Samarqandda nima bo'lyapti?

Karimov Image copyright Getty Images
Image caption Janob Karimov ona shahri Samarqandni xorijlik mehmonlarga ko'z-ko'z qilib kelgan

O'zbekiston hukumatining 78 yoshli Prezident Islom Karimovning sog'ligi bilan bog'liq eng so'nggi ma'lumotlarni jamoatchilikka oshkor etmayotgani aholi orasida turli gap-so'zlarning urchishiga sabab bo'lmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan oxirgi xabarlarga ko'ra, Prezident tug'ilib o'sgan Samarqandda qandaydir muhim tadbirga tayyorgarliklar boshlangan.

Ayrim foydalanuvchilar Samarqand markazining yopib qo'yilgani, shaharga mashinalarning kiritilmayotgani haqida yozishmoqda.

BBC ayni xabarlarni tasdiqlash maqsadida Samarqand viloyat hokimiyatiga bog'landi.

O'zini hokim yordamchisi Akmal Hayitov deb tanishtirgan hokimiyat vakilining aytishicha, shahar yopilmagan va odatiy hayot davom etmoqda.

U shaharda hech qanday shoshilinch tadbirlar ko'rilmayotgani, odamlar orasida tarqayotgan gap-so'zlardan bexabar ekanini aytdi.

"Buxoriy ko'chasi tartib qilinyapti"

Ayni paytda BBCning bir-biridan mustaqil uch manbasining aytishicha, shaharning markaziy ko'chalaridan biri bo'lgan Imom Al-Buxoriy ko'chasi yopib qo'yilgan va unda qandaydir hozirliklar bormoqda.

"Buxoriy ko'chasi tartib qilinyapti" deb aytdi tafsilotlar haqida gapirolmasligini aytgan Samarqanddagi respublika hokimiyatiga yaqin manba.

Imom Buxoriy ko'chasi Registon va Shohi Zindaga olib chiqadigan markaziy ko'chalardan sanaladi.

Hozirda Samarqandda bo'lgan Toshkentdagi vazirliklardan birining vakiliga ko'ra, payshanba kuni Vazirlar Mahkamasi a'zolari va hokimliklarga "Samarqandga yetib kelish buyurilgan".

Uning aytishicha, go'yoki Samarqanddagi ayrim zavod ishchilari "uborkaga chaqirib olingan".

O'zbekiston Teleradiokompaniyasidagi manbaning aytishicha, Samarqandning markaziy maydoni Registon atrofida ham qandaydir favqulodda choralar ko'rilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko'ra, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Samarqandga safar qilgan.

Image copyright Google
Image caption Imom Buxoriy ko'chasi Registon va Shohi Zindaga olib chiqadigan markaziy ko'chalardan

BBC ushbu xabarlarni rasmiy manbalardan tasdiqlay olganicha yo'q.

Poytaxtning o'zida bugun xalq sayli va mustaqillikka bag'ishlangan boshqa ommaviy tadbirlar bo'lib o'tmoqda.

Faqat mushakbozliklar qoldirilgan, rasmiylar mushakbozliklarning futbol bo'yicha O'zbekiston va Suriya milliy terma jamoalari o'rtasida bugun kechroq o'tadigan bellashuv bois qoldirilganini aytishgan.

Karimovsiz bayram

O'zbekistonliklar mamlakat tarixida ilk bor mustaqillik kunini Prezident Islom Karimovsiz nishonlashgan.

Davlat rahbarining shifoxonaga yotqizilishi bayram dasturiga ta'sir qilgan.

Image caption O'zbekistonliklar ilk bor mustaqillik bayramini Prezident Islom Karimovsiz nishonlashgan

Har yili avvallari Mustaqillik maydonida, so'nggi yillarda esa, Alisher Navoiy nomidagi milliy bog'da o'tkazib kelingan tantanali marosim va san'at ustalari ishtirokidagi kontsert qoldirilgan.

Uning o'rniga Prezidentning o'zbekistonliklarga rasmiy tabrigi davlat televideniesining "Axborot" dasturida o'qib eshittirilgan.

Tabrikda odatdagidek O'zbekiston mustaqillik yillarida erishgan muvaffaqiyatlar birma-bir sanab o'tilgan, O'zbek modeli maqtalgan va sovet davri qoralangan.

Tabrik matnida Prezidentning sog'ligi va favquloddalikka biron-bir ishora yo'q.

Bir vaqtning o'zida hukumat portalida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning O'zbekiston rahbariga mustahkam sog'lik tilagan tabrik telegrammasi paydo bo'lgan.

Image copyright UzTV
Image caption Rasmiy marosimda hukumat rahbarlari qatnashmagan

Kunning birinchi yarmida Toshkentdagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gal qo'yish marosimi bo'lib o'tgan.

Bu Prezident Islom Karimov shifoxonaga yotqizilgan 28 avgustdan buyon mamlakat rahbariyati ishtirokidagi birinchi rasmiy marosim bo'lgan.

Ammo Prezident devoni va parlamentning har ikki palatasi rahbarlari ishtirok etgan marosimda O'zbekiston hukumati rahbarlari, xususan, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev va uning birinchi o'rinbosari Rustam Azimovlar qatnashmagan.

Bu ikki mulozim uzoq yillar davomida Prezident Karimovning ehtimoliy merosxo'rlari sifatida ko'rib kelingan.

Nima uchun, xususan, amalda hukumat rahbari bo'lgan Mirziyoevning eng muhim siyosiy tadbirda ishtirok etmagani borasida hech qanday izoh berilmagan.

Mavhumlik

Oxirgi 24 soat Prezident Islom Karimovning sog'ligi atrofidagi vaziyatni oydinlatadigan biron-bir ma'lumot olib kelmagan.

Chorshanba kuni Prezidentning kenja qizi Lola Karimova-Tillaeva "otasining shifo topayotgani" haqida mujda bergan edi.

Ammo uning "otam shifo topmoqda deb ishonaman" degan so'zlari hukumatning biron rasmiy xabari yo-da mustaqil manba'lar yoki bironta tibbiy dalil bilan tasdiqlanmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda, bir tomondan, "Prezidentimiz sog'ayib ketsinlar" degan duo-yu iltijolar, ikkinchi tomondan esa, xususan, mamlakat tashqarisidagi jurnalistlar hamjamiyati tarafidan O'zbekiston hukumatiga qarata "Prezident tirik bo'lsa, ko'rsatinglar, xalq bilsin!" degan chaqiriqlar yangramoqda.

Chorshanba kuni muxolifatdagi O'zbekiston Xalq Harakati raisi Muhammad Solih ham o'zbek hukumatiga bir murojaat bilan chiqib, Prezidentning haqiqiy ahvoli borasida xalqqa ma'lumot berishga chaqirgan.

"Agar sizlarda xalqqa ozgina hurmat bo'lsa va jahon hamjamiyatining fikri bilan zarracha hisoblashsangiz, Prezidentning tirigi yo o'ligini ko'rsating", deb yozgan 1991 yildagi ilk prezident saylovlarida janob Karimovning raqibi bo'lgan shoir Muhammad Solih.

Mintaqadagi BBC muxbirining yozishicha, O'zbekistonning hozirgacha bilingan yagona rahbari hanuz shifoxonada qolar va o'zbek muxolifati uning hatto hayotda bo'lmasligi mumkinligi haqida farazlar qilarkan, hammaning ko'zi Islom Karimovning vorisiga qaratilgan.

"O'zbekistonda hokimiyat o'zgarishi imi-jimida va jamoatchilik ko'zidan panada yuz berishi ehtimoli katta", deb yozadi mintaqadagi muxbirimiz.

O'zbekiston rasmiylari chorak asrdan ko'proq vaqt mobaynida mamlakatni boshqarib kelgan shaxsning haqiqiy ahvoli borasida sukut saqlarkan, g'arblik jurnalistlardan birining ta'biricha, butun O'zbekiston vaziyatni nafasini ichiga yutib kuzatmoqda.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yokiBBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring