O'zbekiston Senati militsiya to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

O'zbekiston Image copyright caravan.kz
Image caption Hozirgacha militsiya haqidagi maxsus qonun yo'q edi

O'zbekiston Senati parlamentning chorshanba kungi yalpi majlisida uzoq kutilgan "Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonunni ma'qullagan.

Qonun loyihasi shu yil boshida Prezident Karimov huquq-tartibot idoralari faoliyatini qattiq tanqid qilishi ortidan Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayyorlangan va parlamentning quyi palatasi - Oliy Majlisga taqdim etilgandi.

Qonun ichki ishlar organlarining tizim va tuzilmasi, ularning vakolat hamda majburiyatlari, xodimlarga talablar, shuningdek, ichki ishlar xodimlarining huquqiy va ijtimoiy himoyasini aniq belgilab berishi aytilgan.

Qonunda militsiya nomini politsiyaga o'zgartirish borasida farazlar aytilgandi, ammo aftidan, bunday o'zgarish yo'q.

Qonunsizlik

Senatorlar qonun fuqarolar haq-huquqlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidlashgan.

Shu tariqa O'zbekiston sobiq sho'ro davlatlari orasida militsiya haqidagi qonunni qabul qilgan eng so'nggi davlat bo'lgan.

Bunga qadar O'zbekiston militsiyasi 1990 yilda qabul qilingan Nizom asosida ishlab kelayotgandi.

Huquq himoyachilari mamlakatda inson haqlari eng ko'p militsiya tomonidan poymol etilishini aytib, yillar davomida ularning vakolat va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi maxsus qonunni qabul qilishga chaqirib kelganlar.O'zbekiston Senati militsiya to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Faollarga ko'ra, ichki ishlar organlari haqidagi qonunning yo'qligi xizmat vakolatlarini suiste'mol qilgan va qiynoq qo'llagan xodimlarni mahkamaga tortishni qiyinlashtirib kelgan.

Ayni paytda militsiya xodimlarining o'zlari ham ta'bir joiz bo'lsa, tizimdagi qonunsizlikdan aziyat chekkanliklarini aytishgan.

"Ichki ishlar organlari to'g'risida"gi qonun Prezident tomonidan tasdiqlanganidan 6 oy o'tib, kuchga kirishi aytilgan.

2013 yilning 25 dekabrida O'zbekistonda qiynoqlarni taqiqlovchi "Tezkor qidiruv faoliyati to'g'risida"gi qonun kuchga kirgan, ammo kuzatuvchilarga ko'ra, o'tgan vaqt mobaynida qiynoqlar kamaygani kuzatilmaydi.

Mahalliy inson haqlari faollarining aytishlaricha, ichki ishlar organlari to'g'risidagi qonunning kuchga kirishi ham amaliyotda qonun ustivorligini qanchalik ta'minlashi savol ostida.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring