‘Токиода ҳам олтинга ҳозирлик’
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Hasanboy Do'stmatov: "Tokioda ham oltinga hozirlik"

Rioda O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobiga ilk oltin medalini keltirgan bokschi Hasanboy Do'stmatovning aytishicha, Janubiy Afrikaning "Golden Gloves" promouterlik klubi bilan shartnoma imzolaganiga oid xabarlar haqiqatdan yiroq.

"Bu - noto'g'ri xabar. Kimdir chiqarib yuborgan. Bo'lmagan narsa", - dedi boks bo'yicha Rio Olimpiadasi chempioni BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida.

Hasanboy Do'stmatovning aytishicha, bundan buyog'iga ham boks bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi safida 2020 yilgi Tokio Yozgi Olimpiada O'yinlariga hozirlik ko'radi.

"Bu gal ham asosiy maqsad va reja Tokio O'yinlarining oltin medalini qo'lga kiritish bo'ladi".

Vel Barker Kubogi

Image copyright AFP

Eslatib o'tish joiz, Hasanboy Do'stmatov bu yilgi Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining "Eng yaxshi bokschisi", deb ham topilgan.

23 yoshli o'zbekistonlik bokschiga kuni-kecha nufuzli Vel Barker Kubogi topshirilgandi.

Hasanboy Do'stmatov bu nufuzli mukofotga loyiq, deb ko'rilgan birinchi o'zbekistonlik bokschi ham bo'lgandi.

Vel Barker Kubogi 1934 yildan buyon Yozgi Olimpiada O'yinlarining texnik jihatdan yetuk, eng zo'r bokschisiga berib kelingan.

"Bu Kubokni 207 davlat vakillari ichidan menga berishganidan judayam xursandman. Kutmagandik. Kubok hozir, albatta, oldimizda", - deydi Hasanboy Do'stmatov.

O'zbekiston bokschilari esa, hisoblaridagi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan ilk bor umumjamoa hisobida qolgan barcha Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari ishtirokchilarini ortda qoldirishgan.

O'tgan olti Yozgi Olimpiada O'yinlarida kuzatilmagan bir darajada O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi Rioda eng ko'p medallarini (shu jumladan, oltinlarini ham) boks sport turida qo'lga kiritgandi.

Hasanboy Do'stmatov BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida bu kabi tarixiy natija, "o'zlari uchun ham kutilmagan bo'lgani", erishgan bu kabi yutuqlaridan "judayam xursand" ekanliklarini ham aytadi.

Rekord natija

Image copyright Reuters

Eslatib o'tish joiz, Rio Yozgi Olimpiadasida o'zbekistonlik bokschilar allaqachon rekord natija qayd etishgan.

Dastlab Rio Yozgi Olimpiadasiga rekord sonda - ja'mi 11 ta yo'llanma olishgan.

5 avgust kuni start olgan bu yilgi O'yinlarda O'zbekistonni barcha vazn toifasida namoyon etishgan.

O'tkazgan janglari ortidan ja'mi yetti nafar bokschisi O'yinlarning yarim finaliga ko'tarilgan.

Ulardan beshtasi finalda jang olib borish - Rio Yozgi Olimpiada O'yinlarining chempionligi uchun kurashish huquqini qo'lga kiritishgan.

Bunaqasi O'zbekiston Yozgi Olimpiada O'yinlari tarixida bo'lmagan.

Hasanboy Do'stmatov

Image copyright Getty Images

Andijon boks maktabi vakili bo'lgan Hasanboy Do'stmatov Muhammadqodir Abdullaevdan keyin O'zbekiston tarixidagi ikkinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari chempioniga aylandi.

Muhammadqodir Abdullaev 2000 yilgi Sidney Yozgi Olimpiada O'yinlarining oltin medali sovrindori sanaladi.

Ya'ni, o'tgan 16 yil badalida biror bir o'zbekistonlik bokschiga Yozgi Olimpiada O'yinlarining final bosqichiga ko'tarilish nasib etmagandi.

Eslatib o'tish joiz, Hasanboy Do'stmatov Rio Yozgi Olimpiadasining finaliga yo'llanma olgan birinchi o'zbekistonlik bokschi ham bo'lgandi.

Havaskor boksdagi karerasida Riodagasi Hasanboy Do'stmatov uchun birinchi Yozgi Olimpiada O'yinlari bo'lgan.

Lekin, bunga qaramay, u barcha janglarida raqiblari ustidan mutlaq ustunlik bilan g'alaba qozonishga muvaffaq bo'lgan.

Chempionlik sari jangida amerikalik, kubalik bokschilarni mag'lub etishning uddasidan chiqqandi.

Rio Yozgi Olimpiadasida tarixiy natija qayd etgan O'zbekiston sportchilari kecha - 23 avgust kuni Toshkentga qaytishgan va poytaxt xalqaro aeroportida katta tantanalar bilan kutib olinishgandi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring