Lola Karimova-Tillaeva: "Otam shifo topmoqda"

Islom Karimov Image copyright Reuters
Image caption O'zbekiston hukumati 78 yoshli Islom Karimovning kasalligi tafsilotlarini oshkor etmayapti

31 avgust kuni o'zining Instagram dagi sahifasida o'zbekistonliklarni mustaqillikning 25 yilligi bilan tabriklagan Prezident Islom Karimovning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva yurtdoshlarining ezgu niyatlari otasining shifo topishida "yordam bermoqda deb ishonishi"ni aytgan, ammo davlat rahbarining ahvoliga doir qo'shimcha ma'lumot bermagan.

"Aziz yurtdoshlar, sizni barchamiz uchun qadrli ayyom - O'zbekistonning Mustaqillik kuni bilan chin ko'ngildan muborakbod etaman!

Men bizning bag'rikeng, mehnatkash va nihoyatda iqtidorli xalqimizga baxt-saodat va faravonlik tilayman! Saxovatli ona zaminimizda hamisha tinchlik va hotirjamlik barqaror bo'lsin. Ona Vatanimizda asrlar osha mavjud bo'lgan bag'rikenglik, turli millat va dinlar vakillari orasidagi o'zaro xurmat va ehtiromga asoslangan munosabatlar hamisha saqlanib qolishiga tilakdoshman.

Azizlar, ushbu fursatdan foydalanib, men barchangizga Prezidentimizning tez shifo topishlarini istab bildirgan samimiy tilaklar va ezgu niyatlaringiz uchun chin qalbimdan o'z minnatdorchiligimni izhor etmoqchiman. Bu bizlar uchun juda ahamiyatlidir, va ushbu nihoyatda samimiy va dildan chiqqan tilaklar va so'zlar otamning shifo topishlarida yordam bermoqda deb ishonaman. Sizlarga katta rahmat, azizlar!" deb yozgan Lola Karimova-Tillaeva xonim.

Image copyright Lola Karimova-Tillyaeva

U dushanba kuni ertalab o'zining Instagram va Facebook dagi sahifalarida otasining o'tgan dam olish kunlari miyaga qon quyilish tashxisi bilan reanimatsiya bo'limiga yotqizilgani va ahvolining "stabil" ekanini haqida xabar tarqatgandi.

O'zbekistonning UNESCO dagi elchisi bo'lgan Lola Karimova-Tillaeva ayni paytda otasining "kelgusidagi sog'liqlari borasida qandaydir taxminlar qilish ancha erta" ekanini aytgan.

O'zbekiston hukumati 78 yoshli Islom Karimovning davolanish uchun shifoxonaga yotqizilgani aytilgan 28 avgustdan buyon bu borada bironta qo'shimcha ma'lumot tarqatmagan.

Prezident devonidagi nomi oshkor etilmagan manba Prezident Islom Karimovning vafot etgani haqida dushanba kuni tushdan so'ng Rossiya matbuotida paydo bo'lgan xabarlarni rad etgan.

Seshanba kuni BBCning Toshkentdagi manbalari 31 avgust kuni o'tadigan rasmiy mustaqillik bayrami va O'zbekiston san'at ustalari ishtrokidagi tantanali kontsert dasturining qoldirilganini aytishgan.

O'zbekistondagi nashrlar rasmiylarga iqtibosan bayram dasturining qisqartirilganini tasdiqlaganlar.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring

Bu mavzuda batafsilroq