Hayot darajasi: Toshkent Olma-Otadan 17 pog'ona orqada

Toshkent Image copyright Fergananews
Image caption Toshkent ko'pchilik o'zbekistonliklar uchun yopiq shahar hisoblanadi

Britaniyada chop etiladigan "Ekonomist" jurnalining biznes bo'linmasi tomonidan tayyorlangan bu yilgi hisobotda O'zbekiston poytaxti dunyodagi 140 shahar orasida 117-o'rinni egallagan.

Toshkent Economist Intelligence Unit tomonidan tayyorlangan hisobotga kiritilgan Markaziy Osiyodagi ikki shaharning bittasidir.

Global Livebility hisobotiga kirgan mintaqadagi ikkinchi yirik shahar - Olma-Ota esa Toshkentdan 17 pog'ona oldin, 100-o'ringa qo'yilgan.

Mintaqadagi boshqa davlatlarning poytaxtlari hisobotda yo'q.

O'zbekiston poytaxti esa o'tgan yillardagiga nisbatan yana bir o'ringa pastlagan.

Asosiysi tinchlik

Hisobot mualliflari dunyoning turli shaharlaridagi yashash sharoitlarini beshta me'zon-barqarorlik, sog'liqni saqlash, madaniyat va atrof-muhit, ta'lim hamda infratuzilma sifatiga qarab baholashadi.

Economist Intelligence Unit ning an'anaviy reytingida bu yil ham birinchi o'rin Avstraliyaning Melburn shahriga berilgan.

Undan keyingi o'rinlarda Avstriya poytaxti Vena, shuningdek, Kanadaning Vankuver va Toronto shaharlari.

Birinchi o'ntalikni Olmoniyaning Gamburg shahri yakunlagan.

Hisobotda aytilishicha, oxirgi besh yilda dunyoning turli shaharlarida o'rtacha yashash darajasi qariyb 1 foiz yoki 0.9 ga pasaygan, xuddi shu davr mobaynida dunyoda o'rtacha barqarorlik darajasi 2,4 foizga tushib ketgan.

Tadqiqotda ishtirok etgan 140 shahardan 71 tasida hayot sharoitlarining yomonlashishi kuzatilgan.

Eng keskin tushish Damashq va Kievda kuzatilgan.

"Ushbu xulosa ziddiyatlar, kutilganidek, hayot darajasini belgilashda hal qiluvchi omil ekanini ko'rsatadi", deyiladi hisobotda.

Yopiq shahar

O'zbekiston poytaxtini mamlakat va xorijdagi boshqa shaharlardan ajratib turadigan eng farqli jihatlardan biri majburiy ro'yxatdan o'tish yoki propiska tizimidir.

Poytaxtda yashab, ishlayotganlarning ko'pchiligi propiskani asosiy muammo sifatida ko'radi.

Hukumat so'ngi bir yil ichida poytaxtdan ro'yxatdan o'tish tartibiga qator o'zgartirishlarni kiritgan, ammo fuqarolar bundan o'zlariga yengil bo'lib qolmaganini aytishadi.

Tahlilchilar amaldagi tartibni hukumatning fuqarolarni nazorat qilish istagi va ishsizlik bois kuchaygan ichki migratsiyani shu yo'l bilan jilovlash urinishi bilan tushuntirishadi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring