BBC manbasi: Karimov hanuz reanimatsiyada qolmoqda

Islom Karimov Image copyright vesti.ru

BBC manbasiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning vafot etgani haqidagi matbuot xabarlari haqiqatdan yiroq.

Ishonchli manbaning ta'kidlashicha, 78 yoshli Islom Karimov hanuz Toshkentdagi shifoxonaning reanimatsiyada bo'limida qolmoqda.

Dushanba kuni ertalab Prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva Instagram dagi sahifasida otasining o'tgan dam olish kunlari miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.

BBC qo'lga kiritgan ma'lumotlarga ko'ra, o'tgan vaqt mobaynida Islom Karimovning ahvolida sezilarli o'zgarish kuzatilmagan.

Lola Karimova shifokorlarga iqtibosan otasining ahvoli "stabil" ekani, ammo uning "kelajakdagi sog'ligi borasida taxmin qilish qiyin"ligini aytgan edi.

Dushanba kuni kechga yaqin Fergananews agentligi o'z manbalariga tayanib, O'zbekiston rahbarining shifoxonada hayotdan ko'z yumgani haqida xabar tarqatgan.

Agentlik xabarida Prezident Karimovning Toshkent vaqti bilan 15-16 orasida vafot etgani aytilgan.

Keyinroq O'zbekiston Prezidenti devonidagi manba ushbu xabarlarni rad etgan.

"Uning holatini shifokorlar barqaror deb baholashmoqda", degan Interfaks agentligi manba'si.

Human Rights Watch inson haqlari tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha xodimi Stiv Sverdlov ham Twitter da o'z manbalariga iqtibosan O'zbekiston huquq-tartibot idoralari Karimovning o'limidan xabardor qilinganini aytgan.

O'zbekiston rasmiylari bu borada hech qanday bayonot bermaganlar.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Life.ru nashriga intervyusida Islom Karimovning o'limi haqidagi xabarlarni tasdiqlamagan.

O'zbekiston hukumati yakshanba kuni rasmiy xabar tarqatib, 78 yoshli Islom Karimovning "statsionar davolanishda" ekanini ma'lum qilgan edi.

Vazirlar Mahkamasi Islom Karimovning qanday xastalik bilan shifoxonaga yotqizilgani haqida ma'lumot bermagan.

Islom Karimov O'zbekistonni 1989 yildan buyon boshqarib keladi.

U so'nggi bor o'tgan yil martida besh yillik yana bir muddatga prezident etib saylangan.

Xalqaro tashkilotlar uni inson haqlarini qo'pol ravishda poymol etish va muxoliflariga nisbatan qiynoq qo'llashda ayblab keladilar.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq