"Karbyurator" so‘zi aslida "qorabotirmi"?

Taniqli turkshunos olim, turkman va boshqa turkiy tillar bilag'oni Professor Yusuf Ozmunning "So'z ko'kimiz, o'z ko'kimiz", ya'ni "So'z tomirimiz, o'z tomirimiz" degan kitobi dunyo yuzini ko'rdi. Bu kitobda u turkiy tillar lingvistikasi, turkiy tillarning boshqa tillar bilan aloqalari haqida gap yuritadi. Bi-bi-si olimni suhbatga tortgan.

Suhbat "So'z ko'kimiz, o'z ko'kimiz", ya'ni "So'z tomirimiz, o'z tomirimiz" degan kitob va bu kitob nima haqidaligi xususida boshlandi.

Yusuf Ozmunning aytishicha, bu kitob aslida turkman tilining ba'zi masalalriga, jumladan "xalq etimologiyasi" bag'ishlangan. Bu sohada komik holatlar ham uchraydi, deydi u. Masalan, turkmanlar "karbyurator" so'zini "qorabotir" deb, uning turkman so'zi ekanligini da'vo ham qilganlar bormish.

O'zbek tilida ham Sovetlar davrida "otdel kadrov"ni "Abdulqodir" deganidek bir holatni ta'kidlagach, Yusuf Ozmun yana bir qancha misollar keltiradi. Jumladan, "polkovnik" so'zi "mo'l ko'ynak", "legkovoy" moshina "lo'kkaboy"ga aylangani ham o'sha xalq etimologiyasi misollaridir, deydi tilshunos.

Bu kitobda nafaqat turkman tili xususida, balki turkiy tillarning qo'shni tillar bilan munosabatlari haqida ham gap yuritiladi. Yusuf Ozmun talaygina lingvistik masalalar qatori turkman oti, gilami haqida ham alohida to'xtalgan. Misol tariqasida "gilam", yo turkiysi "qalin" so'zi avvaliga "qavuz", "qobuz", "qavur" shakllarida bo'lganini, va ayni shu shaklda rus tiliga "kovyor" bo'lib o'tganini ta'kidlaydi.

Turkiy tillarda bir holat mavjud, deylik, turkiy bo'lgan "kirpich" yo "ayva" degan so'zlar rus tiliga ko'chganu, ularning o'rnini forsiy "g'isht" va "behi" egallagan. Bu holat teskarisiga ham ishlaydimi, degan savolga tilshunos olim turkiy so'zlarning fors tiliga keng miqdorda kirib borganinig misollarini keltiradi.

Aslida, deydi u, turkiy tillarga forsiy so'zlarning kirib kelishidan teskarisi kattaroq, ya'ni olimning hisoblariga ko'ra hozirgi fors tilida u bir necha ming turkiy so'zlarni topgan. Ayniqsa toponimlar masalasida Eronda "Qora" bilan boshlanadigan er nomlari ko'p: "Qoratepa", "Qorako'l", "Qoratog'", "Qorabog'" va hokazolar.

Turkiy so'zlar hatto Attila davrida Ovro'po tillariga o'tgan. Masalan, "king" - "xon" so'zi "kang" - "ota" so'zidan kelgan.

Hozirgi paytda Markaziy Osiyo filologisi va lingvistikasi holati chekkadan qaraganda qay holatda degan savolga Yusuf Ozmun ko'plab tadqiqotlar olib borilayotganini, lekin, deylik, Turkmanistonda bironta bu sohada kitob chiqmaganini aytadi.

"O'rtoq" Turk tili degan narsa 90-nchi yillarda keng muhokama qilingan edi, Sizningcha bunga ehtiyoj bormi, yo turkiy tillar har biri o'z yo'lida rivojlanavergani tuzukmi?- degan savolga Yusuf Ozmun har tilning o'z yo'lida rivojlanishi tarafdori ekanligini bildirib, "o'rtoq" turk tili masalasi o'ta qiyin ekanligini ta'kidladi.

Suhbatni to'liq holatda audio shaklida quyida tinglashingiz mumkin.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
Юсуф Азем
  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio