Toshkent-Andijon yo'nalishida poezd qatnovi boshlanadi

'O'zbekiston temir yo'llari' shirkatiga ko'ra, yangi qurib bitkazilgan 'Angren-Pop' temir yo'li orqali Toshkent-Andijon-Toshkent yo'nalishidagi ilk yo'lovchi poezdining qatnovi 27 avgustdan boshlab amalga oshiriladi.

Poezd 27 avgust kuni ertalab 8:30 da Toshkentdan yo'lga chiqib, Qamchiq dovoni osha Angren, Orzu, Pop, Qo'qon, Marg'ilon, Andijon shaharlarida to'xtab o'tadi.

Harakat to'liq yo'lga qo'yilguniga qadar aholiga 20 avgustdan boshlab, poezd qatnov vaqtlari e'lon qilinishi aytilgan.

Qurilishiga xitoylik mutaxassislar yordam bergan 'Angren-Pop' temir yo'li iyun oyining oxirida foydalanishga topshirilgan edi. Ma'lumotlarga ko'ra, temir yo'lning uzunligi 123,1 km.ni tashkil qiladi.

2015 yil Jahon Bankining direktorlar kengashi O'zbekistondagi Pop-Angren temir yo'l loyihasi uchun 195 million dollar ajratish qaroriga imzo chekkan edi.

Yangi, boshqa bir davlatga kirmasdan o'z hududlarini bog'lay oladigan temir yo'l qurilishi O'zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega bo'lib, Farg'ona vodiysini O'zbekistonning boshqa viloyatlari bilan bog'laydi.

Mazkur loyiha Toshkent viloyatining Angren shahri va Namangan viloyatining Pop shahrini temir yo'l bilan bog'lab, vodiyga eltuvchi naqliyot xizmatlarini yaxshilashi ko'zda tutilgan.

Poezd 12ta yo'lovchi vagonidan iborat bo'ladi.

Yangi temir yo'l 7,6 million odamga engillik tug'dirishi rejalangan. Shuningdek, kichik va o'rta bizneslar kattaroq bozorlarga chiqishi va daromadlarini oshirishi mo'ljallanadi.

Rejaga ko'ra, birinchi yil 600 ming nafar yo'lovchi tashish ko'zda tutilgan.

O'zbekistonliklarga 'pereval' deya tanish bo'lgan yo'l hozirda Toshkent va vodiyni bog'lovchi yagona yo'ldir.

Ayrim mutaxassislar millionlab dollar sarmoya talab qilgan bu kabi loyihaning samaradorligiga shubha bilan qaragan edilar.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio