Toshkentda rasmiy Mustaqillik tantanalari bekor qilindi

Islom Karimov Image copyright AP

BBCga ma'lum bo'lishicha, 31 avgust kuni Toshkentda o'tishi rejalangan rasmiy mustaqillik tantanalari bekor qilingan.

Bu haqda ma'lum qilgan BBC manbasi rasman bayramning qoldirilishiga hech qanday sabab keltirilmaganini aytdi.

Rasmiy tantanalarning qoldirilishi o'tgan dam olish kunlari miyaga qon quyilishi tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgan 78 yoshli Islom Karimovning ahvoli yanada yomonlashganini anglatadimi, yo'qmi, BBCga ma'lum emas.

Prezident Karimovning miyasiga qon quyilgan

Ishonchli manbaning bildirishicha, 1 sentyabr kungi xalq sayli tadbirlarining rejaga muvofiq o'tkazilishi kutilmoqda.

Tadbirlar uchun mas'ul Toshkent shahar hokimiyati va Madaniyat va sport ishlari vazirligi hozircha bu borada rasmiy xabar tarqatgani yo'q.

Poytaxtning Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog'ida o'tadigan Mustaqillikning 25 yilligiga bag'ishlangan tadbirlar har yilgidan ham dabdabaliroq o'tishi kutilayotgandi.

Ammo aftidan, Prezident Islom Karimovning shifoxonaga yotqizilishi rasmiy bayram tadbirlariga ta'sir ko'rsatgan.

Davlat rahbarining sog'ligi haqidagi ma'lumotlar sir saqlanadigan O'zbekistonda jamoatchilik Prezidentning sog'ligi va ahvoli ruhiyasi haqida uning Mustaqillik va Navro'z tantanalaridagi chiqishlariga qarab, xulosa chiqaradi.

Prezident Karimov rasmiy tomoshalar so'ngida raqsga tushish va sahnaga chiqib, san'atkorlarni olqishlashni odat qilgan.

Dushanba kuni davlat rahbarining kasalligi tafsilotlarini oshkor etgan uning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva otasining ahvoli barqaror ekanini bildirgandi.

O'zbekiston Prezidenti devonidagi manba Islom Karimovning olamdan o'tgani haqidagi matbuot xabarlarini rad etgan.

BBC manbasi: Karimov hanuz reanimatsiyada qolmoqda

So'nggi kunlarda birin-ketin viloyat markazlarida Mustaqillik tadbirlari bo'lib o'tayotgani haqida xabarlar olingan.

O'zbekiston hukumati davlat rahbari reanimatsiya bo'limida qolayotgan oxirgi ikki kun mobaynida uning ahvoliga doir hech qanday rasmiy ma'lumot tarqatgani yo'q.

Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov O'zbekiston rahbarining vafot etgani haqidagi xabarlar tasdiqlanmaganini aytgan.

"Hozirda bu borada qo'limizda hech qanday yangi ma'lumot yo'q", deb aytgan janob Peskov seshanba kuni Moskvadagi matbuot anjumanida.

Bir kun avval Kreml O'zbekiston rahbarining betoblanganidan tashvish izhor qilgan va unga tezroq tuzalib ketishini tilagandi.

AQSh Davlat kotibi yordamchisining o'rinbosari Daniel Rosenblum O'zbekiston Prezidentining ahvoli borasida faqat rasmiy ma'lumotga ega ekanliklarini aytib, bu borada taxminlar qurishni istamasliklarini ta'kidlagan.

"Biz prezidentning tezroq sog'ayib ketishini tilaymiz va bunga umid qilamiz", deb aytgan AQSh mulozimi.

Unga ko'ra, "har qanday vaziyatda ham Vashington va Toshkent aloqalari o'zgarmaydi".

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - uzbekbbclondon

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq