Toshkent - Andijon poezd qatnovi boshlandi

"O'zbekiston temir yo'llari" shirkati 27 avgustda Toshkentdan Qamchiq dovoni orqali Andijonga birinchi yo'lovchi poezdi etib borganini xabar bergan.

Poezd shanba kuni ertalab 8:30 da Toshkentdan yo'lga chiqib, Qamchiq dovoni osha Angren, Orzu, Pop, Qo'qon, Marg'ilon, Andijon shaharlarida to'xtab o'tgan.

Image copyright Railway.uz

Ilk reysni yangi ta'mirlangan Andijon temir yo'l vokzalida tantanali ravishda kutib olganlar.

'Angren-Pop' temir yo'lining uzunligi 123,1 km.ni tashkil qiladi.

Vodiyni Toshkent bilan bog'laydigan temir yo'l uzunligi 19 kmlik "Qamchiq" tunnelidan o'tadi.

Poezd 12ta yo'lovchi vagonidan iborat.

Ushbu yo'nalish "Toshkent-Angren-Orzu-Pop-Qo'qon-Marg'ilon-Andijon" bekatlarini bog'laydi.

O'zbekistonda aholi eng zich yashaydigan hududlardan hisoblanmish Farg'ona vodiysi bilan Toshkent o'rtasida poezd qatnovi Sho'rolar davrida bo'lgan, lekin temir yo'l Tojikiston shimolidan o'tgandi.

Bir necha yil oldin O'zbekiston poezdlarining Tojikiston hududi orqali o'tishini to'xtatgandi.

Hozirga qadar ikki yo'nalishda aholi asosan shaxsiy kirakashlar xizmatidan foydalanishga majbur bo'lganlar.

Image copyright Railway.uz

Qamchiq dovonida temir yo'l uchun maxsus tunnel qurilishini Xitoyning China Railway Tunnel Group shirkati 2013 yili boshlagan edi.

Uzunligi 19 kilometr 200 metr bo'lgan ushbu tunnelni shu yil iyun oyida foydalanishga topshirishgan.

Qamchiq dovoni orqali temir yo'l loyihasi 2 milliard dollarga baholangan.

Qamchiq orqali temir yo'l ishga tushishi O'zbekistonning qo'shnilariga qaramligini kamaytiradi.

Yangi temir yo'l 7,6 million odamga engillik tug'dirishi rejalangan.

Rejaga ko'ra, birinchi yil 600 ming nafar yo'lovchi tashish ko'zda tutilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda o'zbekistonliklar yangi temir yo'l ochilgani to'g'risidagi xabarni xursandchilik bilan qarshilab, fotosuratlarni bo'lishganlar.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook- BBC UZBEK
  • Google+ BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - bbcuzbekradio
  • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.