Blog: bir yashirin tashkilot tarixi

Mirtemir Mirabdullaev
Image caption Mirtemir Mirabdullaev mustaqillik gurunglarini 1964 yillari boshlagan

O'tgan asrning 60 yillari O'zbekistonda Sovetlar davrida yashirin tashkilot tuzilgan ekan. Yashirin tashkilotning asoschisi va rahbari Mirtemir Mirabdullaev bo'lgan ekan. Mirtemir Mirabdullaev 1940 yil Toshkent shahridagi Beshyog'och mahallasida tug'ilgan. U haqda 2000 yili nashr etilgan "O'zbekistonning yangi tarixi" kitobining ikkinchi tomi 519-betida quyidagilar bitilgan:

"…Respublikada mustaqillik, ozodlik uchun harakat to'xtamadi. 60- yillarga kelib bunday harakat tashabbuskorlaridan biri ToshDUning siyosiy iqtisod kafedrasi o'qituvchisi Mirtemir Mirabdullaev edi. U o'zining bir necha hamfikrlari bilan "Ozod uyushma" deb nomlangan norasmiy, yashirin tashkilot tuzadi. Uyushma a'zolari O'zbekistonni SSSRdan ajralib chiqishi va mustaqil davlat barpo qilish, o'zbeklar boshqalarning yordamisiz ham o'z iqtisodiyotini rivojlantirishga, mamlakatni o'zlari boshqarishga qodir, degan g'oyaga asoslangan edi. Biroq "Ozod uyushma" oyoqqa turmasdan, uning tashkilotchilaridan biri M.Mirabdullaev mustabid tuzum tomonidan qamoqqa olinadi va 1971 yili 31 avgustda Toshkent shahar sudi tomonidan unga "millatchi" tamg'asi bosilib, jinoiy javobgarlikka tortiladi. Faqat O'zbekiston mustaqillikni qo'lga kiritganidan so'ng adolat qaror topib, 1992 yil bahorida M.Mirabdullaev oqlandi".

G'oyaning tug'ilishi

Mirtemir Mirabdullaev kommunist oilasida voyaga yetgan. Otasi Mirvahob Mirabdullaev Qizil armiya safida jang qilgan, keyinchalik sovet xo'jaligi tashkilotlarida ishlagan. Mirtemir rus maktabida tahsil oladi. Ruscha gapirib sovetcha fikrlaydigan do'stlari davrasida intellekti rivojlanadi. Toshkent Davlat Universitetida o'qiydi.

O'zbekistonni SSSRdan ajratib olish g'oyasi, o'zining aytishicha, 1960 yillar boshida shakllana boshlaydi. Universitetda o'qib yurgan vaqtlari, "o'zbek millati ruslarga qanchalik qaram", "O'zbekiston davlatchiligi formal-(nomiga)" kabi tushunchalar haqida fikr yurita boshlaydi. Universitetgacha bunday fikrlar beg'am bo'lib o'sgan Mirtemirning xayoliga ham kelmagan, yetti uxlab tushiga kirmagan edi.

Universitetdagi kommunist, rus o'qituvchilari yerlik aholiga past nazar bilan qarashar edi. O'zbek millati tarixini yerga urishar edi. Bu kamsitishlar Mirabdullaev dunyoqarashi shakllanishiga turtki berdi, xolos.

M.Mirabdullaevning siyosiy iqtisod fani bo'yicha mutaxassis bo'lgani ham uning botinidan mustaqillik g'oyasi qalqib chiqishi, albatta, tabiiy edi. Faqat bu g'oyani qo'rqmasdan yuzaga chiqarish uchun harakat boshlashi, bu endi qahramonlik hisoblanadi..

"1963 yilning yozida Issiqko'lga dam olgani borgan edim, - deb xotirlaydi qahramon. - Eski nomi Frunze, hozirgi Bishkek shahri o'sha vaqtda aholisi deyarli 90 foiz ruslashgan edi. Avtobusda ketayotgan edim. 40-50 tacha rus millatiga mansub yo'lovchi bor. Yo'ldan ikkita qirg'iz chiqishdi. Yo'lovchilar va qirg'izlar o'rtasida janjal chiqdi. Ruslarning hammasi bir bo'lib qirg'izlarni urib boshladi, men qirg'izlarni himoya qilib janjalga qo'shildim, oxir-oqibat biz uchovlonni avtobusdan tushirib yuborishdi. Men hech qachon shovinistik qarashdagi millatchi bo'lmaganman", deb xotirlaydi qahramon. Atrofda bo'layotgan ochiq va yashirin shovinistik qarashlar bizlarda millatchilikni uyg'ota boshladi. Universitetdagi kafedra mudiri Viktor Nikolaevich Malenin ochiqchasiga shovinistik qarashlarni o'rtaga tashlardi.

"1966 yil… Siyosiy iqtisod kafedrasida ishlar edim. Seminar mashg'ulotlarini o'tkazib turaman. O'zim ham boshqa mutaxassislar seminarlarida qatnashaman… Bir kuni kafedra mudiri o'rinbosari, dotsent, eruditli mutaxassis Dmitriy Stolyarov seminarni olib bormoqda edi. O'zbekiston byudjeti masalasi seminar mavzularidan biri edi. Bir guruh talabalar doklad o'qishdi. Adashmasam, Markov degan talaba edi. Respublika dotatsiya bilan kun ko'rar ekan, bu millat 3 sortdagi ekan, shunday ekan, bu respublikani tarqatib yuborish kerak, degan shovinistik kayfiyatdagi gaplarni vaysab ketdi".

Bu voqealarning barchasi Mirtemir Mirabdullaevning milliy g'ururiga, izzat-nafsiga tegib boshlaydi, natijada…

Ko'k burgutlar

Mirtemir Mirabdullaev mustaqillik g'oyasini ro'yobga chiqarish uchun hamfikrlar izlay boshlaydi. Avvaliga kelajakdagi tashkilotning boshqaruv yadrosini eng ishongan odamlar bilan to'ldirish kerak edi. U, akasi Mirbotir Mirabdullaev vaToshDUning tarix fakultetida tahsil olgan Sodir Salimov bilan 1964-1966 yillar oralig'ida ko'rishadi: mustaqillik g'oyasi haqida gurunglar tashkil qilib turadi. Asosiysi, ularni ruhan bu g'oyaga tayyorlash kerak edi.

Nihoyat 1966 yilning 21 avgustida Shofayiz mahallasining Behzod ko'chasida joylashgan Mirtemirning xonadonida uchovlon uchrashishadi. Yashirin tashkilotning umumiy rahbari etib Mirbotir Mirabdullaevni saylashadi. Tashkilot mafkurasini shakllantirish bo'yicha mas'ul etib Sodir Salimov tayinlanadi. Mirtemir Mirabdullaev esa tashkilotga nomzodlarni qabul qilish bilan shug'ullanishni zimmasiga oladi.

"Men, - deydi Mirtemir Mirabdullaev. - tashkilotning boshqaruv yadrosi 5 kishidan iborat bo'lishi kerak degan taklifni kiritdim. Bu yadrodan tashqari yana boshqa 5 kishidan iborat avtonom guruh tashkil qilinadi. U guruh orqali yana boshqa 5 kishidan iborat avtonom guruh paydo bo'lib, zanjirday bir-biriga bog'lanib ketaverishi kerak edi. Ammo ma'lum vaqt kelguncha har bir guruh boshqa guruhdagi tashkilot a'zolarini shaxsan bilmasliklari lozim edi. 66 yilning oxiri 67 yil boshida Sodir va Botir tashkilotimizga xayrixoh ikki kishini jalb qilishdi. Bu ikki kishidan biri Mahmud Mag'rupov edi. Keyinchalik fizika-matematika fanlari doktori. U 1991 yilning dekabr oyida 57 yoshida qazo qildi."

Mirtemir Mirabdullaev:

"Ko'k burgut hurlik va botirlik timsolini beradi. Bu burgut tog' ustida uchayotgan vertolyotga ham qarshi hujum qilib uni ishdan chiqarishi mumkin, hatto. Sovet Ittifoqining eng qaynagan davrida bizning mustaqillik g'oyasini ilgari surishimiz, albatta, jinnilikday tuyuladi. Lekin, ko'ryapmizki, ko'k burgutga o'xshab qilgan harakatimizni yaqin tarix xato bo'lmaganini isbot etdi."

Tashkilotning fosh etilishi

Image caption Abdulla Hojiboev "polvon" laqabini olgan

Mirtemir Mirabdullaev o'zi bilan birga o'qigan kursdoshlarini ham bu g'oya ostida birlashishga da'vat qilib boshlaydi.

M.Mirabdullaev talabalik davrida o'zbek guruhida o'qiyotgan kursdosh tengdoshlarining fikrlarini kuzatib boradi. Bahodir Bahriddinov va Qahramon Haydarovlarga ham mustaqillik g'oyasini targ'ib qiladi. Bahodir Bahriddinov armiya safiga chaqiriladi. Shuningdek, armiyada boshqa o'zbek yigitlarini o'rganib ,ularni tashkilot ishiga jalb qilish topshirig'ini oladi. Bahodir 3 yillik harbiy xizmatdan qaytadi. Xizmatdoshi, andijonlik Obidjon Rustamovni Mirtemirga tanishtiradi. M. Mirabdullaev O.Rustamov bilan yakkama-yakka uchrashadi. U ham alohida besh kishidan iborat guruh tuzib tashkilotning buyruqlarini kutish lozim bo'ladi.

Hojiboev Abdulla 1941 yilda tug'ilgan, til-adabiyot fakultetini tamomlagan. Tashkilotning eng ishonchli a'zolaridan biri bo'lgan. M.Mirabdullaev, uni haqiqiy vatanparvar deb biladi. O'zbekning mard odami Abdulladay bo'lishi kerak deydi.

Abdulla Hojiboev institut, maktablarda dars bergan, hozir nafaqada. Yirik jussali ham kurashlarda qatnashib turgani uchun "Polvon" laqabini olgan. Abdulla Hojiboev 60 yillardagi voqealarni eslaydi, 60 yillarda kishilar ilmli edi, o'qituvchilarning bilim berish darajasi ham yuqori edi, deydi. Abdulla polvon Hojiboevning fikrlash salohiyati hozirgi o'qituvchi-ziyolilarnikidan ancha yuqori ekani suhbat asnosida bilinib turadi.

Shu bilan birga hamfikrlar ichida KGBning "quloq"lari ham bor ekan. 1971 yilning 28 mayi, juma kuni, kunduzi soat 12 atrofida Davlat Xavfsizlik Qo'mitasi xodimlari M.Mirabdullaevni Volga mashinasida o'tirg'izib, so'roq qilish uchun mahkamaga olib ketishadi.

Mirabdullaev 71 yilning yozini KGB erto'lasida o'tkazadi. Har kun so'roq-dashnom. Kechki vaqt, uxlash oldidan esa Qo'mita raisining o'rinbosari, shaxsan Levon Melkumov uni so'roq qiladi.

Mirabdullaev o'shanda bu so'roqlarni o'zicha tahlil qiladi. Uni ancha yillardan beri kuzatib yurishganini bilib qoladi. U, "odamzotning 99.9 foizi sotqinlik tabiatiga ega, duch kelganda sotib ketishi mumkin", deydiyu afsus chekib, "Yo, Xudo adashgan bo'lay bu xususda", deydi umid bilan.

KGB kamerasida Mirabdullaev bilan birga Qrim-Tatar millatiga mansub, shoir Lenur Ibraimov ham yotgan edi. U O'zSSR J.Kodeksining 4-qism 191-moddasi bo'yicha, ya'ni Sovet tuzumini izdan chiqaruvchi varaqalar tarqatganlikda ayblanadi. Keyinchalik bu modda bo'yicha ozodlikdan mahrum etiladi.

1971 yilning 31 avgustida Toshkent shahar Sudi tomonidan O'zSSR J.Kodeksining 64 moddasi- millatlar o'rtasida nizo chiqarish aybi to'qilib, Mirabdullaev 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Qizig'i shundaki, deydi M.Mirabdullaev, roppa-rosa 20 yildan keyin O'zbekiston mustaqillikka erishdi.

Shu yilning 21 avgust kuni yashirin tashkilotning faoliyat boshlaganiga 50 yil to'ldi.

O'zbek matbuotida qahramon oqsoqollarning mustaqillik g'oyasi ostida kurashgani eslanmaydi, yoritilmaydi. Jamoatchilik esa ularning sovet davrida olib borgan kurashini deyarli bilmaydi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring