"Toshkentda hech "usilenie" kuzatilmaydi

Toshkentdagi militsiya qo'riqlovi Image copyright AP

Toshkentlik mustaqil jurnalist Aleksey Volosevichning yozishicha, har yili 1 sentyabr arafasida O'zbekiston poytaxtida kuzatiladigan o'ta qattiq xavfsizlik choralaridan asar ham yo'q.

Toshkentda nimalar bo'lmoqda?

Shaharda militsiya "usilenie"sining biror bir alomati ko'rinmaydi. Odatdagi ko'p sonli patrullar g'oyib bo'lgan(ba'zi joylarda ular ko'rinadilar, biroq odatdagidan ancha kam). Qo'riqlaydigan odam yo'qmi?..

Men Milliy Xavfsizlik xizmatining olti qavatli binosidan Xiyobongacha (Amir Temur xiyoboni - tahririyat BBC) shahar markazida sayr qildim. Bu joylar Toshkentning yuragi. Men militsiyani ham, fuqaro kiyimidagi ziyrak odamlar to'planganini ham ko'rmadim. Toshkentliklar har doimgidek ko'chalarda bamaylixotir aylanib yurishipti, bolalariga muzqaymoq yedirishayapti, yozgi qahvaxona va boshqa joylarda o'tirishipti.

Shundan keyin men bir tanishim bilan TTZ(Toshkent Traktor zavodi) mavzesiga yo'l oldim. U yerda militsiya blokposti o'rnatilgan, bu yerdan o'tadigan transport bu yo'lni ko'p yillardan buyon uzoq aylanib o'tib keladi. U yoqqa to'g'ridan-to'g'ri o'tish mumkin emas - naryoqda "Do'rmon" shahar tashqarisidagi qarorgoh joylashgan, Islom Karimov o'sha yerda yashaydi.

Biz blokpost oldidan bemalol o'tib ketdik. Va yo'l chetidan yurib prezident qarorgohining darvozasigacha borib qoldik. Darvozaning o'ziga bevosita yaqinlashmadik: u yerda militsionerlar guruhi turardi. Bizning yo'nalishimizda o'z hushyorligini ko'rsatib, potentsial "diversant"larning o'tishiga yo'l qo'ymasligi kerak bo'lgan hech kimni ko'rmadik.

Bu noodatiy edi, chunki har doim Prezident Karimovning korteji shahar qarorgohiga borish uchun yo'lga chiqqanida "maxsus trassa" atrofida yuzlab, balki minglab militsionerlar tizib qo'yilar, ular ratsiya orqali bir-birlari bilan tinimsiz gaplashishar, ularning ortida esa o'nlab, balki yuzlab "gitarachilar" - yelkasiga gitaraning g'ilofiga o'xshagan g'ilofni qo'yib olgan(ichida gitara emas, avtomatlar) fuqaro kiyimidagi odamlar turar edi. Mabodo davlat rahbari biror bayram munosabati bilan Forumlar Saroyiga tantanali nutqni o'qish uchun keladigan bo'lsa, shaharning yarmini yopib tashlashar, pashsha ham uchib o'tolmas edi.

Bu gal bunga o'xshagan hech narsa yo'q.

Biz, toshkentliklar "Tsentr Lunacharskogo" deb ataydigan ko'prikkacha bordik. U yerda hukumat statsionari joylashgan. Xabarlarga ko'ra, boshidan insultni o'tkazganidan keyin O'zbekiston prezidenti o'sha statsionarga yotqizilgan. U yer atrofini hech kim o'rab olmagan. Kirish eshigidan o'ttiz metrcha uzoqlikda bir militsiya mashinasi turar, ichida ikki militsioner uxlardi.

KPP orqali shifoxona hovlisiga odamlar emin-erkin o'tishar va ichkaridan chiqar edilar. Men ichkariga kirmoqchi edim, meni to'xtatishdi. Lekin tish-tirnog'igacha qurollangan qo'riqchilar emas, yolg'iz-yagona vaxtyor tomonidan. U shifoxona hech kimni qabul qilmayotganini, faqat davolanishi tugagan mijozlar chiqarib yuborilayotganini aytdi. Qorovul menga ertaga yoki birinchi sentyabrdan keyin(Mustaqillik bayramidan keyin) kelishim kerakligini aytdi.

Ya'ni, balki prezident Karimovni bu yerga olib kelishgandir, qandaydir vaqt mobaynida jonlantirish bo'limida ushlab ham turishgandir, biroq hozir u aniq u yerda emas.

Hozircha O'zbekiston poytaxtida yuz berayotgan narsalar haqida aytishim mumkin bo'lgan narsalar shular.

Aleksey Volosevich.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring