Matbuot Karimov sog'ligi haqida sukut saqlamoqda

Prezident Karimovning bolalar bilan birga tushgan fotosurati Image copyright AP

O'zbekiston rasmiylari va muhim ommaviy axborot vositalari Islom Karimov ahvoli borasida sukut saqlashda davom etarkan, o'zbekzabon Internet ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilari har qanday salbiy xabarga qarshi o'ziga xos axborot urushi ochgan.

29 va 30 avgust kunlari O'zbekiston telekanallari va 30 avgust tongida nashr qilingan ro'znomalar 27 avgust kuni miyaga qon quyilish tashxisi qo'yilgan Prezident Islom Karimovning sog'ligi borasida sukut saqladilar.

Davlat telekanallari va gazetalar Prezident Karimovning salomatligiga to'xtalmasdan, uning rahbarligi ostida ulkan ishlar amalga oshirilgani haqidagi odatiy maqtovlarni davom ettirdilar.

Davlat televideniesi Prezident Islom Karimov nomiga O'zbekiston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan xorijiy davlatlar va xalqaro shirkatlar rahbarlaridan tabriklar kelayotgani xabarini berdi va tabriklardan ayrimlarini o'qib eshittirdi.

O'zbekistondagi asosiy ommaviy axborot vositalari Prezident Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaevaning otasi insultni boshidan kechirgani va reanimatsiyaga yotqizilgani haqidagi xabarini rad etganlar.

Faqat O'zbekistonda ro'yxatdan o'tkazilgan Podrobno.uz, Nuz.uz va kun.uz singari web-saytlargina Lola Karimova-Tillaevaning xabarini e'lon qildilar.

29 avgust kechga borib rusiyzabon saytlarda Islom Karimovning o'limi haqida xabar tarqalgach, o'zbek ijtimoiy tarmoqlari o'ziga xos vahima holatiga tushdi.

Ushbu xabar aylana boshlagach, avvaliga sukut holatiga tushgan o'zbekistonliklar, biroz o'tib ushbu xabarning aksini eshitish ilinjida ijtimoiy tarmoqlarda yozadigan rasmiy manbalarga yaqin odamlardan ham izoh so'ray boshlashdi.

Ijtimoiy tarmoqdagi o'zbekistonliklar "Interfaks" va "RIA Novosti" axborot agentliklari hamda BBC O'zbek xizmatida ushbu xabarni rad etuvchi xabar chiqqunicha uxlamadi deyish mumkin.

Karimov o'limi prezident devonidagi ismi oshkor qilinmayotgan manba orqali inkor qilingandan keyin odamlar biroz tin olishdi.

Shundan so'ng ushbu xabarni tarqatgan axborot vositalari va chet elda yashaydigan o'zbekistonliklarni yoppasiga ayblashlar boshlandi.

Ushbu ayblovlarda Karimov sog'ligi borasida go'yoki bo'hton xabar O'zbekistonda tinchlikni buzish uchun atayin uyushtirilayotgani aytildi.

"Kim nima desa desinu, lekin eng iflos, eng provakatsion OAV, bu - rus OAVsi ekan. Ukrainlarning dod deganicha bor. Bunchalik deb o'ylamagandim", - deb yozgan Xushnud Xudayberdiev.

Unga qarshi yana bir Tvitter foydalanuvchisi rus ommaviy axborot vositalarini butunlay ayblash noto'g'riligini aytdi.

"Rus OAV, deylik, RIA Novosti va Interfaks kecha jonimizga oro kirdi. Hammasi nisbiy. Yomon hamma joyda yomon".

Facebook ijtimoiy tarmog'ida esa prezidentning sog'ligi va hayoti borasida salbiy xabar tarqatayotgan har qanday toifa - muxolifat, jurnalist va chet eldagi o'zbeklarga qarshi axborot urushi boshlashga chaqiriqlar yangray boshladi.

Bunday chaqiriqlarni O'zbekistondagi muammolarni o'z sahifalarida ochiq yozib, kezi kelganda tanqid qilgan shaxslarning aytgani e'tibor tortmoqda.

Ular Prezident Karimov sog'ligi borasida salbiy xabar aytayotgan va tarqatayotgan kimsalarga nisbatan ochiq tahdid qila boshlashdi.

"O'zbek xalqini hurmat qilsangiz jim turinglar, o'zingizni tiyib o'tiring. Aks holda xalq g'azabiga uchraysiz", - deyiladi mana shunday tahdidlarning birida.

Biroq ushbu kishilarga qarshi tomonning fikricha rasmiy manbalar mamlakat rahbarining salomatligi borasida rasmiy ma'lumot bermagan taqdirda bu kabi xabarlarning chiqishi tabiiy.

"Jim turolmaslik dardiga yo'liqqan hushyor do'stlarimiz, rus OAVni tanqid qilguncha bizni ma'sullar nega rasman sukutda ekaniga munosabat bildirsin. Bunday vaziyatda noxushliklarning oldini olishning oddiy yo'li bor — haqqoniy, rasmiy bor axborotni birinchi bo'lib, vaqtida berish. Sukut saqlashda davom etilar ekan, jim turolmaydigan hushyor do'stlarimizning tanqidlari, qarg'ishlari, nafratlari, "fosh etishlari" — bir pul", - deydi Twitter foydalanuvchilarilan biri.

AQShda stiqomat qiluvchi o'zbekistonlik huquq faoli Suhrob Ismoilov ham Facebook dagi sahifasida ushbu tahdid va hujumlarga e'tibor qaratgan.

U Islom Karimov atrofidagi so'nggi hodisalarga bo'layotgan munosabatni kuzatib cho'chigani haqida yozgan.

"Siyosatchilarni yaxshi yoki yomon ko'rish har kimning o'z inon-ixtiyorida. Lekin mamlakat OAV va jurnalistlarida bu kabi yangiliklarni yoritish huquqi va imkoniyati yo'qligi qo'rqinchli. Baliqqa o'xshab jim o'tirishibdi. Barcha yangiliklarni esa "prezident xavfsizlik xizmatida ishlaydigan qo'shnimizdan" yoki "hukumatdagi o'z manbamiz"dan bilayapmiz", deydi Suhrob Ismoilov.

Huquq faoli O'zbekistonnning taqdiri bir siyosatchiga bog'liq bo'lib qolmasligini va uning joni uziladigan vaqt kelgan bo'lsa ommaviy ravishda duoxonlik qilganda ham bu narsa sodir bo'lishini aytadi.

Ijtimoiy tarmoqdagilarning ko'pchiligi ushbu xabarlar ostidan vahima holatiga tushib qolganini kuzatish mumkin. Sababi axborot deyarli yo'qligi va hamma narsa faqat bir shaxsga bog'lanib kelinganligi o'z so'zini aytmoqda.

Odamlar faqat O'zbekistonda emas, balki Markaziy Osiyoda tinchlik faqat Islom Karimovga bog'liq, deb singdirilgan fikrga qattiq ishonib qolgan.

Shu sababdan ham Karimovning sog'ligi va hayoti borasidagi har qanday axborotni juda og'riqli va qarshi hujumlar bilan qarshi olmoqdalar.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - uzbekbbclondon

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring