Blog: "Jim turing, shovqinlamang..."

Ўзбекистондаги қишлоқ Image copyright BBC UZBEK

Maqtamoqchi emasman, ammo tanqid ham yozmoqchi emasman. Zero, maqtov ham, tanqid ham reallikni bo'yab va egri ko'rsatishdan boshqa narsa emas. Televizor yoki radio, gazetada maqtovlarni ko'rib, eshitib, o'qib qolganimda, afsunga duch kelganimni, aniq his etaman. Maqtayotgan maddohlikdan ham yuqorilab ketdi, u endi afsungarga aylandi, chunki reallikni inson uchun har xil yoqimli ranglarga bo'yab ko'rsata boshladi. Yoki internetdagi tanqidlarni o'qib qolsam, joduga duchga kelganday bo'laman. Tanqidchi muammo qoshida dovdirab - echim qidirmay so'kong'ichga aylandi. Bu ham ish bermadi(ish ham bermasdi), la'natlay boshladi, jodugarga aylandi. Va hokazo…

Go'yo, 25 yilda ichda va tashda afsungarlar va jodugarlar armiyasi etishib chiqti, kamolga erishdi. Afsungar afsuni, jodugar jodusi ta'siridan qutulish uchun odam qadami etmas o'rmonda yashash kerak. Lekin bu qiyin masala. Yaxshisi, ilon po'st tashlaganday, mushohada qilib yashash kerakdir. Bizda hali ruhiy muammo uchun psixologga borish uncha urfga kirmadi. Psixologlarimiz ham hali afsunu-jodu ichidan hayotga boqadigan o'zimizdan.

Besh karra besh yigirma besh, aytishga oson! Bu vaqt ishida Jorj Bush, Bill Klinton, kichik Jorj Bush, Barak Obama AQSh davlatiga prezident bo'ldi. Yaqinda yoki Hillari Klinton yoki Donald Tramp prezident bo'ladi, qoyil. 25 yil ichida, Xudo xohlasa, beshta prezidentlik davrini ko'ryapmiz. Okean orti saylovchisining botinida vaqt-makonning yangi qirralari ochilishini nazarda tutsak, Amerika saylovlari qiziq jarayon, dinning zamonaviy ko'rinishi desak ham yanglishmaymiz. Saylov jarayoni Mohiyat ila muomala etishning oxirgi 100 yillikdagi yangi shakliga aylandi.

Aytmoqchi, ko'rinish haqida. Sobiq SSSR ko'rinish muammosini oxirgi 100 yillikda eng yuqori nuqtaga chiqargandi. Demak, maqtov yoki tanqid atrofni egri-bugri ko'rsatarkan. Masalan, 1937 yilgi voqealarni eslasak, yoki boshqa voqealarni eslaymiz, 1991 yil yalt etgan yorug'lik ichimizdagi va tashimizdagi ko'rinish puch ekanini isbotlab berdi. Real dunyoda yashamagan ekanmiz, umrimiz puch o'tib ketibdi, dedik. Agar shunday mushohada yuritsak, SSSR boshliqlari Bosh afsungar yoki Bosh jodugar bo'lib chiqadi. Masalan, SSSR Bosh jodugari o'rtoq Stalin yoki Bosh jodugarni fosh etgan o'rtoq Xrushyov keyin Bosh afsungarga aylandi. Keyin o'rtoq Brejnev paydo bo'ldi, 25 yil ichida kommunizm quramiz deb afsun qila boshladi. Va hokazo…

Besh karra besh yigirma besh deganday mustaqillik jarayoniga 25 yil bo'libdi, vaqt tez o'tib ketganday. Hamma shunday deydi, vaqt tez o'tib ketmoqda, deb noliymiz. Odamning ichki makon-vaqt o'lchamlarida fikr paydo bo'lmasa, shunaqa bo'ladi, deb odamshunoslar bizga tushuntirish beradi. Xuddi oltin topgandek, shoshib qoldikmi, muxolif fikrdagi partiyalar ko'ch-ko'ronini olib chet elga sayyohlardek chiqib ketdi. Ular reallikni bo'yab tanqid bilan shug'ullana boshladi. Ichkari bo'm-bo'sh bo'lib qoldi, Haybarakallachilik bilan shug'ullana boshladik. Chunki, maqtovning asosi ham bo'lishi kerak. Haybarakallachilik bir vaqtlar SSSRning motori-joni bo'lib xizmat qilgandi. Muammolarni haybarakallachilik bilan echishga o'rgandik.

Maqtamaydigan ham, lekin tanqid ham qilmaydigan intellekt, ziyoli qatlamga fikr aytish minbari qolmadi, shekilli. Maqtamaydigan yoki tanqid qilmaydigan intellektuallar egotsentristik kayfiyatga chulg'andi. Mamlakat ichida o'zlarini begona hisoblay boshlashdi. Masalan, "Propiska"sindromi viloyatdan kelgan intellektual, ziyoli yoshlar ongida Toshkent shahrini davlat ichida davlat degan sarkazmni paydo qildi. Ulardagi umidbash ruhni so'ndirdi. Atrof-muhit va jamiyat taraqqiyotiga befarqlik ziyolilarning fikrlash tarziga aylanib ulgurdi. Haybarakallachilik: maqtov yoki yomonlash bilan har qanday muammoni echishga, bartaraf etishga o'rgandik. "Xoin", "Sotqin", "Ko'rolmas", "Vahhobiy", "Maddoh", "Shukrchi" va boshqa so'zlar "brend"ga aylandi.

Nigilizm ashulachilar, adabiyotchilar orqali, ayniqsa kinochilar orqali hayotimizga yangidan kirib keldi. Kirib keldi emas, jamiyatdagi tushkunlik san'at orqali yuzaga qalqib chiqti. Zero, psixologik-maishiy - "xontaxta" shakl nigilizmning alomati hisoblanadi. Turli xil fikr bildirish erkinligini maishiy hayotning birinchi planga chiqib olgani kompensatsiya qildi. To'y hashamlariga jiddiy e'tibor berishimiz, katta mablag' sarflashimiz kattayu-kichikning maqsadiga aylandi. "Qush uyasida ko'rganini qiladi"ganga o'xshash urf-odatlarni zamonaviylashtirdik. Vaholanki, to'yu-hasham choyxonalar bir vaqtlar taraqqiyot va yangilikka to'siq qo'yilgani o'rniga paydo bo'lgandi. Go'yo tarix takrorlanyapt

Servantes "tarix haqiqatning onasi" deydi, biz esa ona tarixni "zo'rlayapmiz"- undan o'rnak olmoqchi bo'lamiz: uni nusxama-nusxa zamonga ko'chirmoqchi bo'lamiz. Go'yo o'likni qaytadan tiriltirmoqchi bo'lgan devonaga o'xshaymiz. Aksincha, ona tarixning ishi yangilik, fikr tug'ish edi.

Odam ishlab chiqaruvchi hisoblanadi, masalan, u umri mobaynida falon kg soch tolasini o'zi xohlamagan tarzda ishlab chiqaradi. Shuningdek, taraqqiyot ham uning botinidan o'zi xohlamagan tarzda ham, avval mushohada, fikr shaklida yuzaga qalqib chiqadi. G'arb qonun madaniyatidan nusxa ko'chirdigu, u yana ishlamaydi. Faylasuflar jamiyat botinidan tug'ilgan fikr, qonungina ishlab chiqaruvchi bo'ladi, effekt beradi, nusxalar esa odamni tirik o'ldirishadi deyishadi.

Jamiyatda botin bilan bog'lanadigan shart-sharoit yaratilish kerak. Jamiyatdagi konstruktsiya, munosabatlar aksincha Reallikni egri-bugri, bo'yab qabul etishga xizmat qilmasligi kerak. Reallik bilan bog'lanmay turib aksincha, o'rtada pardalar qildik. Erkin mushohada qilish salkam jinoyatga aylandi. Mushohada etmay-mehnat qilmay qo'yganimizdan ruhiyatimizda makon-vaqt qisqarib, torayib ketdi. Shundan sal fikrlay boshlasak ruhiyatimiz vasvasa qo'zg'aydigan bo'ldi.

Reallik maqtov ham, tanqid ham emas, ammo atrofda bo'layotgan maqtov ham tanqid ham reallik. Faqat hamma gap, mushohada etib fikr ko'zi bilan reallikni ko'rishda! "Haqiqatning ko'zlaridan qo'rq.."qan mutaffakkir shoir Cho'lpon bundan 100 yilcha oldin tashbeh bilan jamiyat botinini real tasvirlamoqchi bo'ladi:

"Jim turing, shovqinlamang, uyqu ichida ul pari…"

Cho'lponning bu misrasi hozir ham aktualligini yo'qotmaganday…

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • • Instagram - BBC UZBEK
  • • Twitter - BBC UZBEK
  • • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • • Facebook- BBC UZBEK
  • • Google+ BBC UZBEK
  • • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • • Skype - bbcuzbekradio
  • • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.i.