"O'ng'ortog'dan o'zbek harbiylarini haydash kerak"

Beknazarov Image copyright knews

Qirg'iziston sobiq bosh prokurori va vaqtli hukumat a'zosi Azimbek Beknazarov O'zbekiston bilan bahsli O'ng'ortepa masalasi bo'yicha qurultoy o'tkazishga chaqirgan.

Uning so'zlariga ko'ra, "hukumat bahsli hudud bo'yicha bir qarorga kelishi kerak. Agar Prezident Almazbek Atambaev bu muammoni yecha olmasa, uning o'zi yer uchun jang qilishga tayyor".

"Bizning yerimizni ochiqchasiga bosib olish ketyapti, biz esa ko'chmanchilar o'yinini qilyapmiz. Agar yerini bosib olayotganlarini ko'rsa, qaysi ko'chmanchi o'yinni tomosha qiladi. Men kecha Axsidan keldim, u erda chegarani hech kim qo'riqlamayapti", deb aytgan janob Beknazarov.

Uning bildirishicha, boshqa siyosatchilar bu ishni hal qilishga aralashmaganlar.

"Men tufayli boshqa siyosatchilarni ushlashlarini istamayman, shuning uchun hammasini o'zim tashkillashtiryapman", deb ta'kidlaydi u.

31 avgustda Azimbek Beknazarov videomurojaat chiqarib, unda O'ng'ortepadan o'zbek harbiylarini haydab chiqarishga tayyor o'zining otryadini tuzmoqchi ekanini ma'lum qilgan.

Bundan tashqari u Prezident Atambaevga murojaat qilib, "Nima uchun siz Akaev va Bakiev kabi Konstitutsiyaga o'zgartirish kiritmoqchisiz o'zi?", deb savol beradi.

Beknazarovning videomurojaati Atambaev Bishkekda o'tgan Mustaqillik tadbirida 2010 yil o'tish davri hukumati a'zolari, jumladan Otunboeva, Tekebaev, Beknazarov va boshqalarni keskin tanqid qilib, ularni hukumatni uzurpatsiya qilish, tuhmat kampaniyasini olib borayotganlikda ayblagan edi.

"Ularning menga nisbatan hasad, ko'rolmasliklarini yaxshi tushunaman. Chunki ular mendan alohida sharoitlar, imtiyozlar va mansab kursilari kutishgan edi. Ammo ochiq aytaman. men prezident sifatida nafaqat vaqtli hukumat vakillariga, hatto o'z oila a'zolarimga ham yon bosmayman", deb aytgan Atambaev o'z chiqishida.

Qirg'iziston Prezidenti ertami-kech vaqtli hukumat a'zolari o'zlari xizmat vazifasidan foydalanib, yo'l qo'ygan jinoyat, talon-tarojlik, o'g'irlik, Qodirjon Botirovni qochib ketishiga yordam berganliklari uchun javobgarlikka tortilishlariga umid bildirgan.

O'ng'ortepa

Sobiq Ittifoq parchalangach, O'zbekiston va Qirg'iziston o'rtasida qator bahsli hududlar paydo bo'ldi.

O'ng'ortepa shunday bahsli hududlardan biri.

O'zbekiston Ichki Ishlar vazirligi 25 avgustda Namangan viloyati Chortoq tumanida joylashgan O'ng'ortepada to'rt qirg'iz fuqarosini ushlagan. Ular O'ng'ortepada joylashgan radio stantsiya xodimlari bo'lib, O'zbekiston chegarani noqonuniy kesib o'tishda ayblanib qo'lga olingan.

O'zbekiston tomoni shu o'rinda O'ng'ortepani o'z hududi ekanini ma'lum qilgan.

Xabarlarga ko'ra, 2005-2006 yillarda Qirg'iziston O'ng'ortepani O'zbekistonniki deb tan olgani haqida hujjat borligi aytilgan.

Qirg'iz ommaviy axborot vositalari o'sha paytda mamlakat bosh prokurori bo'lgan Azimbek Beknazarovni imzolangan bu hujjat haqida xabari bo'lgani haqida yozganlar.

Ayni vaqtda Islom Karimov salomatligi to'g'risidagi xabarlar ortidan O'zbek-Qirg'iz chegarasidagi muammolar mojarolarga sabab bo'lishi mumkinligi haqida xavotirlar paydo bo'lgan kuzatuvchilarda.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

• TELEGRAMDA ESA - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring