O'zbekiston hukumati: Islom Karimovning ahvoli o'ta og'ir

Prezident Islom Karimov Image copyright AFP

2 sentyabr kuni ertalab O'zbekiston hukumati 78 yoshli Prezident Islom Karimovning ahvoli o'ta og'ir, deb xabar tarqatdi.

"Chuqur qayg'u bilan shuni ma'lum qilamizki, o'tgan sutkada Prezidentimizning sog'lig'i birdaniga yomonlashdi va shifokorlar vaziyatni o'ta og'ir deb baholamoqda", - deyiladi davlat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari tarqatgan xabarda.

28 avgust kuni O'zbekiston Vazirlar Mahkamasi Prezident Karimovning statsionar davolanishda ekani haqida xabar tarqatdi.

Oradan bir kun o'tib Prezidentning qizi Lola Karimova-Tillaeva otasining miyaga qon quyilish tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilganini ma'lum qildi.

Lola Karimova-Tillaeva, shifokorlarga iqtibosan, otasining "kelajakdagi sog'ligi borasida taxmin qilish qiyin" deb yozdi Facebook va Instagramdagi o'zining sahifalarida.

29 avgust kuni Moskvada joylashgan Fergananews axborot agentligi o'z manbalariga tayanib, O'zbekiston rahbarining shifoxonada hayotdan ko'z yumgani haqida xabar tarqatgan.

Agentlik xabarida Prezident Karimovning Toshkent vaqti bilan 15-16 orasida vafot etgani aytilgan.

Keyinroq O'zbekiston Prezidenti devonidagi manba bu xabarni rad etdi.

31 avgust kuni O'zbekiston mustaqilligining 25 yilligiga bag'ishlangan asosiy bayram tantanalari bekor qilindi.

1 sentyabr kuni Prezident Islom Karimov tug'ilib o'sgan Samarqandda qandaydir muhim tadbirga tayyorgarliklar boshlangan.

Samarqand markazining yopib qo'yilgani, shaharga mashinalarning kiritilmayotgani xabarlari tarqaldi.

Ayni paytda BBCning bir-biridan mustaqil uch manbasining aytishicha, shaharning markaziy ko'chalaridan biri bo'lgan Imom Al-Buxoriy ko'chasi yopib qo'yilgan va unda qandaydir hozirliklar bormoqda.

"Buxoriy ko'chasi tartib qilinyapti" dedi tafsilotlari haqida gapirolmasligini aytgan Samarqanddagi respublika hokimiyatiga yaqin manba.

Imom Buxoriy ko'chasi Registon va Shohi Zindaga olib chiqadigan markaziy ko'chalardan sanaladi.

Samarqandda bo'lgan Toshkentdagi vazirliklardan birining vakiliga ko'ra, payshanba kuni Vazirlar Mahkamasi a'zolari va hokimliklarga "Samarqandga etib kelish buyurilgan".

Uning aytishicha, go'yoki Samarqanddagi ayrim zavod ishchilari "uborkaga chaqirib olingan".

O'zbekiston Teleradiokompaniyasidagi manbaning aytishicha, Samarqandning markaziy maydoni Registon atrofida ham qandaydir favqulodda choralar ko'rilmoqda.

Ayrim xabarlarga ko'ra, Bosh vazir Shavkat Mirziyoev Samarqandga safar qilgan.

1 sentyabr tunida O'zbekistondagi ko'plab shou biznes va ommaviy axborot vositalari vakillarining Internet sotsial tarmoqlaridagi sahifalarida Prezident Islom Karimov bilan vidolashuv izhorotlari e'lon etildi.

Biroq 2 sentyabr tongida Vazirlar Mahkamasining Prezident Karimovning ahvoli o'ta og'irlashgani haqidagi axboroti tarqatilganidan keyin vidolashuv matnlari o'chirib tashlandi.

2 sentyabr kuni Reyter axborot agentligi Qozog'iston hukumatidagi manbaga tayanib, Prezident Nursulton Nazarboev 3 sentyabrda O'zbekistonga safar qilishi haqida xabar tarqatgan.

Qozog'iston Prezidenti Nursulton Nazarboev o'zining Xitoyga safarini O'zbekistondan olinayotgan xabarlar tufayli qisqa muddatga uzishi aytilgan.

Lekin ommaviy axborot vositalari ushbu xabarni Qozog'iston prezidenti ma'muriyatidan tasdiqlata olmaganlar.

O'zbekiston hukumatidagi doiralarga yaqin Uzmetronom web-sayti o'z manbalariga tayanib Pekindagi Yirik 20 lik sammitiga yo'l olgan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, AQSh Davlat kotibi Jon Kerri 3 sentyabr kuni Samarqandda to'xtab o'tishlari ma'lum bo'lgani haqida xabar tarqatgan.

• BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

• TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

• Instagram - BBC UZBEK

• Twitter - BBC UZBEK

• Odnoklassniki - BBC UZBEK

• Facebook - BBC UZBEK

• Google+ - BBC UZBEK

• YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

• Skype - bbcuzbekradio

• bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring