"O'zbek-Qirg'iz chegarasida vaziyat barqaror"

O'zbek-Qirg'iz chegarasidagi post

O'zbekiston-Qirg'iziston chegarasidagi bahsli hududlarda yuz bergan tomonlar bir-birini ayblagan so'nggi hodisalar ortidan vaziyat barqaror qolayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

O'zbekiston va Qirg'iziston chegarani qo'riqlash xizmatlari rasmiylari 22 avgust kuni Qirg'izistonning Jalolobod viloyati Aqsu tumanidagi Mamay degan joyda uchrashganlar.

Xabarlarga ko'ra, Qirg'iziston tarafi nega O'zbekiston bahsli hududga qurolli Ichki ishlar vazirligi xodimlarini joylashtirgani sababini so'raganlar.

O'zbekiston rasmiylari esa bundan oldin Qirg'iziston tomonidan qo'lga olingan militsiya xodimini bo'shatishni talab qilgan.

Ma'lum bo'lishicha, 13 avgust kuni O'zbekiston Kosonsoy suv ombori deb biladigan, Qirg'iziston esa o'zining Orto-Tokoy suv ombori deb aytadigan suv havzasini qo'riqlayotgan Kosonsoy tuman militsiya xodimi Qirg'iz rasmiylari tomonidan qo'lga olingan.

Qirg'iz tarafi kosonsoylik militsionerni noqonuniy chegaradan o'tishda ayblagan.

Suv ombori atrofida Qirg'iziston politsiya postlarini tashkil etgan.

22 avgust kuni Qirg'iziston teleminorasi joylashgan, O'zbekiston Ungartepa deb ataydigan, Qirg'iziston esa Ungar-Too deb biladigan bahsli hududga tikucharda 7 nafar qurolli O'zbekiston militsioner joylashtirilgan.

Shundan so'ng ikki tomon muzokaralarni boshlaganlar.

Ikki mamlakat chegara xizmatlari rahbarlari telefon orqali muloqotda vaziyatni muhokama etganlari xabar qilingan.

O'zbek-Qirg'iz chegarachilari uchrashuvidan keyin 13 avgustda qo'lga olingan o'zbekistonlik militsiya xodimi qo'yib yuborilgan.

Qirg'iz rasmiylariga ko'ra, militsioner ustidan mahkama bo'lib o'tgan, mahkama uni aybdor deb topib jarimaga tortish haqida qaror chiqargan.

Shundan keyin u O'zbekiston tarafiga topshirilgan.

Ayni paytda O'zbekiston mustaqillik bayrami arafasida Qirg'iziston bilan chegaralarini yopgani xabar qilingan.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring