Rio-2016: Paralimpiyachilar Rioga kuzatildi

Toshkentdagi kuzatuv marosimi Image copyright Gazeta.uz

Rasmiy xabarlarga ko'ra, Toshkent xalqaro aeroportida bo'lib o'tgan kuzatish marosimida O'zbekiston Bosh vaziri o'rinbosari Majit Karimov, Milliy Olimpiya qo'mitasi va Milliy Paralimpiya Uyushmasi mutasaddilari, sportchilarning yaqinlari va jurnalistlar ishtirok etishgan.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, XXXI Rio Yozgi Olimpiada O'yinlari O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi uchun tarixiysi bo'lgan.

O'yinlar 5-21 avgust kunlari bo'lib o'tgan, unda o'zbekistonlik olimpiyachilar 4 ta oltin doxil ja'mi 13 ta medal qo'lga kiritishgandi.

Rio Olimpiadasida, ayniqsa, o'zbekistonlik bokschilar o'zlarini ko'rsatishgan.

Bokschilar, hatto oltinlari nazarda tutilganda ham, O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi hisobidagi eng ko'p medallarni keltirishgandi.

Ular Rioda qo'lga kiritgan medallarning soni bo'yicha qolgan barcha ishtirokchi davlatlar vakillarini ortda qoldirib, o'z tarixlarida ilk bor medallar jadvalida ham ilg'orlik qilishgandi.

Rioda tarixiy natija qayd etgan O'zbekiston Olimpiya terma jamoasi 23 avgust kuni Toshkentga qaytgan va poytaxt xalqaro aeroportida O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev, O'zbekiston Milliy Olimpiya Qo'mitasi Prezidenti Mirabror Usmonov, O'zbekiston Sport kurashlari assotsiatsiyasi raisi Salim Abduvaliev, jamoatchilik arboblari, faxriylar, jurnalistlar va katta sondagi muxlislar tomonidan katta tantanalar bilan qarshi olinishgandi.

Image copyright AFP

Shohidlar bu kabi tantanali kutib olish marosimiga O'zbekiston tarixida guvoh bo'lmaganliklarini e'tirof etish darajasiga ham borishgandi.

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov xuddi o'sha kunning o'zida mamlakat tarixida kuzatilmagan katta miqdordagi mukofot pullariga oid farmoyishni imzolagan.

Har bir oltin medal sohibini 200.000, har bir kumush medal sohibini 100.000 va har bir bronza medali sohibini 75.000 AQSh dollari bilan taqdirlashga farmoyish bergandi.

Ammo g'olib sportchilarga va'da qilingan mukofotlarni topshirish marosimi O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning "statsionar davolanish"da ekaniga oid rasmiy xabarlardan kun o'tib, 29 avgust kuni bo'lib o'tgan.

Toshkentdagi "Olimpiya shon-sharafi" muzeyida bo'lib o'tgan ana shu rasmiy marosimda sovrindorlarga O'zbekiston prezidenti nomidan ekani aytilgan pul mukofotlari sertifikatlari topshirilgandi.

Rio Olimpiadasi g'oliblarini davlat mukofotlari bilan taqdirlashga oid farmon esa, prezident Islom Karimovning "davolanish uchun statsionarda" ekaniga oid rasmiy xabarlardan oldin imzolagan eng so'nggi buyruqlaridan biri bo'lgandi.

O'zbekiston Olimpiya terma jamoasini Rioga kuzatish marosimi shu yilning 20 iyul kuni poytaxt Toshkentda bo'lib o'tgan.

Tantanali bu tadbirga O'zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoevning shaxsan o'zi boshchilik qilgandi.

Image copyright AFP

Kuzatuv marosimi

O'zbekistonlik paralimpiyachilarni Rioga kuzatish marosimi esa, O'zbekiston prezidenti hanuz "statsionar davolanishda" ekaniga oid xabarlar manzarasida bugun kun avvalida bo'lib o'tgan.

Ammo rasmiy xabarlarda O'zbekiston Milliy Olimpiya qo'mitasi va Milliy Paralimpiya Uyushmasi mutasaddilaridan aynan qay birlarining Toshkent xalqaro aeroportida bo'lib o'tgan kuzatish marosimida ishtirok etganliklari nomma-nom keltirilmagan.

Ta'kidlash joiz, Rio Paralimpik O'yinlarida O'zbekistonni mamlakat tarixida kuzatilmagan sondagi sportchilari namoyon etishadi.

Ya'ni, O'yinlarga ja'mi 58 ta yo'llanmani qo'lga kiritgan o'zbekistonlik 32 nafar paralimpiyachi sovrinli o'rinlar uchun kurash olib borishadi.

Ular besh sport turi: dzyudo, engil atletika, suzish, o'q otish va pauerlifting bo'yicha o'z kuchlarini sinab ko'rishadi.

Rioda medallar uchun bellashajak o'zbekistonlik paralimpiyachilar orasida yengil atletika bo'yicha jahon chempionati sovrindori Doniyor Soliev, 2012 yilgi London Yozgi Olimpiadasi kumush medali sohibi Sharif Xalilov va Para Osiyo O'yinlarining g'oliblari bo'lgan nomdor sportchilar oz emas.

Riodagisi O'zbekiston Paralimpiya terma jamoasi ishtirok etayotgan uchinchi O'yinlar bo'ladi.

O'zbekiston Milliy Paralimpiya Assotsiatsiyasi 2007 yilda tashkil topganiga qaramay, terma jamoa 2008 va 2012 yilgi Yozgi Paralimpiya O'yinlarida ishtirok etgan.

O'zbekistonlik dzyudochi Sharif Xalilov 73 kg vazn toifasida London Paralimpiadasining kumush medaliga sazovor bo'lgandi.

2014 yilda Janubiy Koreyaning Inchon shahrida bo'lib o'tgan Para Osiyo O'yinlarini esa, o'zbekistonlik sportchilar 22 ta oltin, 5ta kumush va 4ta bronza, ja'mi 31ta medal bilan yakunlashgan.

Qo'lga kiritgan medallarining soni bo'yicha O'zbekiston Paralimpiya jamoasi Osiyo qit'asi bo'yicha yuqori beshlikka kirishga muvaffaq bo'lgan.

O'zbekistonlik Rio Paralimpiya O'yinlarining g'oliblariga qandayin pul mukofotlari ko'zda tutilayotganiga oid xabarlar esa, halicha ko'zga tashlangani yo'q.

XV Rio Paralimpiya O'yinlari 7-18 sentyabr kunlari bo'lib o'tadi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring