Matyoqub Matchonovning hamkasblari so'roqqa chaqirilgan

Matchonov

Iqtisodiy jinoyatlarda ayblanayotgan taniqli o'zbek kino va teatr aktyori Matyoqub Matchonovning ishi bo'yicha uning hamkasblari so'roq qilinmoqda.

BBC manba'lari MXXning Yunusobod tumanida joylashgan "Gvardeysk" hibsxonasida saqlanayotgan Matyoqub Matchonovga nisbatan tergov harakatlari davom etayotganini bildirishdi.

Taniqli aktyorning 4 avgust kuni hibsga olingani xabar qilingandi.

BBCga ma'lum bo'lishicha, Matyoqub Matchonovning ishi bo'yicha so'roq qilinganlar orasida taniqli rejisyoyor Rustam Sa'diev ham bor.

Matyoqub Matchonovning o'g'li, ukasi ham ushlab so'roq qilingan. Shuningdek, firmaning boshqa xodimlari ham hibsda ushlab turilgani, Matyoqub Matchonovning "Marsa" shirkatiga tegishli tashkilotlarda ham tekshiruvlar boshlangani aytilmoqda.

Suhbatdoshimizning so'zlariga ko'ra, Matyoqub Matchonovning hamkasblarining voqeaga munosabati turlicha bo'lyapti.

"Hozir hamma o'zidan qo'rqib qolgan, so'roqqa chaqirilganlarning ko'pi nima deyman, men bilmayman", deb o'zini tortayapti, boshqa biri xuddi eshitmaganga olyapti, chunki sharoit shunaqa. Lekin bu achinarli, hamkasblari to'g'risini aytganda haqiqiy achinmayapti unga", deydi manba'lardan biri.

Matyoqub Matchonov hamkasblaridan biri nomini aytmaslik sharti bilan BBCga bildirishicha, "boshida Matchonovning mashinasidan giyohvand modda topilibdi, ushlanibdi, degan gaplar bo'ldi. Keyin ish uning firmasiga bog'liqligi aytildi. Matyoqub Matchonovning "Marsa"dan tashqari yana bir nechta firmasi bo'lgan".

"To'g'risini aytganda, san'at ahli orasida hozir firma ochganlar ko'p. Bu ko'proq mashhur san'atkorlarga taaluqli. Bir necha kunlab kontsert beradigan san'atkorlar ansambl nomi ostida firmalar ochib, soliq to'lamay yurgani ma'lum. Aslini olganda, Matyoqub Matchonovning ishi ular orasida hech narsa ham emas bunday olganda. Matchonovning uchastkasi ham yo'q edi. Ba'zi birlar davlat pulini ishlatib, qo'sha-qo'sha hovli, mashinalar olib, foizga pul berib yurganlar bor", deydi mikrofonsiz suhbatda BBC manba'si.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan artist Matyoqub Matchonov o'nlab filmlarda suratga tushgan. O'tgan yili uning ishtirokidagi "Sotqin" nomli film ekranlarga chiqqan edi.

•◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•◾ Instagram - BBC UZBEK

•◾ Twitter - BBC UZBEK

•◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

•◾ Facebook - BBC UZBEK

•◾ Google+ - BBC UZBEK

•◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•◾ Skype - uzbekbbclondon

•◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring