O'zbekiston Qozog'iston bilan chegarani qisman yopdi

Chegara

Qozog'iston Chegara Xizmati vakilining BBCga bildirishicha, o'zbek tomoni 22 avgustdan Qozog'iston bilan chegarada harakatni cheklashini ma'lum qilgan.

Qozoq tomoni chegaraning to'la yopilgani haqidagi xabarlarni rad etdi.

Qo'shni davlat Chegara Xizmati vakilining so'zlariga ko'ra, 4 sentyabrga qadar davom etadigan cheklangan tartib faqat avtomobil yo'llaridagi chegara - o'tish nuqtalarida amal qiladi.

Vaqtinchalik tartibga muvofiq, Qozog'istondan O'zbekistonga qaytayotgan o'zbek fuqarolari, shuningdek, O'zbekistondan Qozog'istonga qaytayotgan qozoq fuqarolarining vataniga qaytishiga ruxsat etiladi.

Shuningdek, qo'lida aviabileti va shoshilinch telegrammasi bor fuqarolar, diplomatlar va rasmiy hay'atlar a'zolari hamda xalqaro yo'nalishda qatnovni amalga oshirayotgan haydovchilarning chegaradan o'tishiga to'sqinlik qilinmaydi.

Shu tariqa O'zbekiston mustaqillik bayramidan qariyb 10 kun avval o'zining shimoliy qo'shnisi bilan chegarada harakatni cheklamoqda.

Ammo qozoq tarafining aytishicha, bu haqdagi bildirishda mustaqillik bayrami sabab qilib keltirilmagan.

"Bizga shu-shu muddatda chegarada harakat cheklanadi, degan narsa aytiladi, biz ham shunga yarasha choralarni ko'ramiz. Har doim shunday bo'lgan", deb aytdi BBC bilan suhbatda ismi tilga olinishini istamagan Qozog'iston Milliy Xavfsizlik Qo'mitasi Chegara Xizmati vakili.

Avvalroq Qirg'iziston Chegara Xizmati 22 avgustdan boshlab O'zbekiston chegarani vaqtinchalik yopganini e'lon qilgan edi.

Ayni paytda har ikki tomon o'zbeklar O'ngartepa, qirg'izlar esa Ungar-Too deb ataydigan chegara mintaqasidagi ziddiyatni echishga harakat qilayotgani haqida xabarlar olingan.

22 avgust kuni Qirg'iziston teleminorasi joylashgan bahsli hududga O'zbekiston o'zining 7 nafar qurolli militsiya xodimlarini joylashtirgan.

Shundan so'ng ikki tomon muzokaralarni boshlaganlar.

Ikki davlat chegara xizmatlari rahbarlari telefon orqali muloqotda vaziyatni muhokama etganlari xabar qilingan.

O'zbek-Qirg'iz chegarachilari uchrashuvidan keyin 13 avgustda qo'lga olingan o'zbekistonlik militsiya xodimi qo'yib yuborilgan.

Qirg'iz rasmiylariga ko'ra, militsioner ustidan mahkama bo'lib o'tgan, mahkama uni aybdor deb topib jarimaga tortish haqida qaror chiqargan.

Shundan keyin u O'zbekiston tarafiga topshirilgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring