Blog: Tushkunlik davri o'tdimi?

O'zbekiston bayrog'i

Bir hafta oldin jamiyatdagi depressiya haqida yozmoqchi edim. (Qadimgilar bu kasallikni odamdagi "noumid shayton" holati deyishgan.)

Orada O'zbekiston uchun favqulodda hodisa boshlanib qoldi. Vatandoshlardagi, marhum davlat rahbari hayot ekanida uni maqtovchilar va uni yomonlovchilar kampaniyasi avjiga chiqdi. Favqulodda hodisa vaqti "maddohlar" rahbarni duo qilish kampaniyasini boshlab yuborishdi. "Alamzada"lar esa aksini qilishdi. Bu ikki armiya o'z ehtiroslarini ayamay bir-biriga qarshi shaklda ifoda etishdi. Aslida, bu ikki shaklni tug'uvchisi-yaratuvchisi bir - ehtiros edi. Bu ikki bir-biriga qarama-qarshi odamlar aslida bir toifaga mansub. Ehtiroslaridan kelib chiqib boshqa kishining ularga foydasi tekkani yo aksincha zulm ko'rgani bo'yicha baho berishga(maqtash yoki nafratga) oshiqishadi.

Bir shoir, ismi esimda yo'q, yozgan ekan: "Maqtov shirin og'u - shirin o'ldirar". Maqtov albatta, maqtalganni o'ldiradi, jismoniy ma'noda emas, ruhiy ma'noda o'ldiradi, u odam fikr taraqqiyotida shakllanmay qolishi mumkin. Shuningdek, nafrat ham og'u, lekin achchiq og'u, u faqat nafrat qilganning o'zini o'ldiradi. Ya'ni fikr qilishdan to'xtab qoladi. Reallikni ko'rmaydi. Hayotdan uzilib qoladi. Jumladan, maqtalgan ham.

Bu ikki simptom jamiyat kasal ekanini bildiradi. Kasalga esa zulm qilinmaydi, unga har qanday tabib, avvalo, yumshoq muomala qiladi: diagnoz qo'yadi, keyin har xil retsept yozib beradi. Vaqt uzunasida muolaja qilinadi. Tabibning radikal chora qo'llagani kamdan-kam, favqulodda holatlarda bo'ladi.

O'tgan 25 yil natijasida - oxiriga kelib hech kim o'z ishini bajarmay qo'ygani ma'lum bo'ldi. Jurnalist o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, tarixchi o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, konstitutsion sud raisi o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, advokat o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, mullo o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, sudya o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, muxolif partiya o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, hukumatdagi partiya o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, dehqon o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, soliqchi o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, prokuror o'z vazifasini bajarmay qo'ydi, militsiya o'z vazifasini bajarmay qo'ydi va xokazolar o'z vazifasini bajarmay qo'ydi. "Nega, bunday valdirayapsiz. Siz jinni-pinni emasmisiz?" - deysiz, albatta. Tushunaman. Chunki sizu-biz ham fikrlamay qo'ydik, davlatda grajdanlik burchimizni bajarmay qo'ydik.

Ya'ni hech kim mamlakat qonuniga bo'ysunmadi. Qonunni buzdik. Hech kim mehnat qilmadi. Har kungi muammo konservalab qo'yildi, o'yladikki, muammoning yechimi shunda, muammolarni muhrlab, konservalab qo'yishda. Koinot esa, tabiat esa bunday yaratilmagan, bunday iroda etilmagan. Koinot ham, tabiat ham doim harakatda, masalan, fasllar o'z vazifasini bajaradi, quyosh o'z vazifasini bajaradi va hokazo.

Bu birgina O'zbekiston uchun taalluqli emas, albatta. Butun postsovet mamlakatlaridagi muammo bu. Postkommunistlarning sovet postmoderni dunyosi, davri.

Davlat rahbarining o'limi O'zbekistonda postsovet davri tugashidan darak beradi, albatta. Buni asoslashning keragi ham yo'q, fikrlaydigan odam uchun bu, tunday oydin, kunday ravshan ko'rinadi.

Marhum prezident I.A.Karimov (Alloh gunohlarini kechirsin, joyi jannatda bo'lsin. Davlat ishidagi xatolarini ham xayrli qilsin. Saboq qilsin.) fenomeniga hozir baho berish, xulosa qilish sabrsizlikni va xato xulosaga kelishni bildiradi, albatta. Chunki sobiq davlat rahbari jismonan vafot etgan bo'lsa-da, u yaratgan tuzum hali kuchda, lekin endi jonsiz, o'lik. Uning motori, joni sobiq va marhum rahbarning o'zi edi. Qonun esa ishlamasdi.

Marhum, sobiq prezident fenomeni O'zbek davlatchiligi degan g'oyani shakllantirishda edi. U ashaddiy ravishda bu g'oyani amalga oshirish uchun bel bog'ladi: unga bu ishda hech kim xalaqit bermasligini istadi; erkin fikrni, muxolif pozitsiyani ham sindirdi. Paradoks. Sovetcha qarash bilan, radikal chora va qarorlarni qo'lladi.

Marhum prezident ichki dunyosining, intellektining, qarashining shakllanishi sovet modernizmining mahsuli desak adashmaymiz. Va uni sal-pal tushuna boshlaymiz. Sovet intellekti borliqni uch o'lchamli qabul etmaydi. (Bu g'oya sovet modernizmining asosi edi.) Shundan, u intellekt qonun bilan munosabat va muomala qilolmaydi, qonunni mensimaydi.

Davlatchilik mohiyati haqida bizda hali zamonaviy va erkin qarashlar shakllanmagan, kitoblar yozilmadi. Hozircha davlatchilikning tashqi tarafi, fasadi yaratildi. Bu, albatta, marhum prezidentning xizmati.

Biz hozircha davlat rahbari bu, aholini boshqaradigan kishi, deb tushunamiz. Mohiyatan esa, boshqacha bo'lish kerak. Davlat rahbari avvalo, o'zini davlat konstitutsiyasiga muvofiq boshqaradigan, o'z shaxsiy ambitsiyasini, shaxsiy irodasini qonunga bo'ysundirishi kerak. Qisqa va lo'nda aytganda, garant. Konstitutsiya - Qonun har xil qaroru-bahonalar orqali chetlab o'tilmaydi. Shundagina rahbar o'z vazifasini bajarayotgan bo'ladi. Shundagina, jamiyatdagi har bir kishi o'z vazifasini bajaradi. Shundagina davlatchilik madaniyati shakllana boshlaydi. Shundagina kishilarda umidbaxsh ruh paydo bo'ladi, depressiyadan qutuladi. Ichlaridagi pozitiv potentsial yuzaga chiqadi. Fikr taraqqiyotida yuksaladi va xokazo.

Marhum prezident davlatchilikning tashqi ko'rinishi - fasadi qurilishining ashaddiy tarafdori bo'lgan bo'lsa, endigi prezident davlat qonuni-konstitutsiya ishlashining fanatigi bo'lishi kerakday. Demokratik Qonun odam ichidagi koinot ekvivalentiga teng va unga asoslangan bo'ladi, u shunchaki, shaxsiy manfaatga moslab yozilmaydi, to'qilmaydi. Agar shunday bo'lsa, u qonun bo'lmaydi. Qonun hech qachon odam erkini cheklamaydi, aksincha unga hurlik beradi, uning ichidagi pozitivni, potentsialni, umidbash ruhni yuzaga chiqaradi. Qonun jamiyatda shaxslarni tug'diradi. Qonun bemorni davolaydi: jamiyat maqtanchoqlik yoki nafratini to'kib solish bilan shug'ullanmaydi. Aksincha bo'lsa, tushkunlik, depressiya odamni qamrab oladi: bunday kasallardan, bemalol, radikalchi yoki terrorchi yoki qadimchi yoki mutaassib yoki poraxo'r yoki o'g'ri yoki byurokrat yasaladi.

Yangi rahbar eski rahbarning siyosatini davom ettiraman desa, u avvalo davlatchilik shakllanishiga zarar keltirgan bo'ladi. Chunki eski boshliq o'z missiyasini bajarib bo'ldi. Fasadni qurdi, endi bino ichini ta'mir qilish kerak bo'lyapti.

Marhum prezident davriga shu davr ichidan turib baho berish, menimcha, johillik. Agar absolyut nuqtada turib-yuksak ideallarga asoslanib fikr bildirsam ham, bu-da nodonlik bo'ladi. Vaqt o'tib, bu davr tarixga aylanganda, fikrlovchi har qanday odam xolis bahosini beradi.

"Islohotlar islohot uchun emas, odam uchun" qarashi meningcha o'z vazifasini bajarib bo'ldi. Endigi islohot konstitutsiya ishlashi uchun va Davlat Qomusining shakllanishi nazariy ham amaliy jihatdan yangi bosqichga chiqishi uchun bo'lishi kerakday. Qomus amalda bo'lsagina, ishlasa, jamiyatdagi har bir kishi o'z vazifasini bajaradi. Ichidagi pozitiv tashqariga chiqadi. Omma shaxsga aylanadi. Hech kim hech kim tomonidan boshqarilmaydi, aksincha har bir kishi o'zini o'zi boshqaradi, bu grajdanlik jamiyati degani. Bu, marhum va sobiq prezidentning "kuchli davlatdan kuchli grajdanlik jamiyatiga o'tish"i deb aytgani.

Fasadga haddan tashqari e'tibor berib qo'yganimizdan maqsadni, orientirni ham yo'qotib qo'ydik. Orientir esa davlat qomusiga amal qilish bilan topib olinadi.

Yuqorida yozilgan narsalar dunyo uchun primitiv fikrga aylanib bo'lgan. Qomusiga amal qilish ular uchun oddiy kundalik holat. Taraqqiyparvar mamlakatlar qonunni buzishni jinoyat deb biladilar, vatanga, odamzotga xiyonat deb biladilar. Bu tushuncha ularda shakllanib bo'lgan ham.

Bir hafta oldin jamiyatdagi depressiya haqida yozmoqchi edim. (Qadimgilar bu kasallikni odamdagi "noumid shayton" holati deyishgan.) Maqola hafta voqeasi natijasida boshqa o'zanga burilib ketdi. Ammo shuni yaxshi bilamanki, "noumid shayton" holatidan faqat qonunga amal qilish bilangina qutulib chiqish mumkin. Orientirni topib olish mumkin.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yokiBBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook - BBC UZBEK

Google+ - BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring