GM Uzbekistan ijtimoiy tarmoqlardagi qalloblikdan ogohlantirdi

GM Uzbekistan Image copyright GM Uzbekistan

GM Uzbekistan shirkati Facebook foydalanuvchilarini ijtimoiy tarmoqlardagi turli-tuman aktsiya va tadbirlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish haqida ogohlantirgan.

Facebook sahifasida chop etilgan bildirishda GM Uzbekistan oxirgi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda kechayotgan O'zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobillar bilan bog'liq xabarlarning ko'pchiligi haqqoniy emasligini aytgan.

"Shu munosabat bilan ma'lum qilamizki, biz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar, biz o'tkazayotgan aktsiya va boshqa tadbirlar haqidagi barcha haqqoniy ma'lumotlar faqat www.uzautosanoat.uz va www.chevrolet.uz, shuningdek, bizning "Facebook"dagi rasmiy sahifamizda chop etiladi", deyiladi GM Uzbekistan xabarida.

Shirkat ijtimoiy tarmoqlardagi bundan boshqa sahifalarda tarqatilayotgan har qanday xabarning GM Uzbekistan faoliyatiga aloqasi yo'qligini ta'kidlab, foydalanuvchilarni ogoh bo'lishga chaqirgan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi qallobliklar bilan bog'liq rasmiy bildirish O'zbekiston avtomobil bozorining monopoliyachisi bo'lgan GM Uzbekistan o'zining yangi rusumdagi avtomobillarini xorijiy bozorlarga olib chiqayotgan paytga to'g'ri kelgan.

O'tgan hafta Ravon nomi ostida chiqayotgan yangi rusumdagi Nexia avtomobillarining birinchi partiyasi Rossiyaga yuborilgan.

Ammo yangi Nexia ning Rossiyadan qachondan boshlab sotilishi aytilmayapti.

Rossiya matbuotining yozishicha, yangi Nexia ning narxi 40 ming rublga qimmatlagan.

O'tgan hafta Ravon brendi Ukrainada ham taqdim etilgandi.

Sentyabr va oktyabr oylarida shirkat Ozarbayjon, Belarus va Turkmaniston bozorlariga chiqishni rejalayotgani aytiladi.

O'zbekistonning o'zida esa bugun yangi Nexia birinchi egalariga etib borgani xabar qilingan.

Shirkatning rasmiy xabarida aytilishicha, yangi avtomobillar Toshkentdagi "Driver's Village" markazidagi tantanali marosim chog'ida egalariga topshirilgan.

Ulovidan tushovi qimmat

Hissalarining 75 foizi O'zbekiston hukumatiga tegishli bo'lgan "GM-Uzbekistan" avtomobillari O'zbekiston aholisining o'ziga xorij bozorlaridagi narxdan qimmatga sotiladi.

Hukumat xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarga yirik boj solish orqali "GM-Uzbekistan"ning ichki bozordagi mutlaq monopoliyasini muhofaza qilib keladi.

Ichki bozorda o'zbek avtomobillari narxlarining qimmatligi va mamlakatda o'rtacha maoshning 200 AQSh dollari atrofida ekaniga qaramay, "GM-Uzbekistan" avtomobillariga talab taklifdan yuqoriligicha qolmoqda.

Bo'lajak avtomobil egalari avtomobil qiymatining 85 foizini avvaldan to'lashlari va bir yilgacha kutishlari kerak.

Ular bu bir yil ichida doimo qimmatlab boradigan avtomobil narxidagi farqni ham to'lash majburiyatini o'z zimmalariga olishadi.

Dilerlar rasman so'mda hisob-kitob qilishsa ham, amalda o'zbek avtomobillariga faqat AQSh dollarining qurbi etadi, xolos.

Tahlilchilarga ko'ra, o'zbek avtomobil bozorida sun'iy ravishda yaratiladigan yuqori darajadagi talab turli-tuman poraxo'rlik va shubhali moliyaviy sxemalarga yo'l ochgan.

Shu yil aprelida shirkat rahbari Tohirjon Jalilovning hibsga olingani va yirik moliyaviy qallobliklarga doir jinoiy tekshiruvlar boshlangani xabar qilingan.

"GM-Uzbekistan" o'z mahsulotlarini sotishga doir maxfiy sxemalar amal qilishi haqidagi da'volarni rad etgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring