Sobiq ittifoqni sog'inishadimi?

SSSR

Sho'rolar Ittifoqining qulaganiga 25 yil to'lar ekan, "Rossiya segodnya" xoldingining Sputnik sayti sobiq sovet respublikalarida bu voqeani qanday baholashlari haqida aholi orasida so'rov o'tkazganini aytgan.

So'rovda Boltiq bo'yi respublikalari va Turkmaniston qatnashmagan.

O'tkazilgan so'rov natijalari to'g'risida tahlilchi Rostislav Ishenko fikr bildiradi.

So'rovda qatnashgan O'zbekiston aholisi boshqa ruspublikalardagi turli yoshdagi qatnashuvchilarning fikrlari kabi keskin farq qilmaganiga e'tibor qaratadi.

18-64 yoshdagi insonlarning 89-91 foizi Islom Karimov davrida hayotlari yaxshi bo'lganiga ishonishgan.

O'zbekistonda sovet davrini qo'msaydiganlar juda kamligiga sabab slavyan millatiga mansub aholi mamlakatni tark etgani, ish o'rinlari bo'shagani, deydi tahlilchi.

Islom Karimov 1989-1991 yil O'zbekiston MQ kotibi, 1991 yil mustaqillikdan so'ng 26 yildan buyon mamlakat prezidenti hisoblanadi.

O'zbekistonda boshqa postsovet mamlakatlar singari fuqarolik urushi, inqiloblar bo'lmagan.

Andijon voqeasi esa boshqalarga solishtirganda kichik tartibbuzarlik deb qarash mumkin, deydi tahlilchi.

Tojikistonda SSSRni yaxshi deydiganlar 39-84 foiz ekan.

Biroq Tojikistonda fuqarolar urushi kechdi. Ayni paytda Rossiya bazasi mavjud. Chegaralarini qo'riqlashga Rossiya yordam berayotgani va boshqa masalalar bunga ta'sir qilgan bo'lishi mumkin, deb qayd etadi Ishenko.

Qozog'istonda 35-60 foiz, Qirg'izistonda 37-60 foiz so'ralgan SSSR ni ma'qullagan.

Qozog'iston va Qirg'izistonning iqtisodiy rivojlanishini bir qatorga qo'yib bo'lmasada, bu ikki respublika Rossiya bilan ko'proq munosabatlarni yoqlashi so'rov ko'rsatkichiga ta'sir qilganini aytadi tahlilchi.

Mamlakat qancha qashshoqroq bo'lsa, sobiq ittifoqni yoqlaydiganlar ko'p, deydi u Moldovani misol keltirib.

Sobiq Ittifoqning hozirda eng qashshoq, ishsizlik yuqori respublikalaridan Moldovada yoshlar va keksalarning 69 foizi ittifoqni yoqlab ovoz bergan.

Ikki yildan beri mamlakat sharqi urush ichida qolgan Ukrainada ham shu holat kuzatilgan. Keksa yoshdagi aholining 60 foizi SSSRda hayot yaxshi edi deb o'ylaydi, yozadi sayt.

Rossiyada bu ko'rsatkich 63 foiz, Belorusda 53 foizni, Armanistonda 47-71, Ozarbayjonda 14-69 foizni tashkil qilgan.

Keksa yoshdagilarning sobiq ittifoqni yoqlashi ijtimoiy ta'minot tizimi foydasiga bo'lgan, deydi tahlilchi.

Shuningdek Qorabog' urushini ko'rgan ikki mamlakat urushdan oldin SSSRda ahvol yaxshi edi degan fikrda.

Tahlilchiga ko'ra, mamlakat tashqi siyosatidagi muammolar, jumladan Sakashvili va Putin qarama-qarshiligi ittifoq qarshilari sonini oshishiga ta'sir qilgan.

Mamlakatning iqtisodiy ahvolining qandayligi SSSR tarafdorolari sonini oshirgan. Ayni vaqtda avtoritar tuzumlar hukmron O'rta Osiyo mamlakatlari aholisi joriy hukumatni qo'llashi tabiiy, deydi u.

Bundan kelib xulosa qilish mumkinki, sobiq ittifoq davlatlarining minimal taraqqiyotga erishishi SSSR tarafdorlarini kamaytiradi va keyingi o'n yilda ular salmoqli siyosiy kuchga ega bo'lmasligi mumkin.

Biroq jiddiy inqirozlar orqasidan sovet g'oyalarining jonlanishi va o'ziga tortishi ehtimoli ham yo'q emas, deydi tahlilchi.

Ushbu so'rov ijtimoiy tarmoqlarda turli fikrlarni uyg'otgan.

Jumladan Facebookdagi postlarda bunday so'rovning soxtaligi haqida fikrlar yangragan.

Jurnalist Danil Kislovning Facebookdagi sahifasida keltirishicha, Fergana.ru sayti O'zbekistondagi "Ekspert fikri" markaziga bog'langanda ular O'zbekistonda bunday so'rov o'tkazilgani, SSSR haqida fikr so'ralganini eshitmaganini aytganlar.

Victoria Panfilova degan foydalanuvchi "bu qandaydir loyiha. Ukraina to'g'risidagi shunday maqolani ko'rdim", deydi.

Shuhrat G'aniev so'rov haqidagi maqolani buyurtma, deb atagan.

◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

◾ Instagram - BBC UZBEK

◾ Twitter - BBC UZBEK

◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

◾ Facebook - BBC UZBEK

◾ Google+ - BBC UZBEK

◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

◾ Skype - uzbekbbclondon

◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring