Prezident Karimov: "Mirziyoev zimmasiga yuklansin"

Hasanboy Do'stmatov Image copyright AFP

O'zbekiston prezidenti XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari g'oliblarini pul mukofotlari bilan taqdirlashga farmoyish berdi va uning ijrosi nazoratini Bosh vazir Shavkat Mirziyoev zimmasiga yukladi.

G'olib sportchilariga pul mukofotlari va'dasi bilan chiqqan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlaridan farqli tarzda prezident Islom Karimovning farmoyishi aynan O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Riodan Toshkentga qaytgan bir kunda yangradi.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi esa, Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida tarixiy natija qayd etib, 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 ta bronza medali bilan kecha dushanba - 23 avgust kuni ortga qaytdi.

Ya'ni, o'zi ishtirok etgan o'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida O'zbekiston na-da buncha sondagi oltin va na-da buncha sondagi ko'p medal qo'lga kiritgandi.

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov esa, oltin medal olgan har bir sovrindor sportchining $200.000, kumush medali olgan har birining $100.000 va bronza medali olgan har birining $75.000 AQSh dollari miqdoridagi mukofot pullari bilan taqdirlanishiga farmoyish berdi.

O'z o'rnida alohida ta'kidlash joiz, bu - O'zbekiston rahbariyati 2012 yilgi London Yozgi Olimpiada O'yinlarida va'da qilgan mukofot puli miqdoridan ikki barobariga ko'p mablag'dir.

Prezident Karimovning farmoyishidan ayon bo'lishicha, g'olib olimpiyachilarga mukofot pullari xorijiy valyuta - AQSh dollarida beriladi va bu jarayon soliq undirilmasdan amalga oshiriladi.

"Ushbu maqsadlar uchun zarur pul mablag'larining o'z vaqtida ajratilishini ta'minlash esa, O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga yuklatiladi".

Farmoyish tafsilotlaridan ma'lum bo'lishicha, yakunida uning bajarilishini nazorat qilishga mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev mas'ul ko'riladi.

Image copyright Reuters

21 avgust kuni rasman poyoniga etgan XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida o'zbekistonlik 4 nafar sportchi:

Hasanboy Do'stmatov (boks)

Ruslan Nuriddinov (og'ir atletika)

Shahobiddin Zoirov (boks)

Fazliddin G'oyibnazarov (boks) oltin,

Shahram G'iyosov (boks)

Bektemir Meliqo'ziev (boks) kumush,

Murodjon Ahmadaliev (boks)

Rustam To'laganov (boks)

Diyorbek O'rozboev (dzyudo)

Rishod Sobirov (dzyudo)

Elmurot Tasmurodov (yunon-rum kurashi)

Ixtiyor Navro'zov (erkin kurash)

Magomed Ibragimov (erkin kurash) bronza medallarini qo'lga kiritishgan.

Image copyright AP

Ta'kidlash joiz, O'zbekiston Qozog'iston bilan birga Rio Olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan sportchilariga eng katta pul mukofoti va'da qilgan ikkita Markaziy Osiyo, uchta sobiq Sho'ro davlatidan bittasi bo'ladi.

O'zbekiston hukumati va'da qilgan buncha miqdordagi pul mukofotiga oid xabarlar ilk bor O'yinlar arafasida o'rtaga chiqqan, ammo shu paytgacha rasman o'z tasdig'ini topmay kelayotgandi.

O'zbekiston istisno qolgan Markaziy Osiyo davlatlari o'z olimpiyachilariga turli miqdordagi pul mukofotlari va'dasi bilan O'yinlar arafasida chiqishgan.

Ammo O'zbekiston, Qozog'istondan boshqa mintaqa davlatlari va aksariyat sobiq Sho'ro davlatlari liderlarining bu xususdagi va'dalari o'z milliy pul birliklari: som, somoniy, rubl va manatda yangragandi.

Eng so'nggida eslatib o'tish joiz, Turkmaniston 10 ga yaqin sportchisi bilan ishtirok etgan Rio Yozgi Olimpiadasini biror bir sovrinli o'rinlarsiz yakunlagan.

Doping mashmashasi sabab, Qirg'iziston hisobidagi og'ir atletikachisi - shtangachisi keltirgan yagona bronza medalining taqdiri savol ostida qolgan.

Tojikiston Rio O'yinlarida bor-yo'g'i bitta oltin medali olishning uddasidan chiqqan.

Mintaqa davlatlari orasidan Rio Yozgi Olimpiadasida eng katta sondagi, ya'ni 100 dan ortiq sportchisi bilan ishtirok etgan Qozog'iston esa, 3 ta oltin, 5 ta kumush va 9 ta bronza medali olgan.

Umumjamoa hisobida esa, Markaziy Osiyo bo'yicha medallar jadvalida bu yil eng yaxshi natijani O'zbekiston ko'rsatgan.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi 78 sovrindor davlat orasidan 21-o'rinni egallagan, bu borada Qozog'istonni ham bir o'ringa ortda qoldirgan.

XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida esa, ja'mi 207 davlat vakillari sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishgandi.

5 avgust kuni start olgan O'yinlar 21 avgust kuni rasman o'z poyoniga yetgandi.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring