p aksil-islomiy twit 15 iyulda, Frantsiyaning Nitstsa shahrida yuk mashinasi vositasida olomonga hujum qilingan kunning ertasi kuni kuzatilgan.

Hujum uchun mas'uliyatni IShID zimmasiga olgandi.

Shu kuni tunda Turkiyada davlat to'ntarishiga urinish sodir bo'ldi.

"IShID dan emas, musulmon dunyosidan o'pkalaydi"

Demos Islomga qarshi twitlarning ko'payishiga turli omillar sabab bo'lganini aytgan, ammo ko'pchiligiga sabab hujumlar ekani ta'kidlanadi.

Tadqiqotni olib borgan guruh rahbari Karl Millerga ko'ra, twit mualliflarining ko'pchiligi hujumlarni "IShIDdan emas, balki musulmon dunyosidan ko'radi".

U ayni holatni "zararli, xavfli va muammoli" deb atagan.

Ammo ayni paytda ingliz qonunlari nuqtai nazaridan bu twitlarning juda ham oz qismini "qonunlarga qarshi" deb tasniflash mumkin.

"Insonlar faqat o'z hayotlariga tahdid paydo bo'lgan taqdirdagina qonunlarni buzishadi. Shu sababli internetda odamlar hayotdagidan ko'ra kamroq himoyalangan", deydi u.

Britaniyadagi musulmon ayol yozuvchilardan Dien Xanning aytishicha, odamlarni tahqirlovchi twitlarni kamroq chop etishlari uchun ular bilan ochiq muloqotga ehtiyoj bor.

"Har safar bironta terrorchilik hujumi sodir bo'lgan payt masjid nomidan "biz hujumni qoralaymiz" degan quruq matbuot bildirishiga ehtiyoj yo'q. Odamlarning bizdan kutayotgan narsasi bu emas".

Uning so'zlariga ko'ra, g'arbda odamlar terrorchilik hujumlarining eng ko'p qurbonlari musulmonlar ekanini bilishmaydi.

"Musulmonlar o'n yillardan beri bu vahshiy guruhlarning qilmishlaridan jabr chekib keladilar. Ko'pchiligimiz ekstremistlarga qarshi chiqqanimiz uchun ta'qib qilinganmiz, qamoqlarga tashlanganmiz. Ammo bular haqida hech kim yozmaydi", deydi britaniyalik ayol yozuvchilarning internet jurnaliga asos solgan Diyon Xon.

Twitter vakili BBCga "bizning qoidalarimiz boshqalarni tahqirlashni man etadi" deb javob bergan.

Twitter tahqirlashlarning oldini oluvchi vositalarga katta sarmoyalar kiritayotganini aytgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring