Karimovni "duo qilmagan" artistlar tanqid qilindi

Image copyright AFP

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimovning salomatligi qay ahvoldaligi mavhum qolar ekan, ijtimoiy tarmoqlarda bahslar qizimoqda.

Prezidentning shifoxonada ekani haqida Vazirlar mahkamasining rasmiy xabari tarqalgach, ijtimoiy tarmoqlarda O'zbekistondagi qo'shiqchiyu aktyorlar birin-ketin turli "mish-mish"larga ishonmaslikka chaqirib postlar qo'ya boshladilar.

"Har xil gap so'zlarga qadronlarim ishonmanglar. Yurtboshimiz sog' salomatlar, har xil gap gapirmasdan hammamiz duo qilaylik", mazmunidagi postlar bir-ikki kundan keyin tahrir qilinib, Shahzoda, Manzura, Ozodbek, Shohruxxon kabi qo'shiqchilar mish-mishlarga ishonmanglar degan so'zlarini olib tashlaganlar.

Ayni damda prezidentni suratini qo'yib duo qilishga chaqirmagan artistlar foydalanuvchilar tomonidan tanqidlarga yuz tutganlar.

Jumladan xonanda Nilufar Usmonovaning folloverlari nega prezidentni suratini qo'ymagani bilan qiziqib, uni ham bunga chorlaganlar. Siz nega prezidentimizni duo qilmayapsiz, deb yozadi uning kuzatuvchilari.

O'zbekiston Xalq artisti Yulduz Usmonovani ham duo qilmagani uchun muxlislari tomonidan tanqid qilinadi.

"Opajon siz nega jimsiz. Otamizni duo qiling. Ilohim sog'aysinlar. Men sizdan kutmagandim. Birinchi bo'lib ayting qo'shiqlaringizni otamizga atab ular bizga suv va havodek keraklar", deb yozadi guli.mehiddinova Instagramda.

"Men ham birinchi bo'lib Yulduzdan kutgandim" deb yozadi boshqasi.

Bundan tashqari ilgari "ochiq-sochiq" kiyimlari uchun tanqidga olinib, litsenziyasidan ayrilgan Lola Yo'ldosheva ham Karimovni suratini o'rniga o'zining Moskvada dam olib yurgani aks etgan suratlarini qo'ygani uchun foydalanuvchilar qoralaganlar.

Jumladan milana88.22 nikli foydalanuvchi shunday yozadi: "Prezidentimiz umuman qiziqtirmaydi. San'atkorlar hozir xalqiga, muxlislariga dalda bo'lishvotti. Muxlislari bilan dardlashishi kerak. Bu insoniylik jihatdan. Bizani dardimizni his qila olmagan qo'shiqchilar ham arzimaydi. San'atkor muxlissiz hech kim".

Kuni kecha qiziqchi Mirzo Xolmedov ham hamkasblari qatorida instagramdagi sahifasida video joylab, prezidentga sog'lik tilab duo qilishni so'radi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi
mirza

Undan oldinroq qiziqchi Obid Asomov ham internetda shunday so'zlar bilan chiqqandi.

Bugun 1 sentyabrda O'zbekistonda Mustaqillik bayrami xalq sayillari bilan davom etmoqda.

Har yili 31 avgustda Mustaqillik maydonida bo'lib o'tadigan bayram kontserti va mushakbozlik bekor qilingan.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring