Тошкентдаги фазо: ‘Гўёки бу бир байрам эди...’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkentdagi fazo: "Go'yoki bu bir bayram edi..."

Toshkentdan jurnalist suhbatdoshimizning aytishicha, o'z tarixida rekord natija qayd etgan O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi poytaxt Toshkentda xuddi ana shunday qarshi olingan.

"Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni minglab muxlislar qarshi olishdi. Sonlari minglab edi, ularning sanog'iga yetib bo'lmasdi. Tasavvur qilayapsizmi, odamlar ularni kutib olgani viloyatlardan kelishdi. Sportchilarni aeroportda qarshi olish uchun muxlislar, hatto, ataydan Qoraqalpog'iston Respublikasidan tashrif buyurishdi", - deydi "News Arena" sport nashri mas'ul kotibi Ahmadjon Eshmatov.

"Hammaning kayfiyati judayam, judayam chog". Hammayoqda xursandchilik... Bu - go'yoki, bir bayram edi, ajoyib bir bayram edi".

XXXI Rio Yozgi Olimpiadasida 4 ta oltini doxil ja'mi 13 ta medal qo'lga kiritib, qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlarini ortda qoldirib ketgan, O'yinlarda Rossiya bilan birga ikkita eng yaxshi natija qayd etgan sobiq Sho'ro Respublikasidan bittasi bo'lgan O'zbekiston olimpiyachilari kecha dushanba - 23 avgust kuni poytaxt Toshkentga qaytishgandi.

Image copyright AFP

O'zbekiston bokschilari esa, hisoblaridagi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan ilk bor umumjamoa hisobida qolgan barcha Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari ishtirokchilarini ortda qoldirishgan.

Tarixda birinchi marotaba O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobiga oltinlari doxil eng ko'p medallarni keltirgan sportchilar bo'lishgandi.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko'ra, o'zbekistonlik rekordchi olimpiyachilarini qarshi olish uchun O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev, O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi prezidenti Mirabror Usmonov, O'zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliev, jamoatchilik arboblari va faxriylar ham chiqishgan.

Eslatib o'tish joiz, o'zbekistonlik olimpiyachilarni Rioga kuzatish uchun uyushtirilgan tantanali rasmiy marosimga ham mamlakat Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev boshchilik qilgandi.

Boshqa tomondan, ta'kidlash kerak, o'zbekistonlik kurashchilar o'tgan Yozgi Olimpiada O'yinlaridan farqli tarzda Rioda faqat ikkita bronza medali bilan kifoyalanishga majbur bo'lishgan.

Kurash boks qatorida O'zbekiston Yozgi Olimpiada O'yinlari tarixida eng ko'p medal qo'lga kiritgan ikkita sport turidan bittasi bo'ladi.

O'zbekistonlik kurashchilar shu paytgacha O'yinlarning 4 ta oltini doxil ja'mi 8 ta medalini olishga muvaffaq bo'lishgan.

O'sha soatda internetda imkonli bo'lgan videotasvirlar va fotosuratlarda esa, karnay-surnaylar, uning kuyiga raqs tushayotgan odamlar, g'olib olimpiyachilarning akslari tushirilgan plakatlar, O'zbekiston davlat bayroqlarini ko'tarib olgan keksayu yosh ko'zga tashlanardi.

Image copyright AFP

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasini kutib olish jarayonini yoritish uchun o'zi ham Toshkent xalqaro aeroportiga chiqqan jurnalist suhbatdoshimizning aytishicha, butunboshli tantanalar bir necha soatga cho'zilgan.

"Albatta, sportchilar ham o'zlarida yo'q xursand edi. Kerak bo'lsa, hayajonlangandan gaplarini topolmay qolishdi. Chunki bunday kutib olishni, bunday e'tiborni, muxlislarning bunday hayqiriqlarini ular tasavvurlariga ham sig'dira olmagan bo'lishsa kerak, menimcha. Shuning uchun, ular juda ham qattiq hayajonlanishdi", - deydi suhbatdoshimiz.

Toshkent xalqaro aeroportidagi tantanali kutib olish marosimi ortidan, o'zbekistonlik olimpiyachilar tushgan usti ochiq ikki qavatli avtobuslarni poytaxt aholisi ko'chalarda qandayin xursandchilik bilan qarshi olgani aks etgan videotavsirlar esa, tonggacha turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida qo'lma-qo'l bo'lib ketdi.

Bu videotasvirlarda O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi binosiga qarab yo'l solgan "Tashkent City Tour" avtobuslarida tikka turgancha, qo'llarida O'zbekiston davlat bayroqlarini hilpiratib, "O'zbekiston chempion", - deya hayqirayotgan sportchilarni qarshi olish uchun Toshkentning Bobur, Nukus, Afrosiyob, Sharof Rashidov va Navoiy ko'chalari bo'ylab odamlarning tizilib ketgani, ayrimlarining qator mashinalarda bo'lgan yo'l nazorati xodimlarining qayta-qayta ogohlantirishlariga qaramay, hatto, yo'lning o'rtasigacha chiqib borganliklarini ko'rish mumkin edi.

Image copyright AFP

Imkonli bo'lgan videotasvirlarda poytaxt aholisining ko'pqavatli uylari balkonlaridan turib, butun oila a'zolari bilan "ura"lagancha bu jarayonni tomosha qilish barobarida o'z mobil telefonlarida tasvirga olishayotganini ham anglash mumkin edi.

Toshkentdan jurnalist suhbatdoshimizning aytishicha, shodiyona va xursandchiliklar sabab, ertalabgacha ko'z yummagan o'zbekistonliklar ham ozmuncha bo'lmagan.

"Misol uchun, o'zim ham uxladimmi, uxlamadimmi, buni aniq bilmayman, to'g'risi. Ko'plab odamlar uyqusidan voz kechdi. Chunki uyqudan voz kechishga arzigulik voqealar yuz berdi...", - deydi u.

Eng so'nggida ta'kidlash joiz, Riodagisi O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi ishtirok etgan yettinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari bo'lganiga qaramay, o'tgan 24 yil davomida poytaxt Toshkent bu kabi tantanali kutib olish marosimiga sahna bo'lmagan.

"Albatta, bu nafaqat meni, balki barchamizni hayratda qoldirdi, deb ayta olishimiz ham mumkin. Lekin sportchilarimiz shunga yarasha, shunga munosib natija ko'rsata olishdi", - derkan, jurnalist suhbatdoshimiz bu tantanalarning hanuz davom etayotganini aytadi.

O'zbekistonni Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarida 70 nafar sportchisi namoyon etgandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring