Prezident Karimov salomatligi yomonlashgan

Image copyright Getty Images

Davlat nazoratidagi O'zbekiston Milliy Axborot agentligi xabar tarqatishicha, Prezident Islom Karimov statsionar davolanishda.

"Mutaxassislarning fikriga ko'ra, to'liq tibbiy ko'rik va davolanish jarayoni uchun muayyan vaqt talab etiladi", deyilgan O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining nomidan tarqatilgan xabarda.

Ayni vaziyatda O'zbekistonda qanday yo'l tutilishi ko'pchilikni qiziqtiradi.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 96-moddasiga binoan, O'zbekiston Respublikasining amaldagi Prezidenti o'z vazifalarini bajara olmaydigan holatlarda uning vazifa va vakolatlari vaqtincha O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining zimmasiga yuklatiladi, bunda uch oy muddat ichida "O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to'g'risida"gi Qonunga muvofiq holda mamlakat Prezidenti saylovi o'tkaziladi.

Qonunning 97-moddasiga ko'ra, vakolati tugashi munosabati bilan iste'foga chiqqan Prezident umrbod Senat a'zosi lavozimini egallaydi.

O'zbekiston hukumatining xabarida Prezident Karimov sog'ligi yomonlashgani sababi aytilmagan.

27 avgust kuni Internet sotsial tarmoqlarida 78 yoshli Prezident Islom Karimov insult bo'lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Bundan oldingi yillarda ham Prezident Karimovning salomatligi yomonlashgani haqidagi xabarlar paydo bo'lgan, lekin rasman bu haqda e'lon qilinmagan.

1 sentyabr kuni O'zbekiston mustaqilligining 25 yilligi nishonlanadi.Bayram arafasida Prezident Karimovning Toshkentda qurilgan yangi bino va ko'priklarni "ochib berishi" an'anaga aylangan va bayram tantanasida tabrik bilan chiqar edi.

Bu gal bayram tantanalari qanday o'tkazilishi noma'lum qolmoqda.

Ayni vaqtda O'zbekiston televideniesidagi dasturlarda katta o'zgarish sezilmagan. Faqat "Tahlilnoma" dasturi Vazirlar mahkamasining prezident sog'ligi to'g'risidagi murojaati bilan boshlangan.

Mahalliy axborot agentliklari va internet saytlari ham rasmiy xabarni chop etish bilan cheklanishgan.

  • Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.
  • • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK
  • • Instagram - BBC UZBEK
  • • Twitter - BBC UZBEK
  • • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • • Facebook- BBC UZBEK
  • • Google+ BBC UZBEK
  • • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • • Skype - bbcuzbekradio
  • • bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring.da.