Rossiyada muhojirlar to'layotgan soliqlar miqdori haddan ortiqmi?

Rossiya

2015 yil yanvar oyidan boshlab, Rossiyada "ishlash uchun ruxsatnoma" bekor qilinib, muhojirlar to'liq patent tizimiga o'tkazilgan edi.

O'z vaqtida Rossiya matbuotida bu o'zgarishlar mehnat muhojirlariga bir talay qulayliklar tug'dirishi haqida xabar qilingan bo'lsa, bugungi kunga kelib, muhojirlar orasida bu holatdan norozilar ko'paygani aytilmoqda.

Rossiya mehnat muhojirlari kasaba uyushmasi rahbari Renat Karimovning "REGNUM" axborot agentligiga bildirishicha, Moskva shahrida mehnat qilayotgan muhojirlar patent to'lovlari arzonlashtirilishi hamda to'lovlarni amalga oshirish jarayonining osonlashtirilishini so'rab shahar hokimligiga yozilgan murojaatnomaga imzo to'plamoqdalar.

Patent asosida mehnat qilayotgan muhojirlar to'layotgan soliqlar Rossiyaning turli mintaqalarida o'rtacha ish haqining miqdoriga qarab farq qiladi. Moskva shahrida bu to'lov 4200 rublga teng bo'lib, ko'pchilik muhojirlar uchun og'irlik qiladi.

Bundan tashqari, kasaba uyushmasi rahbarining so'zlariga ko'ra, muhojirlarning ish haqidan 13 foizi ish beruvchilar tomonidan davlatga to'lanadigan soliq sifatida ushlab qolinishi oqibatida, mehnat muhojirlari ikki tomonlama soliqlar qurshovida qolishmoqda.

Markaziy osiyolik muhojirlar Renat Karimovning gaplarini tasdiqlaydilar:

"Avvallari razreshenie na rabotu qilar edik. Ishxona bilan shartnoma tuzilib, o'sha shartnomada ko'rsatilgan soliqni ish haqidan to'sib qolishardi xolos. Bugun ham 4200 rubl patentga to'layapmiz, ham oylikdan soliqqa deb ushlab qolishayapti. Rossiyada ham pul topish qiyin bo'lib qoldi", - deydi Moskva shahrida qurilish korxonasida ishlayotgan Tohirjon.

Rostov viloyatidagi muhojirlarning aytishicha, korxonalar bilan tuzilayotgan shartnomalarda ish haqi ataylab kamaytirib ko'rsatiladi. Ish haqidan soliq uchun to'sib olinayotgan paytda esa, muhojirning haqiqiy maoshidan 13 foizi ushlab qolinadi.

"Biz oyligimizdan to'sib olinayotgan pullarning qanchasi davlat xazinasiga tushishini aniq bilmaymiz. Bilganimizda ham nima qilardik? Hozir ish topish oson emas, chidashga to'g'ri keladi", - deb aytadi O'zbekistonlik mardikor Doniyorbek.

Shu o'rinda masalaning yana bir jihatiga e'tibor qaratish lozim.

Rossiyada chet el fuqorolari, shu jumladan markaziy osiyolik muhojirlarni ishga yollash asnosida mehnat shartnomasi imzolagan jismoniy shaxslar ham davlatga soliq to'lashlari kerakmi degan savol ko'pchilikni qiziqtiradi.

Muhojirlarning ma'lum qilishlaricha, ko'pchilik ish beruvchilar chet el fuqorosini ishga yollaganim uchun soliq to'lashim kerak bo'ladi degan andishada mehnat shartnomasi yoki fuqorolik huquqiy shartnomasi imzolashdan bosh tortadilar. Bu esa muhojirlarning ish haqini to'liq va o'z vaqtida undirib olishlarida muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Rossiyada muhojirlar muammolari va migratsiyaga oid yangiliklarni jamoatchilikka etkazib berayotgan www.migranto.ru portali masalaga oydinlik kiritish maqsadida, Federal soliq xizmati (FNS) ga savol bilan murojaat qilgani haqida xabar bergan.

Rossiya federatsiyasi davlat fuqorolik xizmati maslahatchisi V.A. Nosenkov tahririyatning savollariga javob qaytarar ekan, soliq kodeksining 226 moddasi 1 bandiga muvofiq, xususiy tadbirkorlik bilan shug'ullanmaydigan jismoniy shaxs boshqa bir jismoniy shaxs bilan mehnat shartnomasi yoki fuqorolik-huquqiy shartnomasini imzolagan taqdirda soliq to'lash majburiyatini olmasligini ma'lum qilgan.

Shunga ko'ra, jismoniy shaxslar qo'lida ishlayotgan muhojirlar o'z mintaqalarida belgilangan miqdorda patent to'lovlarini amalga oshirishlari kifoya qilishi aytilgan.

Yevroosiyo ittifoqiga a'zo mamlakatlar fuqorolari esa, jismoniy shaxslarga ishga yollanar ekan, har qanday soliqdan ozod ekanliklari ham ma'lum qilinadi.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring