'Xalqqa ish o‘rinlari yaratadigan rahbar kelsin'

Rossiyada mehnat qilayotgan o'zbekistonlik muhojirlar Islom Karimov kasalxonaga yotqizilgani xabarlar tarqalgan kundan to prezidentning vafot etgani ma'lum qilingunga qadar o'tgan vaqtni jiddiy xavotir ichida o'tkazdilar.

O'zbekistonliklar har kuni bir necha martalab uylariga qo'ng'iroq qilganlari, mamlakatda ro'y berayotgan voqealar bilan qiziqqanlari haqida aytadilar.

"Shu oxirgi kunlar og'ir bo'ldi, qo'limiz ishga bormadi, har kuni har xil xabar, birov "o'ldi", boshqasi "tirik" deydi. Uyga telefon qilib so'rasak, uydagilar ham hech narsani aniq bilishmaydi. Internetda ham hamma har xil taxmin qiladi xolos. O'zbekistondan aniq xabar kelmagani uchun juda xavotir oldik",-deb yozadi Moskva shahrida mehnat qilayotgan Farhod.

Uning aytishicha, 29 avgust kuni "Farg'ona.RU" axborot agentligi tomonidan prezident Islom Karimovning vafot etgani to'g'risida xabar qilinishi ko'plab mehnat muhojirlarini sarosimaga solib qo'ygan.

Rossiyada mehnat qilayotgan muhojirlar orasida ham O'zbekistonning tinchligi prezident Islom Karimovga bog'liqligiga ishonadiganlar ko'pchilikni tashkil qiladi.

Jumladan, Rostov shahrida mardikorlik qilayotgan Yodgor shunday fikr bildiradi:

"Endi O'zbekiston notinch bo'lmasa deb xavotir olyapmiz. Afg'onistonga qo'shni bo'lsak, u yerda hozir har xil islomiy guruhlar faol. Prezidentimiz qattiqqo'llik bilan davlatni tinch ushlab turar edilar. Endi to ularday bir aqlli odam davlatni qo'lga olguncha xavotirimiz tarqamaydi".

O'z mashinasida Volgograd shahridan Toshkentga qatnaydigan o'zbekistonlik kirakashlarga ko'ra esa, mamlakatdagi so'nggi voqealar sababli xavotirlanib uylariga qaytayotgan muhojirlar ham bor.

3 sentyabr kuni O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning dafn marosimini televideniye va internet tarmoqlari orqali tomosha qilgan muhojirlarning ko'plari uning o'limidan qayg'uda ekanliklarini bildirishmoqda.

Image copyright Tayanch
Image caption Mehnat muhojirlari Moskvadagi O'zbekiston elchixonasi eshigi tagiga marhum prezident xotirasi uchun gullar qo'yishgan

"Nima bo'lsa ham, shu odam Vatanimiz uchun ko'p yaxshi ishlar qildi. Oramizda uning o'limidan xursand bo'layotganlar, endi qanday bo'lsa ham o'zgarishlar bo'ladi deyayotganlar ham yo'q emas, lekin ko'pchilik yurtdoshlarimiz qayg'uda. Bir-birlariga telefon qilib ko'ngil so'rashdi. Moskvada ko'zimizda yosh bilan elchixona oldiga gullar qo'yib keldik",-deydi o'zbekistonlik Sojidaxon.

Prezidentning o'limiga loqaydlik bilan qarayotgan O'zbekiston fuqorolari esa, Islom Karimov Rossiyadagi muhojirlarni "dangasalar" deya haqoratlaganini tilga oladilar.

"Uning o'limidan nega qayg'urishimiz kerak? 80 yoshga kirib qo'ygan odam o'ladi-da. Necha-necha yosh yigit-qizlar o'lib ketishmoqda-ku. Rossiyada o'lib, Vataniga tobutda qaytayotganlar qancha? Qolaversa, men shu odam bizdan "dangasalar" deb jirkanganini unutganim yo'q",-deydi Bahodir ismli mehnat muhojiri.

Prezident Islom Karimovning vafot etishi ortidan uning o'rnini kim egallaydi, yangi rahbarning siyosati Karimovning siyosatidan farq qiladimi, ahvol yaxshi tomonga o'zgaradimi, yoki yomonlashadimi kabi savollar ko'plar qatori mehnat muhojirlarini ham qiziqtiradi.

Biz suhbatda bo'lgan muhojirlarning ko'plari mamlakat boshqaruvini o'z qo'liga olishi taxmin qilinayotgan siyosiy arboblarni, jumladan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevni ham yaxshi tanimasliklarini aytishdi.

"Biz Mirziyoyevni ham, boshqa rahbarlarni yaxshi bilmaymiz. Televizorda ko'rib turardik, lekin qanday odam, davlatni qanday boshqarishi mumkin, bularni vaqt ko'rsatadi",-deydi Farg'ona viloyatidan mardikorlikka kelgan Azimjon. Yurtboshimiz shuncha yil to'g'ri siyosat yurgizib keldilar. Endi ularning o'rniga o'tirgan rahbar ham shu yo'ldan borsa, tinchlik-xotijamlik davom etaveradi. O'zingiz o'ylab ko'ring, oilangizdan hech xavotir olmay xohlagan yeringizga ishlashga boraverasiz. Tinchlik bo'lmasa, masalan, shu Rossiyada xotirjam ishlay olasizmi? Pulingiz ko'p bo'lsa ham, tinchlik bo'lmasa, tatiydimi?"-deydi u.

O'zbekistonda ishsizlik va yetishmovchiliklar sababli mamlakatdan tashqariga ish izlab ketishga majbur bo'lgan insonlar orasida yangi rahbar iqtisodiy - ijtimoiy ahvolni yaxshi tomonga o'zgartirishiga umid bog'layotganlari ham bor.

"Zora bir yaxshi o'zgarishlar bo'lsa endi, qachongacha o'rislarning mehnatini qilamiz. O'zbekistonda ish bo'lsa, shu yerlarda tentirab yurmasmidik. O'z oilang bag'rida yashashga nima yetsin. O'zbekistonda davlat boy bo'lsa ham, xalq kambag'al edi. Xalqqa ish o'rinlari yaratib beradigan, ish haqini, pensiyani oshirib, yaxshi yashashga sharoit qilib beradigan bir odam rahbar bo'lishiga umid qilyapmiz. Eng muhimi esa, yurtimiz tinch bo'lsin", - deydi samarqandlik Alisher.

• Bi-bi-si O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

• ◾TЕLЕGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/2c00djI yoki BBCUZBEK

• ◾Instagram - BBC UZBEK

• ◾Twitter - BBC UZBEK

• ◾Odnoklassniki - BBC UZBEK

• ◾Facebook- BBC UZBEK

• ◾Google+ BBC UZBEK

• ◾YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/2bHZ9nr)

• ◾Skype - bbcuzbekradio

• ◾bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiringan.