Peterburgning "tungi hokimi" hukm etildi

Rossiya politsiyasi

Dunyoning ko'pgina mamlakatlaridagi jurnalistik tergov tashkilotlarini uyushtiruvchi "Uyushgan jinoyatchilik va Korruptsiyani o'rganish loyihasi" (OCCRP) xabar qilishicha, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahar mahkamasi Tambovskaya jinoiy guruhi rahbari Vladimir Barsukovni peterburglik biznesmenning o'limiga urinish va qotillikda aybdor deb topib, 23 yilga xukm etgan.

Mahkama jarayonida prokuror hakamdan Barsukov ayni paytda tovlamachilikda ayblanib, 15 yillik qamoq muddatini o'tayotganini inobatga olib, unga 15 yil qamoq jazosi so'ragan.

Mahkama Barsukovning sog'ligini nazarda tutib, unga ancha yengil jazo - jazoni og'ir tartibdagi qamoqxonada o'tash sharti bilan 23 yillik qamoq muddati tayinlagan. Hamda 1 mln rubl jarima belgilagan.

Uning sheriklari Vyacheslav Drokov, Aleksandr Korpushov va Aleksandr Murkulov 20, 10,5 va 4 yillik muddatga ozodlikdan mahrum etilganlar.

2014 yil iyunida mahkama Barsukov va uning sheriklarini Sergey Vasilev hayotiga suiqasd va qo'riqchisini o'ldirish ishi bo'yicha aybsiz deb topgandi.

Biroq 26 noyabrda Rossiya Oliy mahkamasi hukmni bekor qilib, ishni qayta ko'rib chiqishga yuboradi.

Mahkama Vladimir Kumarin nomi bilan xam mashhur bo'lgan Vladimir Barsukov , 2006 yilda Peterburg neft terminali transport shirkati rahbari Sergey Vasilev xayotiga suiqasd qilishga urinish va qotillikda aybdor deb topgan.

Mahkamaga ko'ra, Barsukov va uning ikki sherigi qotillar guruhini texnik-moliyaviy tomondan dastaklagani isbotlangan.

Tambovskaya guruhi

Qidiruv idoralariga binoan, 2004 yilda Barsukov va uning jinoiy guruhi, tarkibida Tambov viloyatidan chiqqan shaxslar, Peterburgda "tambovskaya" nomli jinoiy birlashma tuzadilar.

Ma'lumotlarga ko'ra, 2005 yil iyulidan 2006 yil iyunigacha tadbirkor va uning sheriklari Peterburgning 13 ta tijorat korxonasiga nisbatan tovlamachilik harakatlarini amalga oshirib kelishadi.

2013 yil 4 fevralda Rossiya Qidiruv qo'mitasi Barsukovga nisbatan uch jinoiy ishni yakunlagan. Ular sirasiga qotillik, suiqasd va 11 korxonani egallash kabilar kiradi. Jumladan, Barsukov va hamkorlari "Peterburg neft terminali" rahbari Vasilev hayotiga suiqasd, uning qo'riqchisini o'ldirishda ayblanganlar.

Barsukovning o'zi Peterburgda biznesmen sifatida tanilgan, 1990 yillarning oxiri 2000 yillarning boshida Peperburg yoqilg'i shirkati vitse prezidenti lavozimini egallagan.

Barsukov 1990 yillarda Rossiyadagi ikkinchi yirik shaharda Tambovskaya guruhining ta'siri orqasidan "tungi hokim" laqabini olgan. 1994 yilda o'sha paytdagi hokim o'rinbosari Vladimir Putin Tambovskaya guruhiga aloqador "Peterburg yoqilg'i shirkati"ni foydali shartnoma uchun taqdirlagan ham.

Barsukovning ta'siri 2000- yillarda pasaygan. 2009 yilda Sankt Peterburg shahar Kuybishev mahkamasi uni tovlamachilik uchun 15 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring