Tokioda uchrashguncha!

"Marakana" stadionidagi yopilish marosim Image copyright Getty Images

Rio-2016 nomi bilan tanilgan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahridagi XXXI Yozgi Olimpiadasining tantanali marosimi bo'lib o'tdi.

Braziliyaga xos sho'x musiqa va Samba raqslariga boy uch soatlik yopilish marosimi 21 avgustdan 22 avgustga o'tar kechasi "Marakana" stadionida o'tkazildi.

Xalqaro Olimpiya Qo'mitasi Prezidenti Tomas Bax Rio Olimpidasini "hayratlanarli Olimpiya O'yinlari" deb ta'rifladi.

Bu Erning Janubiy yarim sharida tashkillashtirilgan birinchi, Lotin Amerikasidagi esa ikkinchi olimpiada bo'ldi.

Rio-2016 Olimpiadasi 5 avgustdan 21 avgustgacha - 16 kun davom etdi.

Unda rekord darajada ko'p - 207 mamlakatdan 11303 sportchi qatnashdi.

Rio Olimpiadasida ilk bor Kosovo va Janubiy Sudan sportchilari ham ishtirok etdilar.

Rio-2016 qator mojarolar bilan boshlandi.

Image copyright Science Photo Library

Braziliyaning o'zida siyosiy inqiroz yuzaga kelgan, korruptsiya janjali sabab prezident Dilma Rusefni may oyida vaqtincha lavozimidan chetlatdilar.

Olimpiya O'yinlari mash'alasini vitse-prezident Mishel Temer ochib berdi.

Mintaqada Zika virusi tarqalgani ham Braziliyadagi o'yinlardan oldin xavotirlarga sabab bo'ldi.

Olimpiada arafasida Rossiyada sportchilarning doping qo'llashi davlat miqyosida qo'llab-quvvatlanadi, degan xulosaga kelingan hisobot e'lon qilindi.

Image copyright AFP

Mamlakatdagi kambag'allik va jinoyatchilik darajasi baland bo'lgani sportchilar va mehmonlarning ko'chalarda emin-erkin sayr qilishlariga to'sqinlik qilgani aytildi.

Barcha qusurlariga qaramasdan, Braziliya Olimpiadasi yorqin va esda qolarli olimpiadalardan biri bo'ldi, deb hisoblashadi ko'pchilik.

Rio Olimpiadasida 306 oltin medal qo'lga kiritildi.

Eng ko'p medallarga AQSh sportchilari ega bo'ldilar.

AQSh hisobida 121, oltin medallarining soni ko'pligi bo'yicha ikkinchi o'rinda bo'lgan Britaniyada 67, Xitoyda 70, Rossiyada 56, Olmoniya hisobida 42 medal to'plandi.

Medallarining ko'pligi bo'yicha O'zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi o'rinni egalladi.

Image copyright Getty Images
Image caption Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Mario rolida

O'zbekistonlik sportchilar 4 oltin, 2 ta kumush, 7 ta bronza, jami 13 medal bilan 207 mamlakat orasida 21-o'rinni egalladi.

"Marakana" stadionidagi yopilish marosimida olimpiada estafetasi 2020 yildagi Tokioga topshirildi.

Stadionda Yaponiya Bosh vaziri Shinzo Abe Yaponiyaning Nintendo shirkati tomonidan ishlab chiqarilgan va videoo'yinlar tarixida eng mashhur bo'lgan Mario rolida paydo bo'ldi.

Sportchilar, sharhlovchilar, siyosatchilar va tomoshabinlar "Tokioda uchrashguncha!", deya xayrlashdilar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring