G'arb matbuoti: "Karimovdan yomoni bo'lmaydi"

Islom Karimov

O'zbekiston Prezidentining ahvoli va mamlakatdagi vaziyat haqida shu kunlarda G'arb matbuoti ham ko'plab maqola va tahlillar chop etmoqda. Hech mubolag'asiz aytish mumkinki, shu vaqtgacha O'zbekistondagi vaziyatga deyarli umuman e'tibor qaratmagan nashrlarda ham Islom Karimov nomi bilan bog'liq maqolalar paydo bo'lgan.

Los Angeles Times ro'znomasi Turkiyadagi O'zbek va Turk Ittifoqi jamiyati raisi Adam Chevikning "Odamlar umidsiz ham emaslar, ko'p narsaga umid ham qilmayaptilar. Lekin hech qursa kelgusi rahbar Karimovdek bo'lmasligiga umid qilmoqdalar" degan so'zlarini iqtibos qilib keltirgan.

"Ekonomist" jurnali O'zbekiston kelgusi rahbari mavzusini davom ettirib, "Kelgusi prezident yomonroq bo'lishi mumkin emas" degan sarlavha ostida maqola chop etgan.

Unda aytilishicha, Islom Karimov hayot yoki hayot emasligidan qat'i nazar uning siyosiy hayotining tugab borayotgani haqiqatga yaqin. "Ekonomist"ga ko'ra O'zbekiston xalqi Islom Karimovning uzoq rahbarligi davrida shu qadar aziyat chekkanki, bundan-da yomonroq bo'lishi mumkin emas.

"5 Markaziy Osiyo respublikasi orasida O'zbekiston eng abgori va rahbari shafqatsiz paranoyikdir", deyiladi maqolada.

Kelgusi rahbar haqida tahlil yuritar ekan, jurnal O'zbekistondagi klanlar bu borada ancha yillardan beri "tish qayrab kelganlari", lekin ayni vaqtda Karimov davrida o'zlari to'plagan boyliklarni har qanday qilib saqlab qolish payida ekanliklarini yozadi.

"Ekonomist", boshqa ko'plab nashrlar singari, kelgusi rahbarlikka da'vogarlar sifatida Bosh vazir Shavkat Mirziyoev, uning o'rinbosari Rustam Azimov va bir ma'noda MXX rahbari Rustam Inoyatovlarni tilga olgan.

Lekin kim rahbarlikni qo'lga olmasin, Sho'rolar davridagidek yuritiladigan va korruptsiyaga botgan iqtisod va jahondagi eng yomonlaridan biri sifatida ko'rilgan inson huquqlari abgor ahvolini meros qilib oladi, degan xulosaga kelgan jurnal.

"Foreign Policy" jurnalida Neyt Sharanskiy tomonidan yozilgan sharhda esa e'tibor nima uchun Islom Karimovning shuncha yillar davomida o'z raqiblarini yo'qotib, o'ziga qarshi chiqanlarni qamoqqa tashlagan vaqti AQSh "ko'rib, ko'rmaslikka olgani" haqidagi savolga qaratilgan.

"Bloomberg View" nashrining yozishicha, "Nomi "ston" bilan tugaydigan mamlakatlardan muhim yangiliklar kamdan-kam keladi".

"Lekin Prezident Karimovning miyasiga qon quyilishidan so'ng shifoxonaga yotqizilgani haqidagi xabar e'tiborga loyiq. Chunki u o'zining uzoq yillik boshqaruvi davrida qudratning silliqina boshqa qo'lga o'tishini ta'minlovchi hech nima qilmagan", deyiladi maqolada.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - uzbekbbclondon

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring