Moskva jinoiy urush bo'sag'asidami?

Rovshan Djaniev Image copyright APA

"Qonundagi o'g'ri" Rovshan Lenkoranskiy o'tgan hafta Istanbulda o'ldirilganidan so'ng, Lenkoran yashovchilaridan birining BBC Ozarbayjon xizmatiga aytishicha, Rossiya bozorlarida ishlagan ozarbayjonliklar og'ir ahvolda qolishlari mumkin.

"Endi ularning beli sindi. Ularga bozorlarda hech kim "g'ing" deyolmasdi. Na politsiya, na OMON, hech kim ularning ishlariga bosh suqmasdi. Lenkoranskiyning otini aytish kifoya edi, bu xolatda ikkinchi suhbatga hojat yo'q edi" - deydi lenkoranlik bu yashovchi.

Moskvaning ko'kat bozorlari ustidan o'zining qattiq qo'l nazoratini anchadan beri ushlab kelgan Rovshan Lenkoranskiy (Djaniev) o'tgan juma kuni Istanbulning "Konrad" otelidan yarim tunda o'z shotirlari bilan uchrashib bo'lgach, chiqib kelganida, o'zining "Lend Rover" mashinasida haydovchisi bilan birga avtomat o'qlariga tutilgan va shifoxonaga yetkazilgach, jon bergan.

Uning jasadi dam olish kunlari o'z yurtiga yetkazilib, u yerda minglab insonlar ishtirokida yerga berilgan.

Rovshanni kim va nimaga o'ldirdi?

2009 yili post-Sovet jinoiy dunyosining kaloni Yaponchik laqabli Vyacheslav Ivankov otib o'ldirilgach, milliardlab dollar qiymatidagi jinoiy dunyoda kim zo'r degan kurash boshlandi. Kazolikka ikki da'vogar va ikki guruh paydo bo'ldi. Biri - yazid kurdlaridan bo'lmish "Ded Xasan" (Aslan Usoyan)ning tbilisiliklar klani, ikkinchisi "Taro" laqabli gurji (Tariel Oniani)ning kutaisiliklar guruhi.

Ko'plab otishmayu-qirg'inlardan so'ng Ded Xasanning qo'li baland keldi va u qamoqqa tushgan "Taro"ni "qonundagi o'g'ri" unvonidan ham mosuvo qildi. Lekin "Taro"ning odamlari va bular qatoridagi Rovshan Lenkoranskiy yangi "hokimiyatga" tan berishgani yo'q va 2013 yilining yanvar oyida, aytilishicha, Rovshanning odamlari "Ded Xasanni" otib o'ldirishdi.

Jinoyatchilar dunyosida yana ur-talash boshlandi. Bir yil o'tgach Ispaniyadagi qamoqdan ozod bo'lib Rossiyaga "Shakro molodoy" laqabli yazid kurdlaridan Zaxariy Kalashov degan "qonundagi o'g'ri" qaytib keldi va post-Sovet hududlaridagi jinoiy dunyoning hokimiyatini o'z qo'liga oldi. U ikkala qarama-qarshi guruhni birlashtirmoqchi bo'lib, to "Taro" va uning safdoshlari "Merab Suxumskiy" va Rovshan Lenkoranskiylar kimi qamoqdan chiqqunicha, kimi chet eldan qaytgunicha, barcha mubohasaviy masalalarga "moratoriy" e'lon qildi.

Lekin bu yilning iyul oyida "Shakro" ham qamoqqa olingach, qamoqdan chiqqan Merab Suxumskiy va Rovshan Lenkoranskiylar Istanbulda uchrashib, hokimiyat uchun kurashni qayta boshlab yuborishganini jinoiy ishlar bo'yicha mutaxassislar ta'kidlashdi.

Xabarlarga ko'ra, ularning tarafdorlari iyul oyida Turkiyani Antaliya shahrida hatto "qonundagi o'g'rilarning" kalonlaridan biri, "Ded Xasan" tarafdori "Jora Tashkentskiy" laqabli Georgiy Sorokinni urib ketishgan.

Manbalarimizning fikricha, Rovshan Lenkoranskiyni "Ded Xasan" tarafdorlari bo'lgan o'g'rilar tomonidan yollangan kurdlar o'ldirib ketgan bo'lishlari mumkin.

Endi nima bo'lishi mumkin?

"Shakro" qamalmasidan avval uning odamlaridan biri - Vagif Suleymanov degan "qonundagi o'g'ri" Moskvadagi ko'kat bozorlarini o'zining qo'liga olmoqchi bo'lgan, deydi manbamiz.

"Shakro" qamalgach, Rovshanning odamlari ancha faollashib, bozorlar uchun tortisha boshlagan. Endi, Rovshan otib ketilgach, uning Moskvadagi odamlariga raqiblari tarafidan hujumlar boshlangan.

Boshqa tarafdan - eng yirik o'g'rilar - "Shakro" va "Taro" qamoqda ekanlar, "o'g'ri-kalon" roli uchun ham kurash qaytadan faollashib ketgan.

Manbalarimizning aytishicha, bu kurashda "Ded Xasan" tarafdori, hozirda Yunonistonda yashovchi gurji Lasha Shushanashvili ("Lasha Rustavskiy") o'ta faollik ko'rsatmoqda. Shuni ham aytib o'tish joizki, O'zbekistonning jinoiy dunyosi eskidan "Ded Xasan" va uning tarafdorlari bilan til biriktirgan.

Lenkoranda esa "Rovshan Lenkoranskiy"ning 60-70 ming odam ishtirokidagi janozasidan qaytgan boyagi manbaning so'zlariga qaraganda, Moskvada yana otishmalar boshlanishi ehtimoli kattadir.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring