Тошкентда футбол: Ўзбекистон Сурияга қарши
Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Toshkent: O'zbekiston 1:0 Suriya

Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yilgi jahon chempionati 3-bosqich saralash bellashuvlarining 1-tur uchrashuvini g'alaba bilan boshladi.

Poytaxt Toshkentning "Bunyodkor" stadionida hozirgina poyoniga yetgan o'yin taqdirini yagona to'p hal qildi.

2-bo'limning 74-daqiqasida Suriya milliy terma jamoasining darvozasini aniq nishonga ola bilgan Aleksandr Geynrix uchrashuv qahramoniga aylandi.

Ikki raqib milliy terma jamoa o'rtasidagi o'yin Toshkent vaqti bilan kech soat 20:00 da boshlandi va O'zbekiston poytaxtidagi yaqinda qayta ta'mirdan chiqqan "Bunyodkor" stadionida bo'lib o'tdi.

O'zbekiston milliy terma jamoasi Suriyaga qarshi hujumkor o'yin namoyish etdi.

Ammo ustma-ust hujumlari 74-daqiqaga qadar besamar yakunlandi.

Image copyright UFF

Ora-sirada qarshi hujum uyushtirishning uddasidan chiqqan Suriya milliy terma jamoasi yaxshi himoyalandi.

Ayniqsa, Suriya darvozaboni Toshkentdagi o'yinda jamoasiga pand bermadi. Bir necha bor Suriyani O'zbekiston milliy terma jamoasining yaqqol to'plaridan himoya qilib qoldi.

Suriya milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi Ayman Hakimning o'yinorti matbuot anjumanida e'tirof etishicha, "O'zbekiston haqli ravishda g'alaba qozongan".

Toshkentdagi O'zbekiston-Suriya uchrashuvi O'zbekiston Mustaqilligining 25 yilligi sanasi va prezident Islom Karimov "statsionar davolanish"da ekaniga oid rasmiy xabarlar manzarasida bo'lib o'tdi.

Bu bosqich saralash bellashuvlari esa, Osiyo qit'asidan futbol bo'yicha 2018 yilgi jahon chempionatiga to'g'ridan-to'g'ri chiquvchi to'rtta milliy terma jamoani aniqlab berishi bilan muhim.

Ustiga ustak, futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasiga hozircha bu kabi baxt nasib etmagan.

O'zbekiston milliy terma jamoasi "A" guruhidagi 2-tur uchrashuvini 6 sentyabr kuni safarda Qatarga qarshi o'tkazadi.

O'tkazgan 1-tur uchrashuvlari ortidan, "A" guruhida Janubiy Koreya va O'zbekiston, "B" guruhida Avstraliya va Birlashgan Arab Amirliklari peshqadamlik qilib turishibdi.

Ta'kidlash joiz, bu ikki guruhdagi qolgan 8 milliy terma jamoa halicha o'zlarining 1-tur uchrashuvlarini o'tkazishmagan.

O'yin arafasida

Toshkentdan faxriy futbol sharhlovchisi Axbor Imomxo'jaevning BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, mahalliy futbol ishqibozlari orasida Suriyaga qarshi o'yinga bo'lgan qiziqish ham xuddi shunga yarasha bo'lmoqda.

"Qiziqish odatdagidan ham baland. Odamlar yangi bir ishonch, ya'ni g'alabaga bo'lgan ishonch bilan stadionga oshiqishmoqda...O'zim ham, albatta, stadionga borishni mo'ljallab qo'yganman. Xudo xohlasa, yosh murabbiylar, yosh jurnalistlarning qatorida o'tirib, bu o'yinni tomosha qilishni istayman", - deydi Axbor aka Imomxo'jaev.

Eslatib o'tish joiz, bu bosqichda 12 nafar milliy terma jamoa FIFA tomonidan Osiyo qit'asiga ajratilgan 4.5 ta yo'llanma uchun kurash olib borishadi.

O'zbekiston "A" guruhida Suriyadan tashqari yana Eron, Janubiy Koreya, Qatar va Xitoyga qarshi to'p suradi.

"Albatta, 3-davraning 1-tur uchrashuvida g'alaba qozonish bu - O'zbekiston milliy terma jamoasi uchun kelgusi musobaqalariga katta tayyorgarlik ko'rish bilan barobar. Birinchi o'yindagi g'alaba bizga, bilasizmi, hamma g'alabadan ko'ra qimmatli bo'ladi. Chunki undan keyin Qatardagi og'ir o'yin kutib turibdi. Shuning uchun ham bu o'sha o'yinga o'ziga xos tayyorgarlik bo'lishi kerakki, Qatarga g'alaba bilan borilsa, bu, albatta, boshqacha bo'ladi", - deya so'zlarida davom etadi Toshkentdan faxriy sharhlovchi suhbatdoshimiz.

2012 yilda rasman foydalanishga topshirilgan "Bunyodkor" stadioni 34000 tomoshabinga mo'ljallangan.

O'zbekiston-Suriya o'yiniga chiptalar o'tgan hafta sotuvga chiqqan, agar, Axbor aka Imomxo'jaev bilan suhbatimizga tayanilsa, ularni sotib olish uchun viloyatlardan poytaxt Toshkentga kelgan mahalliy futbol ishqibozlari ham ozmuncha bo'lmagan.

"Ayniqsa, mana, hozir vodiydan (Toshkent-Pop-Andijon: tah.) poezdning yurishi, Buxoroga tezyurar poezdning borishi muxlislarimizning o'yinni stadionning o'zida ko'rib, qaytishlari uchun O'zbekiston mustaqilligining 25 yilligida katta sovg'a bo'ldi. Shuning uchun ham, muxlislar avvalgidek transportdan qiynalishmaydi", - deydi u kishi.

Eslatib o'tish joiz, bugungi ikki raqib jamoa Toshkentdagi uchrashuvlariga qadar bor-yo'g'i bir marotaba bir-birlariga qarshi maydonga tushishgan.

1996 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich bellashuvlarining ana shu uchrashuvida Suriya 2:1 hisobida zafar quchgan.

Ammo, boshqa tomondan ta'kidlash joiz, bu - Suriyaning o'z tarixida futbol bo'yicha jahon chempionati 3-bosqich saralash bellashuvlarida ilk bor to'p surishi bo'ladi.

Ustiga ustak, agar imkonli bo'lgan eng so'nggi xabarlarga tayanilsa, milliy terma jamoa O'zbekistonga qarshi o'yiniga besh yildan buyon mojarolar va qurolli nizolar ichida qolayotgan Suriyaning o'zida tayyorlangan.

Agar, FIFAning eng so'nggi reytingiga tayanilsa, O'zbekiston 55-o'rin bilan Osiyo qit'asida yuqori to'rtlikdan joy olgan to'rtta milliy terma jamoadan bittasi bo'ladi.

Suriya esa, joriy paytda O'zbekistondan 50 o'rin quyida, Qirg'iziston va Tojikistondan ham keyin 105-o'rinni egallab turibdi.

O'zbekistondan olingan eng so'nggi rasmiy xabarlarga ko'ra, aynan O'zbekiston-Suriya uchrashuvi va aholining bayram sayillaridan qaytish chog'ida tirbandliklarning oldini olish uchun O'zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan bugun - 1 sentyabr kuniga rejalangan mushakbozlik boshqa kunga ko'chirilgan.

Futbol bo'yicha 2018 yilgi jahon chempionatiga esa, Rossiya mezbonlik qiladi.

Ta'kidlash joiz, Rossiya dunyodagi eng nufuzli futbol tadbiriga mezbonlik qilish huquqini qo'lga kiritgan birinchi sobiq Sho'ro davlati bo'ladi.

"A" guruhining biroz avval poyoniga etgan dastlabki uchrashuvida esa, Janubiy Koreya o'z maydonida Xitoyni 3:2 hisobida mag'lub etdi.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring