Izzat bronza medalidan mosuvo etildi

Izzat Ortiqov Image copyright EPA

Rio Yozgi Olimpiada O'yinlaridan chetlatildi.

Rasmiy xabarlarga ko'ra, bunga qirg'izistonlik shtangachi namunalaridan topilgan doping vositasi sabab bo'lgan.

Izzat Ortiqov O'yinlarning beshinchi kunida -69 kg vazn toifasida bronza medalini qo'lga kiritgan.

Bu - Qirg'iziston Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida kiritgan birinchi va hozircha so'nggi medal bo'lgandi.

So'nggi yangilik haqida Xalqaro Sport Arbitraj mahkamasi rasman xabar bergan.

Ularning bildirishnomasida aytilishicha, qirg'izistonlik bronza medali sovrindorining namunalaridan strixnin preparatining qoldiqlari topilgan.

Strixnin kuchli zahar sanalsa-da, muayyan dozada qabul qilinsa, mushak faoliyatini yaxshilovchi o'ta samarali doping vositasida sifatida ko'riladi.

Bundan tashqari, bu taqiqlangan preparat sportchi organizmi chidamlilik darajasini ham oshiradi.

Strixnin xalqaro sportga juda uzoq vaqtdan tanish doping vositalaridan biri sanaladi va o'z vaqtida sportchilar, ayniqsa, velosipedchilar orasida keng qo'llangan preparatlardan biri bo'lgani aytiladi.

Bildirishnoma

Image copyright EPA

Rasmiy xabarlardan ma'lum bo'lishicha, namunalaridan strixnin topilgani bois, Izzat Ortiqov bronza medalidan mosuvo etiladi.

O'yinlardan chetlatiladi va -69 kg vazn toifasida og'ir atletikachilar bahslaridan diskvalifikatsiya qilinadi.

Uning akkreditatsiyasi ham olib qo'yiladi.

Izzat Ortiqovning o'zi esa, 12 avgust kuni Qirg'izistonga qaytgan va Bishkek aeroportida katta tantanalar bilan kutib olingandi.

Rasmiy xabarlardan ayon bo'lishicha, bu sanktsiyalarning ijrosi uchun mas'uliyat yakunida Xalqaro Og'ir atletika federatsiyasi zimmasiga yuklatiladi.

-69 kg vazn toifasida og'ir atletikachilarning reytingini qayta ko'rib chiqish va bronza medali taqdirini hal qilish vazifasi bilan federatsiyadan tashqari Xalqaro Olimpiya Qo'mitasi ham shug'ullanadi.

Katta ehtimol bilan bronza medali Izzat Ortiqovdan olinib, undan bor-yo'g'i 1 kg kam natija qayd etgan kolumbiyalik Luis Xaver Moskerega beriladi.

Qirg'izistonni Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida ja'mi 19 sportchisi namoyon etmoqda.

Natija

Image copyright AFP

Ammo O'yinlarning 13-kuniga kelib ham, Qirg'izistonning Izzat Ortiqovdan boshqa biror bir sportchisi Rio Olimpiadasining sovrinli o'rinlariga ko'tarilishga muvaffaq bo'lishmagan.

Markaziy Osiyo davlatlari orasidan Qozog'iston va O'zbekiston eng yaxshi natija qayd etgan ikkita davlat bo'lib o'tirishibdi.

Qozog'iston shu paytgacha O'yinlarning 12 ta, O'zbekiston esa, 7 ta medalini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lishgan.

Ammo o'zbekistonlik to'rt nafar bokschi Rio Yozgi Olimpiadasining kamida to'rtta bronza medalini naqd qilishgan. Erkin kurashchilari ham halicha o'z bellashuvlarini boshlashmagan.

Tojikistonlik sportchilar hozircha O'yinlarning biror bir medalini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'lishmagan.

Turkmaniston Rio Yozgi Olimpiadasidagi ishtirokini allaqachon biror bir sovrinli o'rinlarsiz yakunlab bo'lgan.

Izzat Ortiqov esa, doping mashmashasi sabab, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlaridan chetlatilgan birinchi markaziy osiyolik sportchi bo'lgan.

Ammo, rasmiy xabarlardan ma'lum bo'lishicha, qirg'izistonlik og'ir atletikachi mahkama qaroridan shikoyat arizasi bilan chiqish huquqini saqlab turibdi.

◾ BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

◾ TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

◾ Instagram - BBC UZBEK

◾ Twitter - BBC UZBEK

◾ Odnoklassniki - BBC UZBEK

◾ Facebook - BBC UZBEK

◾ Google+ - BBC UZBEK

◾ YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

◾ Skype - uzbekbbclondon

◾ bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring