Vadim Abramov: "Qatarni engsa bo'ladi"

Aleksandr Geynrix Image copyright UFF

Futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi sobiq Bosh murabbiysining BBC O'zbek Xizmati bilan suhbatida aytishicha, Qatar unga qarshi o'yin oldidan hayajonlanishga arziydigan jamoa emas.

"Hamma narsa o'yinchilarning tayyorgarligiga bog'liq. Har doim xuddi ana shundan kelib chiqib so'z yuritish lozim. Raqibingiz qanday jamoa bo'lishidan qat'inazar, hamisha uchrashuv arafasida g'alaba qozonish imkoniyatlari 50:50 bo'ladi. Umuman olganda, futbolchilarimiz Qatarni bemalol enga olishlari mumkin. So'nggi yillarda namoyish etib kelayotgan g'oliblik ruhiyati hanuz ularni tark etmagan, degan fikrdaman", - deydi Vadim aka Abramov.

O'zbekiston milliy terma jamoasi Qatarga qarshi 2018 yilgi jahon chempionati 3-bosqich saralash bellashuvlari 2-tur uchrashuvini bugun - 6 sentyabr kuni safarda o'tkazadi.

Ikki raqib milliy terma jamoa o'rtasidagi o'yin Toshkent vaqti bilan kech soat 21:00 da boshlanadi va poytaxt Dohadagi qariyb 13000 kishiga mo'ljallangan "Jassim Bin Hamad" stadionida bo'lib o'tadi.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, milliy terma jamoaning murojaatiga ko'ra, Qatarga qarshi 3-bosqich saralash bellashuvlarining 2-tur uchrashuvi "O'zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning yorqin xotirasi uchun 1 daqiqalik sukut bilan boshlanadi".

Bundan tashqari, O'zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari Qatarga qarshi o'yinda qora rangdagi motam bog'ichida maydonga tushadilar.

Bu haqda O'zbekiston Futbol Federatsiyasi o'zining Facebook dagi sahifasida ma'lum qilgan.

78 yoshida hayotdan ko'z yumgan O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov 3 centyabr kuni ona shahri Samarqandda dafn etilgan va uning vafoti munosabati bilan butun mamlakat bo'ylab uch kunlik motam e'lon qilingan.

Image copyright TAYANCH

Eslatib o'tish joiz, bugungi raqibi Qatardan farqli tarzda O'zbekiston milliy terma jamoasi 3-bosqich saralash bellashuvlarini g'alaba bilan boshlagan, 2 sentyabr kuni Toshkentda bo'lib o'tgan 1-tur uchrashuvida Suriyani 1:0 hisobida mag'lub etgan.

Qatar esa, xuddi o'sha kuni safarda o'tkazgan o'yinida Eronga 0:2 hisobida mag'lub bo'lgan.

2018 yilgi jahon chempionati Osiyo qit'asi 3-bosqich saralash bellashuvlari 1-tur uchrashuvlari ortidan, bu ikki raqib milliy terma jamoa to'p suruvchi "A" guruhida hisoblaridagi 3 tadan ochko bilan (to'plar nisbatidagi farqqa qarab) Janubiy Koreya, Eron va O'zbekiston 1-o'rinni bo'lishib turishibdi.

Dohada 5 sentyabr kuni bo'lib o'tgan o'yinoldi rasmiy matbuot anjumanida O'zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi Samvel Babayan "har bir o'yinda g'alaba uchun harakat qilishlari kerak"ligini aytdi.

Qatar Bosh murabbiysi Xose Karreno esa, "Eronga qarshi mag'lubiyatni unutib, O'zbekiston bilan o'yinga e'tibor qaratishlari lozimligi"ni ta'kidladi.

Image copyright UFF

Agar, imkonli bo'lgan ma'lumotlarga tayanilsa, bugungi ikki raqib milliy terma jamoa Osiyo Kubogi, jahon chempionatlari saralash bosqich bellashuvlari va o'rtoqlik uchrashuvlari doirasida bir-birlariga qarshi 11 marta maydonga tushishgan.

Shundan 6 tasida O'zbekiston g'alaba qozongan, ikki uchrashuvda durang natija qayd etilgan va qolgan 3 o'yin jamoaning mag'lubiyati bilan yakunlangan.

Bu g'alabalardan bittasi Vadim Abramov O'zbekiston milliy terma jamoasiga Bosh murabbiylik qilgan yillarga ham to'g'ri kelgan.

Jamoa Vadim Abramov qo'l ostida 2011 yilgi Osiyo Kubogining ochilish o'yinida mezbon Qatarni 2:0 hisobida mag'lub etgan.

"Bu kabi turnirga hozirligingizni o'yinlaringiz namoyish etadi. Bu haqda, hatto, mening izoh berib o'tirishimning ham biror bir hojati yo'q. Milliy terma jamoaning tayyorgarligini o'yin ko'rsatishi lozim".

"Ishonchim komil, murabbiylar ancha vaqtdan buyon bu xususda ish olib borishmoqda. Bu turnir ular mehnatining samarasini ko'rsatishi kerak", - deydi O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq Bosh murabbiysi.

O'z o'rnida eslatib o'tish joiz, bugungi ikki raqib milliy terma jamoaga ham hozircha futbol bo'yicha jahon chempionatining yakuniy bosqich bellashuvlariga chiqish nasib etmagan.

Ustiga ustak, O'zbekistondan farqli tarzda, Qatarning jahon chempionati saralash bosqich bellashuvlaridagi ilk ishtiroki 1978 yilga borib taqaladi.

Agar, FIFAning so'nggi reytingiga qaralsa, O'zbekiston 50-o'rin bilan bugungi raqibi Qatardan 30 pog'ona yuqori mavqe'ni egallab turibdi.

Bundan tashqari, O'zbekiston milliy terma jamoasi o'z tarixida ikki bor futbol bo'yicha jahon chempionati Osiyo qit'asi saralash bellashuvlarining pley-off bosqichiga qadar ko'tarilishga muvaffaq bo'lgan.

Qatar-O'zbekiston uchrashuvini biz bilan birga kuzatib borishni unutmang.

•BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

•TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

•Instagram - BBC UZBEK

•Twitter - BBC UZBEK

•Odnoklassniki - BBC UZBEK

•Facebook - BBC UZBEK

•Google+ - BBC UZBEK

•YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

•Skype - bbcuzbekradio

•bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring